Maktabda o‘qib yurgan chog‘larimizda ilm-fanning yirik namoyandalari haqida bizga ma’lumot berishmagan. Yaqin o‘tmishda Fanlar akademiyasida faoliyat yuritgan, millat kelajagini o‘ylagan olimlarimizning qatag‘onga uchragani haqida eshitganmiz. Misol uchun, taniqli olim, akademik Habib Abdullayevning geologiya ilm-fanida tutgan o‘rni beqiyos. Uning asosiy maqsadi milliy kadrlardan yosh olimlarni yetishtirib chiqarish edi. Sir emas, o‘sha paytlarda ko‘p olimlar boshqa millat vakillari bo‘lgan. Biz shulardan saboq olganmiz. Habib Abdullayev esa o‘zbek yoshlarini turli ilm-fan markazlariga yuborib, bilim olishi, olim bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shgan. Milliy kadrlar o‘sishiga imkoniyat yaratib bergan. Biroq uning
shu xatti-harakati ancha tanqidga uchradi. Millatchilikda ayblash boshlandi...
Yana bir olimimiz Qori Niyoziyning Mirzo Ulug‘bek astronomiya maktabi haqidagi kitobi Moskvada nashr qilingandi. Bu kitob o‘z vaqtida mashhur bo‘lgan. Fanlar akademiyasi prezidenti bo‘lgan olim negadir ishdan chetlatildi, umrining oxirigacha Irrigatsiya instituti (hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti)da kafedra mudiri bo‘lib ishladi. Ensiklopedik olim sifatida ilm-fanda uning o‘rni beqiyos edi. Nafaqat matematika ta’limi, balki tarix, madaniyat sohalarida ham ko‘p kitoblar yozgan. Olimning salohiyatidan yetarlicha foydalanilmadi, shunga qaramay, u baribir ilm bilan shug‘ullanaverdi. Ayni paytda Qori Niyoziyning uyida olim nomi bilan
ataluvchi markaz barpo etganmiz. Uning nomidagi stipendiya ta’sis qilingan.
Davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining dastlabki paytidayoq ilm-fanga alohida e’tibor qaratgani, 2016-yilning so‘nggi kunlarida Fanlar akademiyasi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv sohada tub burilish yasadi. O‘shanda hammamizda fanimiz kelajagiga katta umid paydo bo‘lgan edi. O‘tgan yillar ko‘rsatdiki, amaliyotda bu umidlar kutilganidan ham ko‘proq va yuqori darajada oqlanmoqda. Sohada qabul qilingan me’yoriy hujjatlar fan va ta’limni zamonaviy talablarga javob beradigan sifatga olib chiqishga qaratildi.
Ilm-fanga bu darajada katta e’tibor qaratilishiga qanday zarurat bor edi, degan haqli savol tug‘iladi. Sababi, dunyo notinch. Biz yurtimizdagi tinchlikning qadriga yetishimiz kerak. Mamlakatimiz dunyoga ochiq. Rivojlangan davlatlar bilan aloqalarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Biroq ayrim davlatlardagi turlicha qarashlar mustaqilligimizga, mamlakatimiz suverenitetiga raxna solishga sabab bo‘lishi mumkinligini ham inkor eta olmaymiz. Bizni o‘ziga tortib, “Boshqa bilan do‘st bo‘lmagin” qabilida siyosat yuritayotgan davlatlar bor. Istaymizmi-yo‘qmi, bizga ham qandaydir tahdidlar bo‘lishi tabiiy.
Ayni paytda xalqaro maydonda sanksiya siyosati keng qo‘llanilyapti. Biz bu xavfni ham inkor eta olmaymiz. Asossiz sabablar bilan g‘avg‘o chiqarishga urinadiganlarga nisbatan hushyor bo‘lishimiz talab etilmoqda.
Nima uchun ta’lim, ta’lim, deya bong uryapmiz? Chunki bilimli, salohiyatli yoshlar ertaga Vatan koriga yaraydi.
Mamlakat mustaqilligi, yurt birdamligini saqlash aynan bilimli kadrlarga bog‘liq. Shu bois, faqat chetdan jalb etilgan mutaxassislarni ishlatish kerak emas, balki yangi texnologiya, zamonaviy texnika vositalarini bilimli yoshlarimiz, yetuk kadrlar ishlata bilishi shart. Yurtimizda xorij universitetlari filiallari ochilayotgani bejiz emas. Bir qancha nodavlat OTMlar faoliyat yurityapti. Ularda yoshlarga zamonaviy bilim bera oladigan kadrlar ishlashi kerak.
Yana bir jihat haqida to‘xtalmoqchi edim. Ayni paytda falsafa doktorligi, fan doktorligini yoqlayotganlar soni yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinday ko‘payib ketdi. Plagiat avjiga chiqdi. Bu bilan sifatsiz kadrlar yetishishi xavfi yaqqol ko‘rinib qoldi. Bizga ularning soni emas, sifati muhim. Fanda shaxsning roli juda katta. Mayli, o‘n nafar olim yetishib chiqmasin, bitta chiqsin, bitta yaxshi olim yuzta savodsiz, soxta olimdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradi.
Ta’limga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, o‘qituvchi, murabbiylar roli oshib, ular qo‘llab-quvvatlanayotgani tahsinga sazovor. O‘qituvchilar bilimi, malakasini oshirishga ham alohida ahamiyat berilayotir. Chunki darslik yaratilishi, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirilib, zamonaviy binolarni o‘quvchilar ixtiyoriga berilishi muammoga to‘la yechim bo‘la olmaydi. Qanday sharoit yaratilmasin, agar o‘qituvchi bilimining sifati past bo‘lsa, bola bilim ololmaydi. Bizga fidoyi, bilimli ustozlar kerak.
Mashhur Qorako‘l maktabining sobiq direktori, rahmatli To‘xtamurod Jumayev mashinasini sotib, maktabga tikkani haqida eshitgan edim. Mana shunday fidoyi o‘qituvchilar kerak bizga. Ayniqsa, kadr tayyorlash masalasida bunga e’tibor berishimiz shart. Bu esa mamlakatimizni nafaqat tashqi, balki ichki xavfdan ham asraydi. Ichki xavf — bu yaqqol dushmanlik qilmasligi mumkin, ammo o‘z ishiga soxta yondashib, faqat o‘zini ko‘rsatish uchun 20-30 nafar nomzod, doktor chiqardim, deyishda namoyon bo‘ladi. 10 nafar fan nomzodi emas, 1 nafar chiqarsin, bilimli bo‘lsin. Mana, biz matematikada shu jihatga juda katta e’tibor qaratamiz.
Hozir xorij jurnallarida yaxshi maqolalar berilyapti. Skopu — iqtibos, degan narsa chiqqan hozir. Buni ham soxtalashtirish boshlangan. “Yirtqich” jurnallar paydo bo‘ldi. 50 yoki 100 dollar pulingizni oladi-da, bir tiyinga qimmat maqolalarni chiqaryapti. Jurnal xorijiyga o‘xshaydi. Ichini ochib o‘qisangiz, tahrir hay’atida o‘zimizning qorako‘zlar. Nima yozsangiz, chiqaraveradi. Bu ham xavfsizligimizga tahdid. Achchiq bo‘lsa ham aytay, tahlillarda shunaqa soxta jurnallar bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda ekani ayon bo‘lib qoldi. Bu Vatanimiz obro‘siga salbiy ta’sir qiladigan jihat.
Yosh matematik olimlarning biri Portugaliya, biri Xitoy yoki Ispaniyadagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilyapti. Chunki bu olimlarning bilimi bor, ularga talab yuqori. Soxta falsafa doktorlarining kimga keragi bor? Ayrim olimlarimiz chet
elda o‘sha mamlakat pozitsiyasida ishlayapti. Lekin ular har yili eng iqtidorli bolalarni hamkorlik doirasida olib ketib, o‘sha yerda tarbiya qilyapti. Bizda bu borada muammo yo‘q.
O‘tgan yili hamma fan jamiyatlarining prezidentlarini yig‘dik. O‘shanda shu masalani o‘rtaga tashladik. “Sohangizdan chiqayotgan soxta maqolalarni vazirlik tekshira olmaydi, oliy attestatsiya komissiyasi tekshirishiga imkoniyat yo‘q. Uni olimlarning o‘zi nazorat qilishi kerak. Faningizning sofligini o‘zingiz asrashingiz kerak”, dedik. Biz nafaqat tashqi, balki shu kabi ichki xavflardan ham ogoh bo‘lishimiz zarur.
Shavkat AYUPOV,
Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori,
akademik, O‘zbekiston Qahramoni
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 27-sonida (2024-yil 7-fevral) chop etilgan.