Billing tizimi: suv sarfini bir necha barobar kamaytiradi

    Mutaxassislarning fikricha, 2050-yilga qadar suvga bo'lgan talab yana 50 foizga oshadi. Afsuski, mamlakatimizda ham ichimlik suv muammosi yo'q emas.

    “Yangi O'zbekiston” gazetasining 7.10.22-yil, 206-sonida aholini ichimlik suv bilan ta'minlash masalalari, bu boradagi kamchiliklar va yangicha yechimlar, ichimlik suv sifati va nazorati bo'yicha Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib SAIFNAZAROV bilan katta intervyu e'lon qilindi. Quyida ushbu interv`yu bilan tanishishingiz mumkin.

    Inson kisloroddan keyin eng ko'p suvga ehtiyoj sezadi. Hech bir tirik organizm obihayotsiz yashay olmaydi. Ammo suvni isrof qilmaslik, undan oqilona foydalanish haqida doim ham qayg'uravermaymiz. Vaholanki, yer yuzida 2 milliardga yaqin kishi toza suv ichishni, hatto, orzu qiladi. Yana 2 milliard 300 milliondan ko'proq odam esa sanitariya talablariga javob bermaydigan suvni iste'mol qilishga majbur. Dunyoning 17 mamlakatida suv tanqisligi, allaqachon, eng yuqori darajaga etgan.

    Ma'lumki, yer yuzining 70 foizi suv bilan qoplangan. Ammo ushbu miqdorning atigi 3 foizga yaqini ichish uchun yaroqli, xolos. Achinarlisi, yillar davomida bu miqdor ham kamayib, tanqislik ortib boryapti.

    Bu shunchaki vahimali raqamlar emas. Aslida ham ichimlik suv muammosi sayyoramizni tashvishga solayotgan dolzarb ekologik masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Ayniqsa, dunyo nufusi oshib borishi, sanoat korxonalarining ko'payishi va rivojlanishi, qo'shimcha sug'oriladigan erlarning o'zlashtirilishi, qolaversa, behuda isrofgarchilik qayta tiklanmaydigan suv manbalari keskin kamayishiga olib kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, 2050-yilga qadar suvga bo'lgan talab yana 50 foizga oshadi.

    Afsuski, mamlakatimizda ham ichimlik suv muammosi yo'q emas. Jahon bankining tahliliy ko'rsatkichlariga ko'ra, 2050-yilga borib O'zbekistonda suvga bo'lgan talab 59 kub kilometrdan 62-63 kub kilometrgacha oshadi va mavjud suv resurslari sezilarli darajada kamayadi. Bunday vaziyatda suvdan oqilona foydalanish va tejamkorlikning o'zi kamlik qilishi ayon.

    Xo'sh, bugun yurtimizda bu borada vaziyat qanday? Aholining qancha qismi ichimlik suvga muhtoj? Aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash ko'rsatkichlarini oshirish bo'yicha sohada qanday choralar, innovatsion loyihalar qo'llanilyapti? Ana shunday dolzarb savollar bilan Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zsuvta'minot” AJ boshqaruvi raisi Sohib SAIFNAZAROVga murojaat qildik.

    — Bugungi kunda dunyoda umuman suv yetib bormaydigan hududlar ham yo'q emas. Bunday joylarda hayot ham, tiriklik ham bo'lmasligi aniq. Ammo toza ichimlik suv bormaydigan yoki yetkazib berishning imkoni bo'lmagan hududlar boshqa masala.

    Mamlakatimizda suv yetib bormagan joyning o'zi yo'q. Faqat ichimlik suv markazlashgan holda ta'minlanmagan hududlar bor. Lekin ular aholisi suvni muqobil manbalar, xususan, buloqlar, quduqlar, kachalkalar, soylardan iste'mol qiladi. Bu, albatta, toza ichimlik suv ta'minotida kamchiliklar borligidan dalolat. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minganlik darajasi 71,2 foizni tashkil qiladi. Bunda aholi jon boshiga kuniga o'rtacha 133 litr suv yetkazib berilmoqda. Ammo bu etarli ko'rsatkich bo'lmagani holda, barchani qamrab olish bo'yicha ishlar olib borilyapti. Xususan, oxirgi besh yilda sohaga 10 trillion so'm yoki oldingi yillarga nisbatan 5 baravar ko'p mablag' ajratildi. Buning hisobiga 6 million 500 ming kishi ilk bor markazlashgan holda ichimlik suv bilan ta'minlandi. O'tgan yili 474 ta suv inshooti qurilib, 6 ming 300 kilometrga yaqin tarmoqlar tortildi. 592 ta mahallada 2 milliondan ziyod aholining suv ta'minoti yaxshilangan. Joriy yilda esa 1,6 million kishini ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlash, 3,4 million nafarining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash hisobiga mavjud ko'rsatkichni 74,2 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    Yurtimizda ichimlik suvning 60 foizi yer osti, 40 foizi esa yer usti suv manbalaridan olinadi. Ularni tozalab, aholiga yetkazish doim eng dolzarb masalalardan bo'lgan. Masalan, ayrim hududlarda markazlashgan ichimlik suv ta'minotini yo'lga qo'yishning geografik jihatdan imkoni yo'q. Shu bois, joriy yil 8-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida hududlarda ichimlik suv ta'minotini yaxshilash masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ushbu masalaga alohida to'xtalib o'tildi. O'shanda respublikadagi markazlashgan suv tarmog'i yo'q 1 ming 545 ta mahallada ulardagi imkoniyatlarni o'rganib, uch xil yo'nalishda ishni tashkil etish bo'yicha ko'rsatma berilgandi. Ya'ni infratuzilmaga yaqin mahallalarga markazlashgan tarmoq tortish, yer osti suvi yaqin va toza bo'lgan joylarda quduq qazib, suv inshooti qurish, quduq qazish hamda quvur tortish imkoni bo'lmagan qishloqlarda aholi suv tashib kelishi uchun katta sig'imli hovuzlar barpo etish vazifalari qo'yilgandi.

    — Prezidentimiz mustaqilligimizning o'ttiz bir yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan katta marralarga erishish uchun 2026-yilgacha eng avvalo e'tibor qaratiladigan 5 ta asosiy sohani sanab o'tdi. Mazkur vazifalarning beshinchisi aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash ekani soha oldiga katta rejalarni qo'yadi, shunday emasmi?

    — Albatta, bu mamlakatimiz taraqqiyoti yo'lidagi eng katta va muhim vazifalarimizdan biridir. Chunki yangi O'zbekistonning tag zamirida odamlarni rozi qilish yotibdi. Bunga esa insonlarning eng zarur hayotiy ehtiyojini ta'minlamasdan turib erishib bo'lmaydi. Qachonki, eng chekka qishloqlar aholisi ham shahardagi kabi istalgan vaqtda toza ichimlik suvdan foydalana olsa, biz maqsadimizga etgan bo'lamiz. Shu bois, sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmini keskin ko'paytirish, muammoli hududlarga toza ichimlik suvni yetkazish va sifatini yaxshilash bo'yicha alohida dasturlarni amalga oshirish ko'zda tutilgan. Birgina joriy yilda sohaga respublika byudjetidan 2,5 trillion so'm va xalqaro moliya institutlaridan 245,2 million dollar miqdorida mablag'lar ajratilishi belgilangan. Ushbu mablag'lar hisobidan 791 ta ichimlik va oqova suv obyektlarida qurilish-montaj, 6 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmog'i, 548 ta ichimlik va oqova suv inshootlarini qurish hamda rekonstruktsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

    Shu yilning 1-sentyabr holatiga ko'ra, davlat byudjeti mablag'lari hisobidan barcha dasturlar doirasida jami 3,2 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 170 ta inshootda qurilish hamda rekonstruktsiya qilish ishlari bajarilib, 134 ta obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlandi. Natijada aholining ichimlik suv bilan ta'minlanganlik darajasi 71,2 foizga, oqova suv xizmati 17,5 foizga etkazildi, 521 mingdan ortiq odamning ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi. Qolaversa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ham 1 trillion so'm mablag' ajratilishi belgilangan. Buning hisobiga joylarda 3 882 kilometr tarmoqlar va 431 ta inshootda qurilish hamda rekonstruktsiya qilish ishlari olib boriladi.

