O'zbekistonning Finlyandiyadagi faxriy konsuli Alisher Jo'rayev hamda “Keskisuomalainen” gazetasi xorijiy yangiliklar muxbiri Yan Markus va Marko Kauko “O'zbekipaksanoat” uyushmasiga tashrif buyurdi.

Dastlab ularga O'zbekistonda mavjud 11 xil turdagi tut navlaridan iborat bo'lgan tutzor ko'rsatilib, ularning o'ziga xos xususiyatlari tushuntirildi. 

Shundan so'ng xorijiy muxbirlar milliy ipak mahsulotlari ko'rgazmasi — shourumni ko'zdan kechirdi.

— Pillachilik 2000 yillik tarixga ega bo'lib, u shu darajada mukammal sohaki, undan hech qanday chiqindi chiqmaydi va dunyoda eksport bo'yicha O'zbekiston Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi o'rinda turadi, —  dedi Uyushma raisi Bahrom Sharipov. — Yurtimizda bu soha rivoji uchun 56 ming gektar yer tekinga foydalanish uchun ajratilgan bo'lib, unda 1 millionga yaqin aholi doimiy va mavsumiy ish bilan band. Sohada 90 foiz chekka hududlarda istiqomat qiluvchi qishloq ayollar ishlashadi. Pilla bu faqat mato degani emas, undan  jarrohlik amaliyotida, kosmetologiyada, tibbiyotda ham keng qo'llaniladi. Shuningdek, o'q o'tkazmaydigan bronjiletlar, harbiy kiyimlar, parashyutlar, palatkalar ham aynan shu pilladan yaratiladi.

Uyushmada 76 ta korxonalar faoliyat yuritib, ularning barchasi xususiy sektorga tegishli ekani, xususan, shundan 20 dan ziyodrog'ida xorijiy investorlar faoliyat ko'rsatishi aytib o'tildi, deb xabar beradi uyushma matbuot xizmati 

O'zbek ipagidan tayorlangan maxsulotlarga bugun jahon bozorida  talab kundan kun oshib bormoqda. Bu o'z navbatida xorijlik investorlarning qiziqishiga  sabab bo'ladi. Xorijdagi elchixona va konsullarimiz  investorlar va o'zbekistonlik tadbirkorlar o'rtasida ko'prik bo'lib xizmat qilayotgan bo'lsa, xorijiy OAVlar esa ishonchni mustahkamlovchi tayanch sanaladi. “Keskisuomalainen” nashri ham Finlyandiyada eng nufuzli axborot vositasi  hisoblanib, O'zbekistonda pillachilik va ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar borasida maxsus maqola tayyorlash orqali ikki mamlakat aloqalarini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.