Behzod HOSHIMOV: Bizda Vatan bitta

    Ko'pchilik Amerika orzusi sabab okean ortiga keladi, ammo mening maqsadim ilm olish va shu yo'nalishda faoliyatimni davom ettirish edi.

    Zamondoshlarimiz orasida Behzod Hoshimov nomini biladiganlar oz emas. Ayniqsa, yoshlarning ko'pi bu tirishqoq, tinib-tinchimaydigan tengdoshlariga havas qiladi. Ayrimlar uni mashhur tadbirkor, deb hisoblasa, boshqalar haqiqiy kasbi iqtisodchi ekanini biladi. Uning iqtisodiy mavzulardagi postlari, bloglarini o'qib boradiganlar ham talaygina. Iqtisodiyot sohasida ilm yo'lini tanlagan bu yigit hozir 30 yoshda va AQSHdagi Viskonsin universitetida talabalarga tadbirkorlik yo'nalishidan dars beradi. Bu yil Nyu-York universitetida professor lavozimida ish boshlaydi.

    O'ziga to'q oilada katta bo'lgan insonlarning hammasi ham o'z mehnatiga tayanavermaydi. Behzodda esa bari aksincha va shuning uchun bo'lsa kerak, bugun u nafaqat mamlakatimiz, balki jahon miqyosida taniqli iqtisodchilar qatorida turadi.

    Behzod Hoshimov Markaziy Osiyo ishlari bo'yicha Oksus jamiyati, Amerika Iqtisodchilar assotsiatsiyasi va AQSHdagi Strategik menejment jamiyati a'zosi. AQSH Patent va Tovar belgilari idorasidan iqtisodiy model patenti sohibi, Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasining (IEO) hakamlar hay'ati tarkibidan o'rin olgan. Yurtimizdagi “Yuksalish” harakati tomonidan tuzilgan O'zbekiston blogerlari va inflyuenserlarining 30 talik ro'yxatiga kiritilgan, Yoshlar ishlari agentligining “100 kitob” loyihasi ekspertlar guruhi a'zosi.

    Qahramonimizning shu vaqtgacha bosib o'tgan yo'li, matematika sohasidan birdaniga iqtisodiyotga o'tishi, jahonga mashhur kitob tarjimasiga muharrirligi va Prezidentimiz bilan uchrashuvda ko'targan masalalari haqida gapirib berar ekan, u dunyoning qaysi burchagida yashamasin, doim O'zbekiston taraqqiyoti uchun jon kuydirishi shundoq sezilib turadi.

    Savollarning javobi qaerda?

    — Bolalikdan o'zim bilmagan holda iqtisodiy masalalar haqida ko'p o'ylardim. Nima uchun bizning davlat kambag'al, degan savol bilan katta bo'lganman, — deydi B.Hoshimov. — Javobni atrofdan, odamlar orasidan izlardim. YUrtimizda bu savol shunchalik dolzarbki, unga har bir insonning o'z mantig'i bor. Negadir ko'pchilik bu muammoga mentalitetni sabab qilib ko'rsatardi. Menimcha, bu millatni yomon ko'rish bilan barobar. Ya'ni, o'zbekistonliklar boy yashashga munosib emas yoki qodir emas, degan fikr meni achchiqlantiradi. Bu o'ta nojoiz g'oya.

    Bir misol keltiraman. Men oliy o'quv yurtining bakalavr bosqichini Singapurdagi Nanyan texnologiyalar universitetida matematika yo'nalishida tamomladim. Bolalikdan matematikaga qiziqishim va qobiliyatim bo'lgan. O'qish davomida meni doim qiynagan savollarim yanada ortdi. Gap shundaki, Singapur boy, farovon mamlakat va o'zbekistonliklar bilan singapurliklarning farqi nimada, deb o'ylab, jo'yali javob topolmasdim. O'zbekistonliklar ham singapurliklar singari mehnatkash, uddaburon, tadbirkorlikni yaxshi ko'radi, yolg'on gapirmaydi va boshqa ko'plab ijobiy xususiyatlar bor jamiyatimizda. Va bu jamiyat kambag'al yashashga munosib, deyish men uchun o'ta mantiqsizlik bo'lib tuyuladi.

    Qolaversa, Singapur atrofidagi boshqa davlatlarda ham shunday farq ko'zga tashlanadi. YA'ni, odamlari bir bo'la turib, yashash tarzi turlicha va ular Singapurdan kambag'alroq. Xo'sh, ayrim davlatlar boyroq, boshqalari kambag'alroq yashashining asosiy farqi nimada? Ana shu savollarga javob izlab, iqtisodiy kitoblar o'qiy boshladim va magistratura tahsilini ham shu yo'nalishda davom ettirishga qaror qildim. Undan oldin bir muddat O'zbekistonda ishladim. Toshkentdagi INHA universitetida talabalarga oliy matematikadan dars berdim. 2013 yilda talabalar almashinuvi dasturi asosida AQSHning Kaliforniya shtatidagi Berkli universitetida bir semestr tahsil olib qaytdim. Keyinroq ushbu mamlakatga magistratura bosqichini davom ettirish uchun yo'l oldim.