    Muhim masalalardan yana biri — sohaga investitsiyalarni ko'proq jalb etish. Bu nafaqat moliyaviy, balki xalqaro tajriba, yangi loyihalar, innovatsion texnologiyalarning kirib kelishi jihatidan ham ijobiy samaradorlikka ega. Shu bois, joriy yilda “O'zsuvta'minot” AJ tomonidan xalqaro moliya institutlari ishtirokida 20 ta loyiha ro'yobga chiqarilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 1,9 milliard dollarga teng. Mablag'lar yirik xalqaro bank va jamg'armalar tomonidan moliyalashtiriladi.

    Loyihalar yurtimiz bo'ylab suv tarmog'i, suv olish va tozalash inshootlari, quduqlar, suv minorasi hamda rezervuari qurish va rekonstruktsiya qilish ishlarini qamrab oladi. Bular tufayli 3,6 million kishining ichimlik suv, 3,1 million nafarining esa markazlashgan oqova suv tizimi bilan ta'minlanadi.

    Ana shunday megaloyihalardan biri Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilmoqda. Ya'ni “Oqsuv—Dehqonobod suv quvurini tortish” loyihasining investitsion qiymati 23,9 million dollar bo'lib, unda 2026-yilga qadar 183 kilometr suv quvuri hamda 310 kilometr ichki tarmoqlarni tortish ko'zda tutilgan. Loyiha tugallangach, hududdagi 113 ming aholi toza ichimlik suvdan bahramand bo'ladi.

    Vohadagi yana bir megaloyiha esa To'palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatining ichimlik suv ta'minotini yaxshilashga qaratilgan. Umumiy qiymati 138 million dollarga teng loyiha 2021—2024-yillarda amalga oshiriladi. Hozirda “To'palang” suv omborining quyi qismida bosimni so'ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlarini qurish ishlari olib borilyapti. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Bu tizim samarasida Sariosiyo, Denov, Sho'rchi, Qumqo'rg'on, Jarqo'rg'on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 million kishining toza suv ta'minoti yaxshilanadi.

    Bular — sohadagi ishlarning bir qismi. Aniqrog'i, bizning vazifamiz aholiga ichimlik suv etkazib berish barobarida, qurilmalarning soz holatda ishlashini doimiy nazorat qilishdan iborat. Buning uchun avvallari asosan inson mehnatidan foydalanilgan bo'lsa, hozirgi vaqtda sohaga “aqlli” va zamonaviy texnologiyalar kirib kelyapti. Bu borada esa xorij tajribasini o'rganish yanada muhim.

    Shu bois, tashkilotimiz Janubiy Koreya, Fransiya, Ispaniya, Isroil, Latviya, Turkiya, Rossiya, AQSH kabi davlatlar bilan turli yo'nalishlarda hamkorlik qilib kelmoqda. Eskirgan suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” suv hisoblagichlarni o'rnatish, sohaga korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, energiyatejamkor asbob-uskunalarni o'rnatish, energiya auditini o'tkazish ishlari shular sirasidan.

    Bundan tashqari, xodimlarimiz sohada qo'llanilayotgan yangi texnologiyalar bilan tanishish, yangi bilim va ko'nikmalarga ega bo'lish, suv ta'minoti masalalariga oid xalqaro darajadagi tadbirlarda ishtirok etish uchun muntazam ravishda xorij davlatlariga xizmat safariga yuborilmoqda. Muhimi, bu ishlar amalda o'z samarasini bermoqda ham. Sohani transformatsiya qilish doirasida Sifat menedjmenti (ISO 9001) va Korruptsiyaga qarshi kurashish (ISO 37001) bo'yicha xalqaro sertifikatlar olingani, yangi billing tizimi ishga tushirilib, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari joriy etilayotgani shunday sa'y-harakatlar samarasidir.

    Bundan tashqari, sohani modernizatsiya qilish doirasida quyosh energiyasi, quvurlarning ichini torketlash orqali eskirgan tarmoqlarni rekonstruksiya qilish, chastotali o'zgartiruvchilar o'rnatilgan energiyatejamkor nasoslar, suv tozalash inshootlarida tseolitdan tayyorlangan filtrlash materiallari, suvni yupqa qatlamli tindirish texnologiyalari qo'llanilmoqda.

    — Zamonaviy texnologiyalar haqida gapirdingiz. Shu o'rinda yurtimiz bo'ylab aholi xonadonlariga bepul o'rnatilayotgan “aqlli” suv hisoblagichlarga to'xtalsak. Nima uchun bunday qurilmalarga zarurat tug'ilmoqda? Ularning afzalligi nimada va tejamkorligi qay darajada?

    — “Smart” suv hisoblagichlar o'z nomi bilan “aqlli” qurilma bo'lib, ular suv sarfining aniq hisobini yuritish hamda hisoblagich ko'rsatkichlarini masofadan turib yuborish imkonini beradi. Ya'ni tizim avtomatik ravishda ishlashi hisobiga qurilma ichidagi barcha jarayonlar soha vakillari tomonidan yagona tizim orqali kuzatib, nazorat qilib boriladi. Suv sarfiga oid hisob-kitoblarni amalga oshirish yoki biror kamchiliklarni aniqlash uchun xodimlarning uyma-uy yurishiga hojat qolmaydi, barchasi elektron tizimda aks etadi.

    Bu qurilmaning yagona afzalligi emas. Elektron uskuna suvni ortiqcha isrof qilish, noqonuniy foydalanishlarning ham oldini oladi. U inson omiliga bo'ysunmagani bois, qurilmada amalga oshirilgan kichik harakat ham darhol tizimda aks etadi. Suv sarfining aniq hisobini yuritish esa suv resurslarini boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Kelgusida bunday turdagi hisoblagichlarni nafaqat aholi xonadonlariga, balki uzellarga ham o'rnatishni rejalashtirganmiz. Bu aholiga qancha suv etkazib berilayotgani, suv texnologik yo'qotishlarining aniq miqdorini bilish va buning oldini olish imkoniyatini beradi.

    Biroq, bir narsani ta'kidlashni istardimki, suv hisoblagichni o'rnatish yoki o'rnatmaslik iste'molchining o'z ixtiyoridagi tanlov. Bundan suv ta'minoti korxonalari emas, birinchi navbatda, iste'molchilarning o'zi manfaatdor bo'lishi kerak. Bu borada, avvalo, tegishli tushuntirish ishlari olib boriladi. Masalan, xonadonida suv hisoblagich o'rnatilgan oila faqat iste'mol qilgan suv uchun pul to'laydi. Tahlillarga ko'ra, suvdan suv hisoblagichni o'rnatmasdan, belgilangan iste'mol me'yorlari bo'yicha foydalanayotgan abonentlar “aqlli” qurilma egalariga nisbatan 2-3 barobar ko'proq pul to'layapti. Masalan, agar besh kishilik oila ichimlik suv uchun yiliga hisoblagichsiz 682 ming so'mga yaqin mablag' sarflasa, hisoblagich o'rnatilgach, o'rtacha 216 ming so'm to'laydi. Ana endi, qancha tejalishini hisoblayvering.

    “Smart” suv hisoblagichlarni o'rnatish pilot loyiha sifatida Toshkent shahrida boshlandi. “O'zsuvta'minot” AJ hamda Janubiy Koreyaning “K-Water” tashkiloti bilan imzolangan memorandumga asosan poytaxtimizning Mirobod tumanida 7850 ta zamonaviy suv hisoblagichlarni o'rnatish hamda billing tizimiga ulash belgilangan bo'lib, xozirgi kunda jami 1900 ta suv hisoblagich o'rnatildi. Bu borada “Shin dong-a electronics co, ltd” tashkiloti bilan ham hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Memorandumga ko'ra, Mirobod tumanida 43 ta antenna va 610 ta suv hisoblagichlarni o'rnatish hamda billing tizimiga ulash belgilangan.

    Shuningdek, loyiha Toshkent viloyatida ham amalga oshirilyapti. Hududda ishlab chiqaruvchi korxonalar o'z hisobidan zamonaviy suv hisoblagichlar o'rnatmoqda. Xususan, Angren shahridagi “Quvvat” MCHJ korxonasi 5-mavzedagi ko'p qavatli uylarga jami 180 dona suv hisoblagich o'rnatishi rejalashtirilgan bo'lib, hozirda 75 donasi o'rnatildi. Olmaliq shahridagi “Luna” Turkiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 5 ta zamonaviy suv hisoblagich mahalla va ko'cha boshlariga qo'yilgan. Mazkur korxona sa'y-harakati bilan Farg'ona viloyati Bog'dod tumanidagi 6 ta ko'p qavatli uy ham 20 ta zamonaviy suv hisoblagichga ega bo'ldi. Sinov tariqasida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha muvaffaqiyatli natija bersa, yaqin yillarda yurtimizdagi barcha xonadonlarga bosqichma-bosqich “aqlli” suv hisoblagichlarni o'rnatish ko'zda tutilgan.

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-maydagi “Aholining ichimlik suv ta'minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq keyingi yilning 1-yanvaridan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste'molchilar tomonidan ham hududiy suv ta'minoti korxonalariga masofadan ma'lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o'rnatiladi. Hujjatda suv hisoblagichlarni o'rnatgan tadbirkorlarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha soliq imtiyozlari berilishi belgilangan. 2023-yildan boshlab xorijiy hamda mahalliy suv hisoblagich ishlab chiqaruvchilar ayrim texnik talablar asosida suv hisoblagich uskunalarini taklif etishlari mumkin.

    — Ana endi, aholini eng ko'p o'ylantiradigan masalalardan biri — ichimlik suv sifati haqida gaplashsak. Bu, ayniqsa, oxirgi yillarda infektsion kasalliklar tarqalishi natijasida yanada dolzarb mavzuga aylandi. Odamlarning kasalliklar suv orqali yuqadi, degan taxminlari qanchalik o'rinli? Umuman, mamlakatimizda ichimlik suv necha bosqichda va qay tartibda tozalanadi?

    — Ichimlik suvni aholiga tozalanmagan holda yetkazish hech bir standartlarga to'g'ri kelmaydi. Ya'ni ichimlik suv bir nechta tozalash bosqichlaridan o'tmaguniga qadar xonadonlarga yo'naltirilmaydi. Buning o'z belgilangan talab va me'yorlari bor.

    Avvalo, suv havzalari va boshqa manbalardan olinadigan suv tozalash uchun suv inshootiga kelib tushadi. U yerda suvga maxsus idishlarda zarur reagentlar bilan ishlov berilib, tindiriladi. Mayda zarrachalar suv tagiga cho'kkach, rangsizlantiriladi. So'ng birin-ketin zararsizlantirish, yumshatish, chuchuklashtirish va tiniqlashtirish jarayonlaridan o'tkaziladi. Ana shu murakkab bosqichlardan keyingina suv nasoslar yordamida tarmoqqa yuboriladi. Markazlashtirilgan ta'minot tizimidagi suv sifati suvning manba yuqori oqimidan to iste'molchi uyidagi jo'mraklarigacha bo'lgan harakati davomida kechayu kunduz nazorat qilinadi. Ushbu nazorat suvning maqbul organoleptik, kimyoviy va mikrobiologik xususiyatlarini baholashga imkon beradigan turli tadbirlar majmuasini o'z ichiga oladi.

    Birgina Toshkent shahri misolida oladigan bo'lsak, poytaxtimiz aholisini ichimlik suv bilan ta'minlovchi 7 ta suv inshooti mavjud. SHulardan biri va eng qadimiysi “Bo'zsuv” bosh suv inshooti hisoblanadi. Mazkur inshootdagi suvning atigi 7 foizi aholiga ichish uchun yo'naltiriladi. Shunda ham 3 bosqichli tozalash jarayonidan o'tkazilib, so'ng aholi iste'moliga yetkaziladi.

    O'tgan yili inshootning fil`trlash va kimyo bakteriologiya binolari to'liq ta'mirlanib, zaruriy jihozlar bilan ta'minlandi. Avvallari laboratoriyada atigi 10 ga yaqin tahlillar o'tkazilgan. Hozir suv tarkibi jahon standartlariga mos 25 dan ziyod tahlildan o'tkazilmoqda. Bu suvda bo'lishi mumkin bo'lgan turli kasallik va viruslarni ushlab qolish uchun yetarli jarayon, deyish mumkin.

    O'zbekistonda rejali laboratoriya nazorati suv shahar ta'minoti tarmog'iga etkazilgunga qadar va suv taqsimlash tarmog'ining alohida nuqtalarida amalga oshiriladi. Bunday nazorat respublikada faoliyat yuritayotgan 79 ta laboratoriyada doimiy ravishda olib boriladi. Har oyda o'rtacha 17 200 ta namuna, shundan 10 000 tasi qisqartirilgan nazorat uchun, 6 200 tasi umumiy fizik-kimyoviy tahlillar uchun, 1 000 tasi esa maxsus toksikologik nazorat uchun olinadi.

    Suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “Water lab” axborot tizimi ham joriy etilgan bo'lib, respublika bo'ylab ichimlik suv sifatini nazorat qilish imkoniyati sezilarli darajada kengaytirildi. Buning uchun suv ta'minoti sohasidagi barcha mavjud laboratoriyalar raqamlashtirildi va xujjat almashinuvi hamda hisobotlari elektron tarzda yuritilishiga erishildi.

    Afsuski, aholi orasida mamlakatimizda oqova suv ham ichimlik suv sifatida yo'naltiriladi, degan noto'g'ri taxminlar uchrab turadi. Bu hech bir mezonlarga to'g'ri kelmaydi. Bilamizki, oqova suvlar maishiy-xo'jalik va sanoat-ishlab chiqarish faoliyati natijasida yuzaga keladi. Shahar va tuman markazlari infratuzilmalarining kanalizatsiya tarmoqlaridagi oqova suvlar o'zi oqar va bosim orqali tozalash inshootlariga yuborilib, zararsizlantirilgan holda kanal, daryo va suv havzalari yoki rel`efiga tashlanadi hamda sug'orish maqsadlarida ishlatiladi.

    Hududlarda oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish bo'yicha ko'plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Jahon banki ko'magida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Buxoro viloyatida 100 kilometrga yaqin yangi oqova suv tarmoqlari tortilib, 7 ta oqova nasos stantsiyasi rekonstruktsiya qilindi. Toshkent viloyatida ham qator yirik loyihalar davom etyapti. Hozir poytaxtimizda kunlik quvvati 1,2 million metr kub bo'lgan oqova suv tozalash inshootini qurish bo'yicha Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

    Ushbu loyihalar va harakatlarning barchasi bir maqsad — aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash hamda bu boradagi sifat va son ko'rsatkichlarini muntazam oshirib borishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.