Kaminaning insholari mushtariylarga yoqqan-yoqmagani qorongʻu ekanini eʼtirof etgan holda, mehribon muallimlarim oʻrgatgan tartibu tamoyillar, usulu uslublar ila qogʻoz qoralash orqali oʻquvchilarga shaxsiy mulohazalarni qiyosiy dalillar negizida yetkazishning oʻzi bir baxt ekanini alohida taʼkidlash joiz.
Yettidan biri, toʻrtdan biri, toʻqqizdan biri, uchdan biri...
Qanaqa raqamlar va ular nelarni anglatishi xususida bosh ham qotirmang, ajablanishga vaqt ham sarflamang. Bu sonlar keyingi oylarda kuzatilgan izchil voqelikning arifmetik formulasidir. Quyida ushbu formula magʻzini jurnalistik talqinda chaqishga harakat qilamiz.
Baridan biri borliq bilan bevosita bogʻliq raqamlar “tilga kirguncha” endigi bayon etiladiganlar mutlaqo xususiy fikr ekanligini eslatish oʻrinli. Biroq undagi ayrim solishtirmalar internet tarmogʻi yoxud olimlar tadqiqotlaridan olingani ayni haqiqat.
Ortda qolgan besh yil Harakatlar strategiyasi asosida faoliyat koʻrsatgan boʻlsak, galdagi besh yillik turmushimiz uning tadrijiy davomi sanalgan Taraqqiyot strategiyasiga qurilishini eshigandirsiz.
Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi esa yettida ustuvor yoʻnalishdan iborat boʻlib, SHUNDAN BIRI iqlim oʻzgarishi va ekologiya, radikalizm, ekstremizm va terrorizm, odam savdosi kabi umumbashariy muammolarga yechim topish dolzarb masala boʻlib qolayotganidir.
Darrov savol tugʻiladi: nega ekologiya juda yomon xatar, inson oʻz qoʻli bilan amalga oshiradigan terrorizm yangligʻ balo qatoriga qoʻshildi? Yanglish emas, albatta. Aksincha, ong orqali oqibatini oldindan ilgʻay olish, ilmiy idrok etish mahsulidir bu.
Iqlim oʻzgarishlari insoniyatga radikalizmdan-da katta xavf tugʻdirmoqda. Ekologik boʻhronlar ektremizmdan-da dahshatliroq fojealarga roʻbaroʻ qilayotir. Tabiiy resurslardan orqa-oldiga qaramay toʻrt tanga topish ilinjida koʻzga koʻrinmas tarzda yaratilayotgan bozorlar oldida odam savdosi “oborot”i qaytimga beriladigan chaqaga oʻxshab qolayapti. Ishlab chiqarish va qurilishning misli koʻrilmagan darajada ildamlashi tufayli atmosferaga tobora koʻproq zaharli moddalarning tashlanishi, atrof-muhitni chiqindilardan asrash, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofazalash kundan kunga qiyinlashayotgani aksiomadir.
Inkor etib boʻlmas haqiqat shuki, iqlim oʻzgarishi va ekologik muammolarni bir mamlakat miqyosida yechish umuman imkonsiz. Undan-da yomoni, chora taraf deya atalmish borliqni boricha, tabiiy holda saqlashga qaysi tomondan yondashsangiz ham sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatlar toʻqnashuvi boʻy koʻrsataveradi. “Falon sement zavodi chang-gazni tutib qolish qurilmasini zamonaviysiga almashtirguncha uch oyga yopilsin!” degan qaror chiqishi bilan oʻsha yerdagi minglab ishchilar oilalari daromadsiz qoladi. Ekologik talab sabab kichik bir sexning vaqtincha yopilishi ham tadbirkorga, ham uning hodimlariga katta zarar keltiradi.
Lekin ish oʻrni ochayapmiz, odamlarga daromad manbai yaratish orqali kambagʻallikni qisqartirishga sezilarli hissa qoʻshayapmiz, degan bahona bilan atrof-muhitga ziyon yetkazish nafaqat amaldagi qonun-qoidalar, balki hech qaysi mantiqqa toʻgʻri kelmaydi. Demak, six ham, kabob ham kuymaydigan yoʻlini axtargan va topganning “pichogʻi moy ustida” boʻlajak endigi davrda.
Siyosatchilar biror xalqaro tashkilot faoliyatiga bevosita baho berishdan avval uning taʼsir doirasi, hududiy qamroviga jiddiy eʼtibor qaratishadi. Shu maʼnoda, yaqin va olisdagi turdosh tuzilmalardan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) hech qaysi qiyosda kam emas, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Boisi mazkur tashkilotga aʼzo davlatlarda 500 milliondan ortiq aholi yashashining oʻzi koʻp narsadan darak beradi. Bir yoni Kavkaz, ikkinchi tomoni Himolay togʻlariga tutash mintaqa ulkan bozorga ega. Iqtisodiy hamkor mamlakatlarning savdo-sarmoya sohalaridagi imkoniyatlari esa juda katta.
Darvoqe, IHTning yaqinda Ashxabodda boʻlib oʻtgan oʻn beshinchi sammitida nutq soʻzlagan davlatimiz rahbari tashkilotning yaqin istiqboldagi faoliyati toʻrtta muhim yoʻnalishga tayanishi maqsadga muvofiqligiga xalqaro hamjamiyatning diqqatini qaratdi. Boʻlib oʻtgan voqelikni chuqurroq yoritishni odat qilgan, Prezidentimiz nutqi zamiridagi kuchli strategiyani anglab yetgan jurnalistlar esa ilgari surilgan takliflarni toʻrt ustunga oʻxshatishgani bejiz emas.
Bunda, avvalo, Oʻzbekiston tashabbuslari “koʻrpani faqat oʻziga tortish”dan yiroq boʻlib, birgalikda rivojlanish maqsadi oldinga oʻringa qoʻyilgani ahamiyatli. Ortiqcha pafos reallik bilan, balandparvoz gaplar amaliy harakatlar bilan almashtirilgani eʼtiborli. Ana shu toʻrt YOʻNALISHDAN BIRI yana borliq bilan bogʻlandi: IHT doirasida ekolog olimlar va ekspertlar ishtirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengashini tuzish taklifi xalqaro hamjamiyatda ijobiy aks-sado berayotir. Boisi ekologik muammolar na davlatlar chegaralarini tan oladi, na mintaqa tanlaydi. Yaqinda Toshkent shahri va poytaxtga tutash viloyatlarga yopirilgan qumli-changli boʻron fikrimiz tasdigʻidir. Undan qoʻshni mamlakatlar fuqarolari ham aziyat chekdi. Mutaxassislar bunday tabiat hodisasi oxirgi 150-yilda ilk bor kuzatilganini taʼkidlashayapti. Yaʼni, pishib yetilgan ekologik muammo – tuproq ustki qatlamining qurib ketishi, yer ostida suvlarining tortilishi tufayli namlik kamayishi, ilgʻab turganingizdek, faqat bizning boshimizga tushgan savdo emas.
Iqlim oʻzgarishi va ekologik muammolar bilan nafaqat barcha mamlakatlar birgalikda, balki oʻsha yurtlardagi har bir fuqaro bir yoqadan bosh chiqarib kurashishi kerak. Ona sayyora degani aslo kitobiy tushuncha emas. Davlatlar oʻz tomonidan ekologik xavfsizlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan qonun va qarorlarni qabul qilishi, odamlar esa unga itoat qilish madaniyatini “yuqtirishi” kerak.
Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj tugʻdirgan toʻqqizta YOʻNALISHDAN BIRI sifatida ekologik muammolarni taʼkidlagani zamirida qanday ulkan maqsad borligi yanada oydinlashadi. Hozirgi vaqtda koʻplab rivojlangan davlatlar tabiatdagi global oʻzgarishlarni hisobga olib, oʻz konstitutsiyasiga ekologiyaga oid maxsus boblar kiritayotgani, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida ham ushbu dolzarb masalaga doir huquqiy normalar ustuvor oʻrin egallashi lozimligi baʼzi yuristlarni ham sergak torttirgan boʻlsa ne ajab!?
Taniqli akademik Akmal Saidovning tadqiqotlarida aytilishicha, bu borada Fransiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning konstitutsiyasi tarkibiy qismi boʻlgan EKOLOGIK XARTIYAlar qiziqish uygʻotmasdan qolmaydi. Konstitutsiyada ekologik huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari mustahkamlab qoʻyilishi davr talabidir.
Yurtimizning Bosh qomusiga maxsus bob kiritilishi, bir soʻz bilan aytganda, obyektiv zarurat hisoblanadi. Har qanday huquqiy tamoyil tabiat qonunlariga mos boʻlgan (yo zid kelmagan) taqdirdagina toʻgʻri deb topilishi ana shu ehtiyojning amaliy ifodasi sanaladi.
Olimlarning fikricha, Asosiy qonunga ekologiyaga oid bob kiritilishi vaqt oʻtishi nuqtayi nazaridan ham juda dolzarb. Yaʼni, ilgari yer va tabiiy resurslar mutlaqo davlat mulki ekanini anglatuvchi huquqiy meʼyorlar qatʼiy oʻrnatilgan boʻlsa, ushbu sohalarga fuqarolarning xususiy mulki tushunchasi kiritilishi mumkin.
Koronavirus balosi elimizga “qadam ranjida” qilganida turmush tarzimizga qanchalik tez oʻzgarishlar kiritib, “COVID19”ga qarshi samarali kurashish uchun huquqiy asos yaratgan qarorlarni qabul qilgan, eng muhimi, ularga qatʼiy rioya etishga oʻrgangan boʻlsak, iqlim oʻzgarishlari va ekologik muammolar oqibatini imkon qadar yengillashtirish uchun ham dastavval atrof-muhitni toza va ozoda asrashning huquqiy maydonini yangilashimiz talab etiladi. Buning uchun esa birinchi navbatda konstitutsiyaga zamon talabiga mos bob kiritish zarur. Mustahkam daraxtning tanasidan shoxlar oʻsib chiqqani va tevarakka soya (kislorod) bergani singari konstitutsiyaning ekologik bobidan oʻsib chiqqan qonunlar boʻhronlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Takror boʻlsa-da aytish joizki, bundan keyin qanday harakat qilmaylik, ekologik oqibatlarni hisobga olmaslikka umuman haqqimiz yoʻq. Bu borada yana Prezident Shavkat Mirziyoyev barchaga oʻrnak-namuna koʻrsatayotir. Kuni kecha Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari ikki mamlakatning hamkorligi uchta muhim yoʻnalishda ayniqsa istiqbolli ekanini taʼkidladi: “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya. Koʻrib turganingizdek, uchta ustuvor SOHADAN BIRI albatta ekologiya bilan bogʻlanyapti. Oʻzbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslarini Koreya Respublikasining zamonaviy texnologiyalari va mutxassislar bilimi bilan oʻzaro uygʻunlashtirish – muvaffaqiyat omili sifatida eʼtirof etilgani ham bejiz emas.
Muxtasar xulosa shuki, ekologik muammolar bilan barcha mamlakatlar va hamma fuqarolar kurashishi kerak. Chunki odamzot bitta osmon ostida yashaydi. Hech kim oʻziga alohida muhit yarata olmaydi. Shunday ekan, ulkan orzu va eng ezgu niyatlar bilan Yangi yil ostonasida turgan ekanmiz, men tevarak-atrofni aslicha asrashga qanday hissa qoʻshdim, deya oʻzimizga oʻzimiz savol beraylik!
Ozod RAJABOV,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza
qilish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi