Yakunlangan hafta soʻngida soʻlim Surxonning koʻxna Termizi karnayu surnay, doira sadolari, doʻmbiraning diltortar ovozlari bilan toʻldi. Kuzning odatiy injiqliklari, faraxbaxsh yomgʻirga hamohang jaranglagan baxshi, oqin va jirovlar festivalining tantanasi edi bu.
Festival davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 2-fevraldagi qarori hamda Madaniyat vazirining 2022-yil 10-oktyabrdagi “Baxshichilik sanʼati yoʻnalishida baxshi, oqin va jirov ijrochilarining respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan 27-28-29-oktyabr kunlari Termiz shahridagi sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi.
Baxshichilik va dostonchilik sanati yoʻnalishida ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan olim va mutaxassislar, koʻplab ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan festivalning ochilishida soʻz olganlar baxshichilik sanʼatiga yurtboshimiz tomonidan qaratilayotgan yuksak eʼtibor hamda erishilayotgan yutuqlarni alohida eʼtirof etdilar.
Yurtimizning 70 dan ziyod baxshi, oqin va jirovlarini qamrab olgan tantanali tadbirda folklorshunoslar, folklor etnografik jamoalar ham munosib ishtirok etishdi. Ayniqsa, “Alpomish” dostonidan namoyish etilgan parchalar, baxshichilik sanʼatiga doir sahna koʻrinishlari, folklor etnografik jamoalari laparlari yigʻilganlar eʼtiborini tortdi.
Festival doirasida Termiz shahridagi Arxeologiya muzeyida “Oʻzbekiston baxshichilik sanʼatining shakllanishi, taraqqiyoti va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Termiz shahridagi Baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab internatida mahorat darslari oʻtilib, ishtirokchilar maktabdagi shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
— Yoshlarni oʻz yurtiga, xalqimizning uzoq yillik qadriyatlariga muhabbat ruhida tarbiyalash, ularni adolat va insoniylikka chorlash, qolaversa, xalq ogʻzaki ijodining asl mohiyatiga yetishlarida baxshichilik sanʼati va mana shunday festivallarning taʼsiri beqiyos, — deydi Respublika baxshichilik sanʼati markazi direktori Umid Norboyev. — Shu maʼnoda ham Prezidentimiz baxshichilik sanʼatini rivojlantirishga yuksak eʼtibor qaratayotgani bejiz emas. Kuni kecha yakunlangan navbatdagi festivalga ham katta tayyorgarlik koʻrildi. 7 yoshdan 70 yoshgacha qurʼa tashlash yoʻli bilan tanlovga kelgan 70 dan ziyod ishtirokchilar orasidan gʻoliblarni aniqlash jarayoni oson kechmadi, albatta. Zero, har bir ishtirokchi oʻziga xos. Har bir baxshi, oqin va jirov ijrochisi bor mahorati, salohiyatini yuqori darajada namoyon etishga harakat qildi. Soha olimlari va mutaxassislaridan iborat 7 nafar hakamlar hayʼati ishtirokchilarni xolisona baholab bordi.
Yakuniy natijalar Azamat Elmurodov, (Qoraqalpogʻiston Respublikasi), Ziyodullo Axmedov (Qashqadaryo viloyati), Ravshan Mamatmurodov (Surxondaryo viloyati)larning festival birinchiligiga sazovor boʻlganini koʻrsatdi. lat bersa, “Eng yaxshi doston ijrochisi” (Oʻral Rahimov, Surxondaryo viloyati), “Eng yaxshi terma ijrochisi” (Bekjon Rahimov, Qashqadaryo viloyati), “Eng yaxshi jirov” (Adilbek Baxtibayev, Qoraqalpogʻiston respublikasi), “Eng yaxshi ayol baxshi” (Miyassar Jumatayeva, Qoraqalpogʻiston) kabi nominatsiyalar chinakamiga oʻz egalarini topdi, deyish mumkin.
— Bizlarda asli qiz baxshilar juda koʻp, quvonarlisi, kundan-kunga tobora ularning safi kengayib boryapti, — deydi qoraqalpogʻistonlik baxshi Sapargul Bashirova. — 20 yildan ziyod vaqt mobaynidagi ish tajribamga tayanib, musiqa maktabida yosh qizlarga baxshichilikni oʻrgatib kelyapman. Zero, xalqimiz oʻtkazadigan har qanday marosimda baxshi qizlarimizning oʻz oʻrni bor.
Festivalda Surxondaryo viloyati jamoasi 1-, Xorazm viloyati jamoasi 2-, Qashqadaryo viloyati jamoasi 3-oʻringa loyiq koʻrildi. Festivalning oliy mukofoti — Gran pri — Qoraqalpogʻiston respublikasi jamoasiga nasib etdi.
Festival nizomiga koʻra, baxshilar, oqinlar va jirov ijrochilari turli nominatsiyalar, alohida, jamoaviy va oliy oʻrin bilan Madaniyat vazirligining qimmatbaho esdalik sovgʻalari va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Termiz shahrida jarang sochgan qadimiy navolarimiz, boqiy dostonlarimiz sadosi baxshichilik boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro festivallarga mustahkam poydevor vazifasini oʻtagani aniq. Zero, har qanday ulkan yutuq sari kichik muvaffaqiyatlardan boriladi. Muvaffaqiyatlar maydoni boʻlib esa, mana shunday tadbiru festivallar xizmat qiladi.
Munojat Moʻminova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri