Inson qadrini ulugʻlash, yurtdoshlarimiz uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida bir qancha yangiliklar qoʻllanilmoqda. Ularning ayrimlari, allaqachon amaliyotda qoʻllanilyapti ham. Bunday yangilik va oʻzgarishlar qurilish-bunyodkorlik sohasida ham talaygina.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2023-yilning 1-yanvaridan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan taʼlim muassasalari, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, sport inshootlari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan koʻp xonadonli uy-joylar, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari — barcha obyektlarni loyihalashtirish hamda ishga tushirishda, issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etilmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish koʻzda tutilmagan obyektlarning esa loyiha hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilmaydi. Bu – qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilmaydi, degani.
Shuningdek, joriy yil 16-yanvaridan eʼtiboran Shaharsozlik norma va qoidalarining majburiy xarakterga oʻtkazilgan ayrim talablari ham joriy etildi. Yaʼni, endilikda barcha turdagi jamoat binolari va 3 qavatdan yuqori boʻlgan turar joylar yoʻlaklari, zinalari, lift oldi maydonchalari hamda bino atrofini yoritishda harakat sezuvchi qurilmalarni qoʻllash zarurligi belgilangan. Buning natijasida yoritishga sarflanadigan elektr energiyasi 50 foizgacha kamayadi.
Bundan tashqari, koʻp xonadonli uylarning tashqaridan kirish eshiklari ichki tomonidan issiqlik izolyatsiyalangan boʻlishi hamda germetik-berk yopilishini taʼminlash kerak. Uylarning kirish yoʻlaklaridagi eshiklarga oʻzi yopiluvchi mexanizmlar hamda berk yopilishini taʼminlovchi germetik vositalarni oʻrnatish orqali binodagi issiqlik manbaini saqlab qolishga erishish mumkin.
Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlarida issiqlik izolyatsion materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish kerak. Bunda samarali issiqlik izolyatsion materiallari, masalan, bazalt plitalaridan foydalanish talab etiladi.
Binolarga tashqaridan kirishda uzunligi 1,2 metrdan kam boʻlmagan, nogironlar uylarida esa uzunligi 1,6 metr, eni 2,2 metrdan kam boʻlmagan tamburlar qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Shu bilan birga, binolarda avtomatik ravishda boshqariladigan, isitish, shamollatish va konditsiyalashtirish tizimlarini, energiya samaradorligi yuqori boʻlgan isitish-shamollatish, sovutish uskunalarini qoʻllash, konditsiyalashtirish uchun tabiiy sovuqlik manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiy jihatdan samarador ikkilamchi va qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish keltirib oʻtilgan.
Darhaqiqat, bugun barcha sohalar rivojida yangicha yondashuvlar talab etilmoqda. Yurtimizda bunyodkorlik ishlari tobora kengayib borayotganini inobatga olsak, qurilishdagi bu kabi yangiliklar ahamiyati yanada oshadi. Ayniqsa, bu mavsum kuzatilgan anomal sovuq ob-havo sharoitida buni barchamiz oʻz tanamizda yaxshi his qildik. Bu holatga yaqinda Prezidentimiz topshirigʻiga asosan Bosh vazir raisligida mamlakatimizda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida alohida toʻxtalib oʻtildi. Yaʼni, bugungi kunda respublikamiz boʻyicha jami 40 mingta koʻp qavatli uy-joy mavjud boʻlsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgani va ularni isitish oʻziga xos muammolarni keltirib chiqarayotgani qayd etildi. Shuning uchun ushbu uylarning tashqi qismini bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʻtkazish masalasi muhokama qilindi.
Hozir butun dunyoda bino va inshootlar innovatsion, yangi turdagi qurilish materiallarini qoʻllash orqali sifatli, har tomonlama qulay, energiyatejamkor tarzda bunyod etilayotgani barchamizga yaxshi ayon. Xususan, rivojlangan davlatlarda soʻnggi yillarda gazobeton, bazalt armaturasi, bazalt toshi va shisha momigʻidan issiqlik saqlovchi materiallar sifatida foydalanilyapti. Bu — davr talabi.
Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ham bu borada dunyoning ilgʻor tajribalari qoʻllanilmoqda. Respublikamizda issiqlik saqlovchi materialning uch xili, yaʼni bazalt toshi, shisha momigʻi va penopleks turlaridan keng foydalaniladi.
— Chindan ham, dunyo qurilish sanoati, xususan, Oʻzbekiston bozorida ushbu qurilish materiallariga boʻlgan talab yildan yilga oshib bormoqda, — deydi “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruv raisi oʻrinbosari Baxtiyor Boboqulov. — Raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, 2016-yilda mamlakatimizda 17 ming tonna shunday qurilish ashayolari ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2022-yilga kelib bu koʻrsatkich 43 ming tonnani tashkil etdi. Yurtimiz ishbilarmonlari tomonidan oʻtgan yili, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga jami 12,4 million dollarlik issiqlik saqlovchi qurilish materiallari eksport qilindi. Umuman, ayni paytda yurtimizda ushbu yoʻnalishda 10 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi.
Yurtimizda bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar tayyorlash ancha ommalashgan. Yaʼni, mazkur yoʻnalishda uchta korxona mavjud boʻlsa, eng yirigi Jizzax viloyatida joylashgan boʻlib, uning yillik quvvati 35 ming tonnaga teng.
Nafaqat mahalliy, balki jahon bozorini energiyatejamkor bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar bilan taʼminlash, ushbu yoʻnalishda yangi sanoat korxonalarini barpo etish maqsadida koʻplab yirik investitsiya loyihalari roʻyobga chiqarilmoqda. Misol uchun, 2023–2024-yillarda uyushma masʼulligida Andijon, Navoiy va Jizzax viloyatlarida bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 63,1 million dollarlik uchta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, yiliga 95 ming tonna qoʻshimcha quvvat yaratilishi reja qilingan. Xususan, Andijon viloyatida “Everest Metal Grand” MCHJ tomonidan yiliga 20 ming tonna bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida yillik quvvati 30 ming tonna boʻlgan “Petrowool” MCHJ investitsiya loyihasi amalga oshirilsa, Jizzax viloyatida “Basalt Wool” MCHJ tomonidan qoʻshimcha yiliga 45 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Pirovardida, investitsiya yoʻnalishidagi mazkur loyihalar joriy yilning oʻzida respublikamizda bazalt toshidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqarish quvvatini 178 ming tonnaga yetkazishga imkon beradi.
Mutaxassislar bazalt plitalari issiqlikni tejash bilan birga, ovoz oʻtkazmasligi, yongʻindan himoya qilishini alohida taʼkidlashadi. Mahsulot alohida qayta ishlashni talab etmaydi, kimyoviy bardoshli va uzoq vaqt davomida foydalanishga moʻljallangan.
Ijtimoiy va sanoat obyektlari, koʻp qavatli turar va noturar joylar qurilishida bazalt asosidagi issiqlik saqlovchi qurilish materiallaridan foydalanish eng istiqbolli texnologiyalardan biri boʻlib qolayotgani unga boʻlgan talabni oshirmoqda.
Ushbu qurilish ashyosining issiqlik oʻtkazuvchanligining minimal koeffitsiyentlari yopiq struktura qalinligini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Taqqoslash uchun maʼlumot: 50 millimetr qalinlikdagi plita oʻzining issiqlik saqlovchi qobiliyatiga koʻra, 180 millimetrdan ortiq qaragʻay yoki archa yogʻochlari, 300 millimetrga yaqin gazabeton, 680 millimetrlik boʻsh gʻisht yoki 2500 milliyetrlik temir beton oʻrnini bosadi.
Namlikni yutish deyarli nolga teng. Yaʼni, unga tushgan suv ichkariga kira olmaydi. Natijada binoda issiqlik saqlash xususiyati oʻzgarmaydi. Bazalt tolasi, zichligidan qatʼi nazar, mukammal bugʻ oʻtkazuvchan xususiyatiga ega. Havodagi namlik issiqlik saqlash qatlamiga uning ichida kondensat hosil qilmasdan osonlikcha kirib boradi.
Bundan tashqari, u yonmaydi va ochiq olov yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Qolaversa, ushbu issiqlik saqlovchi plita devorlar boʻylab harakatlanadigan vertikal tovush toʻlqinlarini “yutadi”. Xonani tashqi shovqindan yaxshi himoya qiladi. Tovush toʻlqinlarini sindirib, aks sado berish vaqtini qisqartiradi.
Yana bir eʼtiborga molik jihati, u ekologik toza, mogʻor va bakteriyalarga chidamli mahsulot. Uni pollar va bino qavatlari oʻrtasi, bino fasadlari, ventilyatsiya kanallari, devorlar, xonalar oʻrtalari, sovutish moslamalari devorlari, sendvich panellardagi issiqlik izolyatsiyasi uchun qoʻllash mumkin.
Yuqorida keltirilgan holat va raqamlardan koʻrinadiki, mamlakatimizda bugun zamonaviy, tejamkor hamda qulay qurilish ashyolariga ehtiyoj kam emas. Asosiysi, ularni ishlab chiqarish imkoniyati ham yoʻq emas. Zamonga mos ish olib borish esa taklif va talab mutanosibligini taʼminlaydi.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda qurilish materiallari sanoati rivojlanish uchun juda yuqori salohiyatga ega. Sanoatning oʻsishi va rivojlanishini qoʻllab-quvvatlovchi omillar qatorida esa uy-joy qurilishi kengayishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri