“Quyma quloq” baxshilarning sardori

    Madaniyat 24 Iyul 2023 1308

    Oʻzbekiston xalq baxshisi Chori baxshi Umirov 85 yoshda

    Joriy yil mart oyida Guliston shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida ushbu boqiy sanʼatni asrab-avaylash kerakligi, taniqli baxshilarning mahorat maktablari ahamiyatini yanada chuqur anglab yetdik. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 26-apreldagi “Baxshichilik va dostonchilik sanʼatini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻzbek baxshichilik sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshgan atoqli baxshi-shoirlarning xotira kechalarini tashkil etish, ularning faoliyatini keng targʻib qilish vazifalari belgilab qoʻyilgan.

    Yaqinda mazkur qaror ijrosi doirasida Respublika baxshichilik sanʼati markazi tomonidan Chori baxshi Umirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan Umirovlar sulolasiga oid 60 dan ortiq eksponatlar joylashtirilgan muzeyning ochilishi hamda Qodir baxshi Rahimovning “Saylanma” 1–2 kitoblari taqdimoti tashkil etildi. Tadbirga yurtmizning turli hududlaridan 100 nafarga yaqin baxshi, oqin va jirov ijrochilari, professor olimlar, soha vakillari tashrif buyurdi.

    Sherobod dostonchilik maktabining jonkuyarlaridan biri, tinib-tinchimas ustoz Chori baxshi Umirov ijro etgan dostonlardan parchalar, xorazm baxshichilik vakillarining shoʻx termalari, folklor jamoalari va xonandalarning chiqishlari yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

    Iyul oyi boshlarida Baxshichilik sanʼati markazi boʻlim boshligʻi Baxtiyor AHMEDOV tahririyatimizga Chori baxshi Umirovning hayot va ijod yoʻli haqida maqola yuborgan edi. Beshafqat oʻlim bugun uni oramizdan olib ketdi. Baxtiyor Ahmedovning taniqli baxshi haqidagi samimiyatga yoʻgʻrilgan maqolasini eʼlon qilishga qaror qildik.

    ***

    Baxshilar xalq tarixi, hayoti, mehnati, kurashi va orzu-umidlarining bayonchi kuychilaridir. Shuning uchun ham Vatan madhi, vatanparvarlik mavzusi xalq ogʻzaki ijodida, baxshi shoirlar repertuarida yetakchi oʻrin egallaydi.

    Mustaqillik tufayli xalq baxshilari ona Vatan — Oʻzbekistonni yuksak extirom bilan baralla kuylashga oʻtdi. Yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlarni, xalq jasorati va matonatini tarix va qadriyatlarini zavqlanib kuylashga imkon tugʻildi.

    Xalq ogʻzaki ijodining koʻplab jamoalari orasida esa dostonchilik alohida oʻrin tutadi. Baxshi shoir qayerda tugʻilib, oʻsib-ulgʻayishi-yu yashashiga qarab emas, ustoz-shogirdlik anʼanasi, ustozining repertuarini aytish usullarini, soz chertish yoʻllarini oʻrganishi, oʻzlashtirishiga koʻra dostonchilik maktabi davomchisi boʻladi.

    Shu nuqtayi nazardan, Chori baxshi Umirov Sherobod dostonchilik maktabining yirik vakili hisoblanadi. Ushbu maktabning asoschisi esa Sherna nomi bilan mashhur Shernazar Berdinazar oʻgʻlidir. Chori baxshining otasi Umir shoir Safarov oʻz vaqtida Shernazar Berdinazar oʻgʻlining shogirdi boʻlgan. Chori baxshi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan ulugʻ allomalar, tarixiy shaxslar haqida rivoyatu afsonalar, xususan, “Amir Temurning tugʻilishi va yoshligi”, “Ulugʻ Sohibqiron” dostonlarini yaratdi.

    Yetti ajdodi baxshi oʻtgan, nevara, chevaralariga dostonchilik sirlarini oʻrgatib kelayotgan Chori baxshi Umirov 1938-yil 28-fevral kuni Qashqadaryoning Dehqonobodiga qarashli “Yetimquduq” qishlogʻida, baxshi shoir oilasida dunyoga kelgan. Qoʻngʻirot urugʻining “Qoʻshtamgʻali” dahasi oʻtroqi shohidan boʻlgan. Otasi Umir shoir Safar oʻgʻli ham Qashqadaryo, Surxondaryodan tashqari, Tojikiston, Turkmanistonda dong taratgan yetuk baxshi boʻlgan.

    Baxshichilik avloddan-avlodga oʻtar ekan, Umir baxshining oʻgʻillari Suvon, Qora va Chori Umirovlar ham bu noyob sanʼatdan bebahra qolmagan. Otasi vafotidan soʻng Dehqonoboddan Surxondaryoga, Muzrabot tumaniga koʻchib kelishgan.

    Yetuk baxshi, hozirgi oʻzbek dostonchiligining keksa vakillaridan biri Chori baxshi Umirov elda oʻz ijodi bilan tanildi. U qator terma, dostonlar yaratgan. Repertuaridagi asarlari sehrli soz ohanglari, yangroq ovozi uchun respublika va horijda minglab muxlislar eʼtiborini tortdi.

    Chori baxshi otasidan oʻrgangan “Alpomish”, “Bolhuvon”, “Oyparcha”, “Avazxon”, “Sanamgavhar”, “Malla savdogar” dostonlarini mahorat bilan ijro etgan. Uning oʻzidan esa 21 ta doston yozib olingan. Baxshining oʻzbek dostonchiligidagi ulkan xizmatlari oʻn sakkiz ming misradan iborat. “Tarkibadahshon”, “Gʻoyibnoma yoki Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonlari ayniqsa mashhur. Baxshining “Sherali” dostoni 2019-yil Termizning “Surxon-nashr” nashriyotida chop etildi.

    Chori baxshining termalari baʼzan hazil, baʼzan alamli, baʼzan hayotning oʻtkinchiligini ifodalaydi. “Oʻtdi-da”, “Zoʻr baxshilar qoni”, “Mening vafot etgan kunim” kabi termalarni aytish uchun baxshida katta kuch, togʻdek bardosh boʻlishi zarur.

    Baxshilar haqida gap ketganda, “Quyma quloq” degan soʻz ishlatiladi. Bu bir eshitganini yodda saqlab qolish qobiliyatini anglatadi. Chori Umirov ham “Quyma quloq” baxshilardan biri.

    Ayni paytda Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi “Mehrigiyoh” mahallasida istiqomat qilayotgan Chori baxshi yoshligidanoq otasiga ergashib, 10–12 yoshlarida doʻmbira chertib, termalar kuylay boshlagan. 15–16 yoshlarida terma va dostonlarni mustaqil ayta olgan. Ayni paytda repertuarida 30 dan ortiq doston va 100 dan ortiq terma boʻlib, ularning aksariyati “Ustoz baxshining duosi” nomli toʻplamda nashr etilgan. “Doʻmbiram”, “Qolar”, “Keltirar”, “Boʻlar”, “Ne bilsin”, “Suluv koʻrsatar”, “Surxondaryom” kabi termalar va “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”, “Gʻoyibnoma”, “Alpomish”, “Temurbekning tugʻilishi”, “Buyuk Amir Temur” kabi qator dostonlar Chori baxshi repertuarini bezab kelyapti.

    Baxshi, shuningdek, oʻz ustida ishlaydigan, baxshichilik sanʼatini eʼzozlaydigan, uning davomiyligini taʼminlash ishtiyoqida tinimsiz mehnat qiladigan ijodkor, shoir hamdir. U asrlar osha davom etib kelayotgan bu sanʼatni kelajak avlodlarga ham yetkazishni maqsad qilgan. Uning 1978-yil respublika radiosida baxshilar haqidagi eshittirishlar, 1979-yilda respublika televideniyesida baxshilarning ilk chiqishlarini tashkillashtirishda tashabbuskor boʻlgani ham maqsadining xayrli ekanidan dalolatdir.

    Umirovlar baxshichilik sulolasini davom ettirib kelayotgan Chori baxshi koʻplab shogirdlar yetishtirib, ularni ham baxshichilik sanʼatiga olib kirdi. Shogirdlari Abdimurod baxshi Rahimov, Rasul baxshi Umirov, Shodmon baxshi Xoʻjamberdiyev “Oʻzbekiston halq baxshisi” faxriy unvonini olgan.

    Xalqimizning anʼanaviy baxshichilik sanʼatini qayta tiklash va keng targʻib etish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga ushbu noyob sanʼat sirlarini oʻrgatishda, kelajak avlodlarga oʻzi yaratgan dostonlarni meros qoldirish yoʻlida qilgan xizmatlari uchun 2017-yilda davlatimiz tomonidan Chori baxshi Umirovga “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni berildi. Bugun 55 yildan buyon oʻzining sehrli ovozi va sozi bilan el olqishiga sazovor boʻlgan baxshi sifatida Sherobod dostonchilik maktabiga mansub yosh baxshilarga ustozlik qilib kelmoqda.

    Baxtiyor AHMEDOV