Baxshichilik  dunyo bilan boʻylashadi 

    Madaniyat 16 Avgust 2023 1212

    Oʻzbek baxshichilik sanʼatining “YUNESKO”ning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritilishi Respublika baxshichilik sanʼati markazi davlat muassasasi xodimlari zimmasiga yanada katta masʼuliyat ham yuklaydi.

    Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Bolalar musiqa va sanʼat maktablari hamda Madaniyat markazlarida faoliyat yuritayotgan “Baxshichilik” sinflari va toʻgaraklarida foydalanish uchun “Baxshichilikka oʻqitish metodikasi” (Baxshichilik maktablarining 1–5 sinf oʻquvchilariga moʻljallangan), “Oʻzbek baxshichilik sanʼati toʻgʻrisida maʼlumotlar”, “Oʻzbekiston baxshilari” kitob albomining II qismi, “Baxshichilik sanʼati dargʻalari” nomli devoriy koʻrgazmali suratlar jamlanmasi tayyorlandi.

    Shuningdek baxshichilik sinfxonasini jihozlash boʻyicha metodik tavsiyalar Madaniyat muassasalariga taqdim etildi. Yoshlarda baxshichilik sanʼati haqida ilk tasavvurni uygʻotish maqsadida maktabgacha taʼlim muassasalari hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida baxshichilik toʻgaraklarini tashkil etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Soha vakillari va taniqli folklorshunos olimlar bilan hamkorlikda respublikamiz hududlarida yashab, ijod etgan baxshilar, oqin va jirovlar ijodini oʻrganish, tadqiq etish maqsadida bir qator ilmiy ekspeditsiyalar olib borilmoqda.

    Baxshichilik yoʻnalishida Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, oʻzaro tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, turli xalqaro anjumanlar, festival va tanlovlar, konsert hamda mahorat darslarini tashkil etish yuzasidan baxshilar, oqin va jirovlar ishtirokida chet ellarga gastrol safarlari tashkil etildi.

    Oʻzbek baxshichilik sanʼati va uning tarixini xorijiy davlatlarga tanitishga xizmat qiluvchi milliy baxshichilik cholgʻu asboblari va sahna liboslari koʻrgazmasini tashkil etish masallariga alohida eʼtibor berilyapti. Mahalliy hokimliklar, joylardagi hunarmandlar uyushmasi bilan hamkorlikda milliy baxshichilik cholgʻu asboblari hamda liboslarini yaratish maqsadida maxsus ustaxona va tikuv sexlari tashkil etish orqali ishlab chiqarilgan maxsulotlar sotuvini yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilgan.

    Shuni ham aytish kerakki, markazdagi “Oltin fond” arxivida baxshilarimizning ijro namunalari saqlanmoqda.

    Markaz veb saytida respublikadagi taniqli baxshilarning individual kataloglari yaratilgani, unda har bir baxshi, oqin va jirovlarga tegishli boʻlgan maʼlumotlar uch tilda (oʻzbek, rus va ingliz) yoritilayotgani yosh baxshilarga mahorat maktabi vazifasini oʻtayapti, deyish mumkin.

    Yoshlar va jamoatchilik oʻrtasida joylarda doston kechasi, ijodiy uchrashuvlar hamda oʻquv-amaliy semenarlar muntazam tashkil etilayotgani kelgusida baxshichilik sanʼati yoʻnalishida “ustoz-shogird” anʼanalarining davomiyligini taʼminlashda muhim omil boʻladi.

    Dildora YOʻLDOSHEVA,

    Respublika baxshichilik sanʼati markazi bosh mutaxassisi