    Ko'pchilik Amerika orzusi sabab okean ortiga keladi, ammo mening maqsadim ilm olish va shu yo'nalishda faoliyatimni davom ettirish edi. Hozir shu erda yashayman va Viskonsin universitetida ilmiy tadqiqot olib boraman. Ilmiy ishim tadbirkorlik iqtisodiyoti bilan bog'liq. Ya'ni, tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi o'rni, kelib chiqishi, sabab va oqibatlarini o'rganaman. AQSHdagi kapitalist investorlar qanday qilib startaplarga investitsiya kiritishi va o'sha jarayondagi kommunikatsiyaning o'rnini tahlil qilaman. Har bir mamlakat uchun iqtisodiyot muhim soha va kasb egalariga talab yuqori, demak ularda tanlov ham ko'p. Kimdir xususiy, kimdir davlat tashkilotida ishlaydi. Men esa universitetda qolishni va ilmiy faoliyatni afzal ko'rdim. Mening missiyam imkon qadar yaxshiroq olim bo'lish va ilmiy ishlar qilish. Ta'lim, ilm-fan rivojiga hissa qo'shishni maqsad qilganman. Va bu ilmiy ishlarimni o'zbek manbalarida ham muntazam berib boraman, ona tilimizda maqolalar yozaman, iqtisodiy mavzularda kitoblar chop etib kelyapman.

    “Har bir asarning iqtisodiy mantig'i bor”

    Men kitob o'qishni xush ko'raman. Faqat iqtisodiy emas, balki turli mavzulardagi kitoblarni o'qiyman. O'zbek, rus va ingliz tillarida erkin so'zlasha olganim uchun, shu tillarning barida mutolaa qilaman. Ko'pchilik menga “faqat iqtisodiy kitoblar o'qiysizmi?”, deb savol beradi. Men esa “turli mavzudagi asarlarni o'qiyman va ularning har birida iqtisodiy mantig'i bo'ladi”, deya javob beraman.

    Masalan, Braun universiteti professori Oded Galor o'zining “Insoniyatning tarixi: boylik va tengsizlik asoslari” kitobida boyish va boylikni so'nggi 40 ming, 10 ming, oxirgi 500 yil nuqtai nazaridan tahlil qiladi. Tarixiy yo'nalishdagi ushbu ajoyib kitobni o'qish davomida hozir qanday yaxshi, farovon zamonda yashayotganimizni, insoniyat tarixidagi qanchalar omadli avlod ekanimizni anglab etish mumkin. Bir qarashda bu kitob YUval Noa Xararining “Sapiens”siga o'xshaydi, ammo Galor nafaqat tarixchi, balki iqtisodchi ham bo'lgani bois, u o'z kitobini Xarari yo'l qo'ygan xatolarni qilmay, juda zo'r yozgan. Mark Koyama va Jered Rubinning 2022-yilda chiqqan “Dunyo qanday boyidi? Iqtisodiy o'sishning tarixiy manbalari” ham Oded Galorning kitobi bilan bir xil mavzuda, qaysidir ma'noda Galorning kitobiga “kompliment” deyish ham mumkin. Har ikkala kitobda har xil yondashuv bilan — bir xil narsa haqida yozilgan. Faqat bunisida mavzu nisbatan chuqurroq, nisbatan yaxshi tadqiq qilingan, ko'p narsa o'rganish mumkin.

    Umuman, men kitob tanlashda uning yo'nalishiga e'tibor qaratmayman hamda badiiy (fiction) va ilmiy-ommabop (non-fiction) degan bo'linuvni sub'ektiv va notabiiy deb hisoblayman. Masalan, Kafkaning “Jarayon” yoki Oruellning “1984” yoxud Makiavellining “Hukmdor” asarlari huquq, adolat va qudratni tushuntirishda Aflotunning “Davlat” yoki Rolzning “Adolat nazariyasi”dan kamroq o'rganiladigan asarlar emas. Kitob o'qishdan maqsad nima, degan savolga ham har kim turlicha javob beradi. Menimcha, kitob o'qishdan ko'zlangan maqsadlardan biri — jamiyat qanday fikrlar, farazlar, miflar yoki yangicha so'zlar bilan aytganda, qanday memlar ustida turgani, qurilganini ko'rishdir. SHunday ekan, ayrim kitoblarni nafaqat zavqli va foydali bo'lgani, balki favqulodda muhim va ularni o'qish kerak bo'lgani uchun ham o'qish kerak.

    Kambag'allikning sababi “mentalitet” emas!

    Iqtisodiyot sohasiga kirib ketishimga ham o'qigan kitoblarim turtki bo'lgan. Ulardan biri esa Daron Ajemo'g'li va Jeyms Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag'allik manbalari” kitobi edi. Keyinchalik ushbu asarning o'zbekcha tarjimasiga muharrirlik qildim. Bunga meni bolalikdan qiynagan yana o'sha “Nega ayrim mamlakatlar boy, ayrimi esa kambag'al?”, degan savol turtki bo'ldi. Va qaysidir ma'noda shu kitob orqali o'z savollarimga javob topdim.

    CHindan ham, nima uchun ba'zi mamlakatlarda, hatto o'rtamiyona yashaydigan kishilarning turmushi, hayoti kambag'al o'lkalardagi aksar insonlarnikidan yaxshiroq? Bunga javob tariqasida maydonga mualliflar foydalangan asosiy tadqiqot manbasi — insoniyat tarixi chiqadi. O'tmishda ham barcha davlat birdek farovon kun kechirmagan, qadim jamiyat daromadi bugungiga monand bo'lgan. Qashshoqlik va tanglik hammaning bo'yniga tushgan og'ir tosh edi. Insoniyat XVII asrgacha hech qanday iqtisodiy taraqqiyotni ko'rmadi hisob. Oxirgi 250—300 yilda esa o'sish va rivojlanish sur'ati keskin oshdi, daromadlar ko'paydi. Shu yerda savol tug'iladi: iqtisodiy o'sish o'zi nima? Bu nima uchun muhim? Ayni zamondagi turmush tarzimizni XVII asr sharoiti bilan solishtirish mushkul, lekin keling, bir urinib ko'raylik. Agar turar joy, xonadondagi qulayliklar, ovqatlanish sifati, sog'liqni saqlash va maishiy engilliklarga e'tibor berilsa, farq behad kattaligi darrov bilinadi. Ikki asr oldin hozirgi gullab-yashnagan o'lkalarda ochligu qiyinchilikdan vafot etadiganlar soni ko'p edi. XVII asrda chaqaloqlarning 30 foizi bir yoshga yetguncha kasallik, nosog'lom, sifatsiz turmush sabab nobud bo'lar, vaziyat bugungi eng qashshoq mamlakatlardagi raqamlardan-da qo'rqinchli edi. Taraqqiy etgan o'lkalarda bugun ming nafar chaqaloqdan 4 nafari bevaqt nobud bo'ladi, o'n ettinchi asrda esa o'ta yuqori: mingdan 300 nafari o'lim bilan olishib, vafot etardi. Hozirgi natija o'lim oldidagi g'alabadir. 200 yil oldin ham insonlarning qariyb yarmi 20 yoshga to'lib-to'lmay olamdan ko'z yumardi.

    Bu yutuq va o'sishning sababi, albatta, iqtisodiy taraqqiyot. Lekin savol hamon o'shanday ochiq turibdi: bir necha yuz yil oldin g'arbiy Yevropada boshlangan rivojlanish va iqtisodiy o'sishning sabablari nimada? Nega insoniyat XVIII asrgacha deyarli bir xil sharoitda yashadi-yu, keyin to'satdan oldinga sakrab, butunlay bo'lak manzara shakllandi? Nega biz allaqanday mo''jiza sabab misli ko'rilmagan rivojlanish va taraqqiyot shohidi bo'lyapmiz? Kitob mualliflari buni institutlarning, birinchi o'rinda, siyosiy va iqtisodiy institutlarning o'zgarishi bilan bog'laydi. Mualliflar Daron Ajemo'g'li va Jeyms Robinson o'z akademik izlanishlariga tayanib, keskin farqlarga oid o'ta muhim xulosaga keladilar: institutlar mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti uchun ham vosita, ham to'siqdir.

    Kitob bilan ilk tanishgan paytim Kaliforniyaning Berkli universitetida talabalar almashinuvi dasturi orqali tahsil olayotgandim. O'shanda hamma qatori o'z-o'zidan: “Nega universitetim joylashgan Singapur, dastur bo'yicha kelgan mamlakatim AQSH vatanim O'zbekistondan ancha ilgarilab ketgan?” degan savolga javob izlardim. Bu kitob ana o'sha adoqsiz savollarga javob izlashni o'rgatdi va iqtisodiyotga qiziqishimni uyg'otdi, qadrdonimga aylandi. Tushundimki, bizdagi rivojlanish bilan bog'liq muammolarning sababi resurslar etarli emasligi, okeanlardan uzoqligimiz, iqlimning keskinligi yoki xalqimiz mentalitetida emas. Aslo! Kitobni sinchiklab o'qisangiz, tadqiqotlar boshqacha so'zlaydi — asl sabab siyosiy va iqtisodiy institutlar sifatida.

    O'zbekistonda kambag'allik darajasi unchalik baland emas. Bilishimcha, bu taxminan 17 foiz atrofida (Statistika agentligi ma'lumotiga ko'ra, o'tgan yili bu ko'rsatkich 11 foizni tashkil etgan). Kambag'allikning mavjudligi asosi esa iqtisodiy o'sish bilan bog'liq. Bu ko'proq ish joylari yaratilishi, iqtisodiy sohalarni rivojlantirish va boshqa ko'plab omillarga borib taqaladi. YUrtimiz sharoitida aholi daromadining oshishida birinchi zaruriy narsa iqtisodiyotda samaradorlikni oshirishdir. O'zbekistonda boshqa rivojlanayotgan davlatlar kabi samaradorlik, mehnat unumdorligi nisbatan past. Buning sabablaridan biri esa iqtisodiyotda etrlicha raqobatning yo'qligi hamda barcha muhim sektorlarda davlatning ulushi balandligida. Bu o'z-o'zidan raqobatni cheklaydi, raqobat bo'lmagan bozorda esa samaradorlik ham oshmaydi. Buning echimlaridan biri, davlat o'z ulushini xususiy sektorga berishi kerak.

    Yurt bilan bog'laydigan yangi platforma

    O'tgan yil sentyabr oyida Prezident SHavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi uchrashuvlarida qatnashish uchun AQSHga kelganida ayni shu masalalar haqida suhbatlashdik. Ochiq va sakmimiy ruhda o'tgan suhbat davomida fikrimiz bir joydan chiqqaniga guvoh bo'ldim. O'shanda davlatimiz rahbari okean ortida yashaydigan vatandoshlarimiz bilan ko'rishib, suhbatlashganini o'sha erdagi har bir yigit-qiz alohida hayajon bilan eslaydi.

    Prezidentimiz uchrashuv boshida hamma bilan so'rashganida, mening yonimga kelib, “Men sizni kuzataman, sizni o'qiyman, ko'rganimdan xursandman”, dedilar va bu men uchun kutilmagan, juda yoqimli holat bo'ldi. Qisqa ma'ruzadan keyin menga ham so'z berildi. Iqtisodchi bo'lganim uchun, albatta, iqtisodiyot haqida gapirdim. Chunki meni doim o'ylantiradigan asosiy masala bu O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi va farovonligidir. Davlatimiz rahbari bilan 30 yildan oshiqroq muddatda qanday iqtisodiy taraqqiyotga erishdik va bu borada yaxshiroq natijalarga erisha olgan boshqa iqtisodiy rivojlangan davlatlar, masalan, Xitoy, Vetnam, Polshada qanchalik tez o'sish bo'lgani va uning sabablari haqida gaplashdik. SHundan keyin O'zbekistonda chuqurroq islohot qilish kerak bo'lgan 5 ta soha haqida aytdim. Bular huquqiy muhit, erkin savdo, kapitalni erkinlashtirish, infratuzilma barqarorligini ta'minlash va ilm-fanga davlat tomonidan investitsiya kiritish haqida edi. Mening nazarimda juda ochiq, sog'lom, interaktiv muloqot bo'ldi. Menga ta'sir qilgani, Prezidentimiz har bir vatandoshimizni sinchkovlik bilan eshitib, “Sizlardek o'g'il-qizlarimiz borligidan faxrlanaman”, dedi.

    Men o'zim kabi olim do'stlarim bilan yurtimizning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shish, har qancha maslahat bilan yordam berishga tayyorligimizni bildirdim. Chunki bizda Vatan bitta va shu Vatanimizga xizmat qilish bizga ham sharaf, ham majburiyatdir. YUrtimiz taraqqiyotiga befarq emasmiz, foydamiz tegsa, yordamga doim tayyormiz. Davlatimiz rahbari ham biz uzoqda bo'lsak-da, mamlakatimiz taraqqiyotiga ko'proq hissa qo'sha olishimiz, xorijdagi vatandoshlar o'z malakasi bilan ko'mak berishi mumkinligini ta'kidladi. Menga xorjidagi vatandoshlarning yurtimiz bilan muloqotini o'rnatadigan samarali platforma ishlab chiqib, taklif berishimni aytdi.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA yozib oldi

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 20.03.24-y 57-sonida e'lon qilindi)