Genom va genetik xilma-xillikni o'rganish bo'yicha fundamental, amaliy va innovasiya ishlarini amalga oshirish, qishloq xo'jaligi ekinlari, dorivor va texnik o'simliklar tuzilishi hamda faolligini o'rganish, urug'chilik bilan bog'liq ishlar, ularni turli sharoitda sinash hamda ishlab chiqarishga tatbiq qilish bugungi kunning muhim vazifasidir.
O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazi tomonidan zamonaviy gen va hujayra muhandisligi, genom va virtual seleksiya dasturlarini ishlab chiqish hamda ulardan foydalanib, atrof-muhit va odamlar uchun xavfsiz, kasallik va zararkunandalarga chidamli, turli tuproq-iqlim sharoitiga mos yangi o'simlik navlarini yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, markazda qishloq xo'jaligi sohasining yangi yo'nalishlarida ham ilmiy ishlar olib borilyapti.
Bugungi kunda markazda 6 ta laboratoriya va 2 ta — Personallashtirilgan qishloq xo'jaligi ekinlarini o'rganish hamda Genetik o'zgartirilgan organizmlar va ularning mahsulotlarini tahlil qilish bo'yicha milliy muvofiqlashtirish markazi bo'limi faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, markaz qoshida maxsus urug'chilik xo'jaligi, issiqxona, fitotron va germoplazma kabi noyob ob'ektlar mavjud.
Markaz faoliyati davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 fevraldagi “Genomika va bioinformatika sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni, shuningdek, innovatsiya ishlarini rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori asosida qayta tashkil etildi, genomika va bioinformatikani yanada rivojlantirish bo'yicha ishlar jadallashib, yangi bosqichga ko'tarildi.
Laboratoriyalarda hujayralardan ko'paytirilgan paxta, bug'doy, uzum nihollari, gen-nokaut usuli bilan yaratilgan “Porloq” turkumidagi tezpishar, hosildor paxta navlari o'rin olgan.
— Markaz olimlari tomonidan g'o'zani fitoxrom A1 geni uchun birinchi marotaba gen-nokaut texnologiyasi ishlab chiqildi. Unga AQSH, Xitoy, Misr, Rossiya va Hindistonda patent olingan, — dedi Genomika va bioinformatika markazi direktori o'rinbosari Zabardast Bo'riev. — Yaratilgan texnologiya bir vaqtning o'zida g'o'zaning qator foydali xususiyatlarini ijobiy tomonga o'zgartirdi. Ushbu texnologiya yordamida g'o'zaning uzun tolali va sifatli, erta pishar, serhosil, qurg'oqchilik va sho'rga chidamli yangi “Porloq” navi yaratildi. Yangi nav o'rta tolali g'o'za bo'lishiga qaramay, uning tolasi sifati ingichka tolali g'o'zaga deyarli o'xshash.
Respublikamizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari “Porloq” g'o'za navini etishtirish uchun eng maqbul hududlar sanaladi. “Porloq” g'o'za navi keskin o'zgaruvchan, turli xil noqulay iqlim sharoitlarga chidamliligi bilan boshqa navlardan ajralib turadi. Shuningdek, boshqa g'o'za navlariga nisbatan 18-20 foiz ko'p hosil beradi. Tola sifati dunyo bo'yicha o'rta tolali g'o'za navlari orasida eng yuqori o'rinda turadi.
Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida, ayniqsa, iyun` va iyul` oylarida ob-havo keskin isib ketishi natijasida g'o'za hosili to'kilishi kuzatiladi. “Porloq” g'o'za navi esa agrotexnik tadbirlar o'z vaqtida bajarilmasa ham, shona va gullarini saqlab qola oladi. Bir tup g'o'za 30-40 tagacha gullashi mumkin.
Markerlarga asoslangan selektsiya texnologiyasi qisqa vaqt ichida g'o'zaning yangi navlarini yaratish imkonini beradi. Markaz olimlari ushbu texnologiya yordamida g'o'zaning serhosil, tola sifati yuqori hamda mashinada terishga qulay bo'lgan “Ravnaq-1” va “Ravnaq-2” navlarini yaratdi. Ular dunyo miqyosida markerlarga asoslangan selektsiya yordamida yaratilgan birinchi nav sanaladi. Bu navlarni ayni paytda tijoratlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
An'anaviy seleksiya usullarini qo'llab, yangi g'o'za navlarini yaratish mashaqqatli mehnat, uzoq vaqt va ko'p mablag' talab etadi. Bunday hollarda selektsiya jarayoni hatto 20-25 yilgacha cho'zilishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etishda an'anaviy seleksiya usullarini genom-texnologiyalari va molekulyar seleksiya usullari bilan boyitish muhim ahamiyatga ega.
Uzum va anor ko'chatlarini invitro usulida ko'paytirish yuzasidan ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Markazda invitro mikroklonal ko'paytirish texnologiyasi yordamida fermerlar uchun viruslardan xoli, sog'lomlashtirilgan uzum va anor ko'chatlari ko'paytirilib, joylarga etkazib beriladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, o'simliklarda ham virus bo'ladi. Masalan, uzum uzoq yil yashagani uchun yillar davomida unda virus yig'ilib boradi. Urug' agar kichik hujayradan olinganda, virusdan xoli, qilib o'stirish mumkin. Shunda uzumning ham hosildorligi oshadi, ham mazasi shirin bo'ladi. Shu bois, fermerlar bu shaklda o'stiriladigan o'simlik turlariga qiziqadi.
Gen-nokaut texnologiyasi yordamida yaratilgan bug'doyning “Barkamol” navi e'tiborga molik izlanishlardan. Sinov jarayonida bo'lgan ushbu navdan hosildorlikni 30 foizgacha ko'tarish mumkin.
G'o'zaning vilt kasalligiga chidamli “Bardosh” navi ham bor. Vilt har yili dunyoda g'o'zaning ko'p miqdorda nobud bo'lishiga olib keladi. Yangi yaratilgan texnologiya vilt zamburug'ini g'o'za ichiga kirishiga yo'l qo'ymaydi va buning natijasida o'simlik himoyalanadi.
Yangi avlod SNP (Single Nucleotide Polymorphism — YAgona Nukleotidlar Polimorfizimi) markerlarining yaratilishi SNP-chip texnologiyasining vujudga kelishiga asos bo'ldi. SNP-chip texnologiyasi bugungi kunda genlarni kartalashtirish sohasida qo'llanilayotgan eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Markaz va AQSH olimlari hamkorligida g'o'zaning fuzarioz vilt kasalligiga chidamli genlarini aniqlashda SNP-chip texnologiyasini qo'llash borasida tadqiqotlar olib borilmoqda.
Shuningdek, kartoshkaning fitoxrom B geni faoliyatini gen-nokaut texnologiyasi yordamida susaytirish natijasida hosildorlikni 26 foizga oshirishga erishildi. Hozir kartoshkaning yangi navlari sinovdan o'tkazilmoqda.
Biologiya fanining yangi yo'nalishlaridan biri bo'lgan “genlar injenerligi” jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda. O'simlik genlarini maqsadli tarzda o'zgartirilishi, ularning faoliyatini kuchaytirish va susaytirish, bir organizmdan ikkinchisiga ko'chirib o'tkazish hamda almashtirish va hatto “o'chirib” qo'yish kabi ilg'or usullari keng joriy etilmoqda.
Ana shunday gen-muhandislik tadqiqotlari asosida yaratilgan yangi navlarni ishlab chiqish, sinash va tajriba xo'jaligiga olib kirishni samarali tashkil etish uchun markaz hududida issiqxona barpo etilgan. Eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan issiqxonada tomchilatib sug'orish tizimi, avtomatik boshqaruv pul`ti mavjud.
Issiqxonada sinovdan o'tkazilib, ekologik xavfsizligi o'rganilgan, genetik jihatdan turg'unlashtirilgan yangi, ya'ni geni o'zgartirilgan navlar xalq salomatligi va iqtisodiy barqarorligini ta'minlashga xizmat qilmoqda.