Madaniyat va turizm vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, anjumanda mamlakatimizda xalq og‘zaki ijodining go‘zal va betakror namunasi bo‘lgan baxshichilik sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi. Xususan, Prezidentimizning bu borada qabul qilingan farmon va qarorlari soha ravnaqiga yangi hayot bag‘ishladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Konferensiya ishtirokchilari bu boradagi ishlarni yana-da takomillashtirish, “ustoz-shogird” anʼanasining ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Taʼkidlash kerakki, yurtimizda baxshi-shoir va oqinlar o‘rtasida xalqaro ko‘rik-tanlovlar muntazam tashkil etib kelinmoqda, taʼlim muassalarida baxshichilik sanʼati sirlarini o‘qitish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida ham amaliy ishlar amalga oshirilyapti.
YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi tomonidan Baxshichilik sanʼatini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani amalga oshirilayotgan ezgu saʼy-harakatlarning xalqaro miqyosdagi eʼtirofi sifatida barchamizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Umuman, baxshichilik sanʼati yurtimizdagi turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish va hamjihatlik muhitini yana-da mustahkamlash, yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilayapti.