Biotexnologiyalar klasteri xalqimizga va ilm-fanga nima beradi?

    "Yangi O‘zbekiston" gazetasining shu yil 11-aprel, 69-sonida oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning "Biotexnologiyalar klasteri xalqimizga va ilm-fanga nima beradi?" sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

    Prezidentimiz shu yil 7 aprel kuni hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Guliston shahri mamlakatimizning “Innovasion tibbiyot xabi”ga aylantirilishini ma’lum qildi. Bu degani, kelgusida Sirdaryoda 500 million dollarlik investisiya hisobiga O‘zbekiston—Xitoy biotexnologiyalar klasteri quriladi.

    Mazkur klasterni tashkil etish natijasida biotexnologiya sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, biotexnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish salohiyatiga ega kadrlar tayyorlanadi. Sohaga doir dunyodagi eng so‘nggi innovasion ishlanma va ilmiy tadqiqot natijalarini jalb qilish imkoniyati yuzaga keladi. Innovasion texnologiyalar transferi amalga oshiriladi.

    Hozir yurtimizda genlarni to‘liq tahlil qila oladigan, genomlarni o‘qiydigan markazlar faoliyat yurityapti. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan olimlarimizning yangi fan yo‘nalishlari va tadqiqotlar bilan shug‘ullanishlariga keng yo‘l ochib berildi. Ilg‘or fan yutuqlariga asoslangan bilim platformalari yaratildi. Shu bilan birga, yosh olimlarimizning xorijda ta’lim olib, malaka oshirishi, ilg‘or bilimlarni yurtimizda joriy qilishi ta’minlandi. Xususan, Prezidentimizning amaliy ko‘magi va tavsiyasi asosida barpo etilgan Genomika va bioinformatika markazi ushbu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

    2018 yilda Toshkent farmasevtika institutida biotexnologiya kafedrasi ochildi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 noyabrdagi “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur sohaning jadal rivojlanishini belgilab berdi. Endi esa bu jarayon yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi. Markaziy Osiyoda yagona biotexnologiyalar sohasidagi yangi platforma — xab barpo etiladi. Zamonaviy tilda “xab” ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun tadbirkorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, kompleks rivojlanishini ta’minlash hamda ularni atroflicha qo‘llab-quvvatlash maqsadida barpo etilgan o‘ziga xos markaz, faoliyat maydoni, deb talqin qilinadi.

    Ayni paytda biotexnologiyalar zamonaviy va serdaromad soha bo‘lib, 2022 yilda uning dunyo bozoridagi xizmatlar qiymati 859,94 milliard AQSH dollariga baholandi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1,7 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Ya’ni 2023 yildan 2030 yilgacha har yili o‘rtacha 8,7 foiz o‘sadi, biotexnologiya AKT sohasidan keyin dunyodagi eng tez taraqqiy etayotgan sohaga aylanadi. Qolaversa, jahon farmasevtikasi bosqichma-bosqich kimyoviy preparatlardan voz kechib, bioterapevtik dori-darmonlarga o‘tyapti. Bugun ularning narxi ancha yuqori, lekin samarali hamda an’anaviy dorilardan ko‘ra xavfsiz. Bundan tashqari, yangi dori-darmon va usullar avvallari davolab bo‘lmaydigan kasalliklarni davolash imkoniyatini beryapti.

    O‘zbekiston — Xitoy biotexnologiyalar klasterining aynan Xitoy bilan hamkorlikda barpo etilishi tasodif emas. Bu mamlakat biotexnologiya sohasi rivoji bo‘yicha so‘nggi besh yilda AQSHdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Uning biotexnologiya bozoridagi xizmatlar qiymati 2025 yilda 36 milliard AQSH dollariga yetishi taxmin qilinmoqda.

    Shu yilning mart oyi oxiri — aprelning boshida Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi delegasiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “O‘zbekiston — Xitoy biotex klaster” tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu bir necha yillik sermahsul muloqotimizning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining tashqi siyosatdagi o‘ziga xos yondashuvi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani natijasida O‘zbekiston — Xitoy hamkorligida yaratilgan vaksinalar koronavirus pandemiyasi davrida yurtimiz aholisini bu mudhish ofatdan himoyalash, jamoaviy immunitetni shakllantirishga xizmat qilganini ta’kidlash o‘rinli. Qolaversa, bu orqali yurtimiz ilm-fani sohada katta tajribaga ega bo‘ldi. O‘zbekistonda qo‘llangan vaksinalarning 66,6 foizi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ekani fikrimizni tasdiqlaydi.

    Sirdaryoda tashkil etiladigan O‘zbekiston — Xitoy biotexnologiyalar klasteri biotexnologiyalar sohasidagi ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish, innovasion loyihalar transferini amalga oshirish, xizmatlar ko‘rsatadigan kompaniyalarni tashkil etishga qaratilgan. U nafaqat Markaziy Osiyo, balki MDH va Kavkazoldi davlatlari uchun yagona xab bo‘lib xizmat qiladi. Mana shu klasterni Sirdaryoda tashkil qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan. U 150 gektar maydonni qamrab olishi ko‘zda tutilgan.

    Shu o‘rinda nima uchun bu katta platforma Sirdaryoda tashkil etilmoqda, degan o‘rinli savol paydo bo‘lishi tabiiy. Gap shundaki, so‘nggi yillarda akademik mustaqillik berilishi natijasida Guliston davlat universiteti avvalgi Innovasion rivojlanish vazirligi ishtirokida jadal rivojlandi. Xususan, u yerda biologlar maktabi paydo bo‘ldi. Biotexnologiya sohasining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritish salohiyatiga ega jamoa shakllandi. Buning samarasi o‘laroq, Sirdaryo viloyati innovasion hududida tashkil etiladigan biotexnologiyalar klasteri sohadagi barcha innovasion jarayonlarning “epimarkazi”ga aylanadi. Innovasiyalarga ehtiyoj paydo bo‘lganida boshqa hududlarga ham yangi innovasion yechimlarni taklif qiladigan markaz vazifasini o‘taydi.

    Klaster sohaga milliy kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan O‘zbek-Sino biotexnologiya universiteti (Uzbek-Sino Biotechnology University), kasalliklarni davolashda eng so‘nggi diagnostika davolash usullari qo‘llanadigan Innovasion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo aholisi, hududdagi hayvonlar va o‘simliklar genomini o‘rganishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyo genom markazi, biomateriallar va genetik ma’lumotlarni saqlovchi Genbank va data markazi, o‘simta va saraton kasalliklarini davolovchi Hujayra terapiyasi markazini o‘z ichiga oladi.

    Bundan tashqari, hududda laboratoriyalar uchun diagnostika uskunalari va maxsus to‘plamlarini ishlab chiqaruvchi korxona, innovasion vaksinalar ishlab chiqaruvchi markaz barpo etiladi. Alohida korxonalarda pribiotik biopreparatlar, monoklonal antitanachalar va boshqa rekombinant preparatlar ishlab chiqariladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va homilador ayollardagi genetik muammolarni aniqlash uchun diagnostika markazi tashkil etiladi. Shuningdek, 10 ming talaba uchun o‘quv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi ochiladi.

    Yangi biotexnologik xab bunyod etilishi olimlarimiz orzu qilib kelgan ko‘plab ilg‘or yo‘nalishlarga ham keng yo‘l ochib beradi. Jumladan, O‘zbekiston aholisining genomi tavsiflanadi. Raqamli formatda noyob genetik kolleksiyalar yaratiladi. Genetik nuqsoni va kasalliklari bo‘lgan bolalarning tug‘ilish darajasini pasaytirishga erishiladi. Onkologik kasalliklarni hujayra va immunoterapiya orqali mutlaqo yangi usulda davolash yo‘lga qo‘yiladi. Qarishga qarshi kurashish, inson hayotini uzaytirish masalalari tadqiq etilib, natijalari amaliyotga joriy etiladi. Farmasevtika sohasida bioorganizmlarning himoya tizimini o‘rganish natijalariga ko‘ra ixtiro qilingan xavfsiz va samarador dori-darmonlar ishlab chiqariladi. Mazkur klasterda yaratilgan shu singari yangi biotexnologik mahsulotlar ilk bosqichda Markaziy Osiyo va Kavkazoldi mamlakatlariga eksport qilinadi. Shu bilan birga, rivojlangan mamlakatlar bilan bilim va texnologiya transferi yaqin va uzoq xorijga mahsulotlarimizni eksport qilish imkonini beradi.

    Bioklaster barpo qilinishi Sirdaryodagi muhim yangilanishlarning bir qismi, albatta. Ushbu hudud tarixida birinchi marta shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga start berilgani barcha uchun quvonarli. Ilg‘or innovasiyalar hududida biofarmasevtika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, tibbiyot, ta’lim sohalarining 20 yo‘nalishidagi loyihalarga joriy qilinadigan alohida imtiyozlar esa mazkur yangilanishlarning tezlashuviga, odamlarni ruhlantirishga xizmat qiladi.

    Viloyatning 11 tumani va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashtiriladi. Ularning har birida innovasion texnoparklar tashkil qilinadi. Elektrotexnika, biofarmasevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovasion loyihalar amalga oshiriladi. Hududga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi. Ishlab chiqarish binolari namunaviy loyihalar asosida qurilib, tadbirkorlarga “sanoat ipotekasi” orqali tayyor holda beriladi. Joriy yilning o‘zidayoq texnopark infratuzilmasiga 200 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, investisiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda O‘zbekiston — Xitoy investisiya jamg‘armasi tashkil etilishi va unga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinishi jarayonni tezlashtirish va sifatli mahsulot chiqara boshlashni ta’minlash uchun “toza qon”, ya’ni akselerasiya vazifasini o‘taydi.

    Davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi mobaynida ilgari surilgan muhim besh tashabbus alohida e’tiborga molik. Ular doirasida viloyatda eng ilg‘or agrotexnologiyalar joriy qilinadi. Irrigasiya va meliorasiya tizimini modernizasiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi. Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi. Sho‘r va suvsizlikka chidamli makkajo‘xori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekinlar ekiladi. Intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantasiyalari tashkil qilinadi. Meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki barpo etiladi. Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlanadi hamda yerni o‘zlashtirish, cho‘llanish, irrigasiya va ekologiya yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

    Prezidentimizning to‘rtinchi tashabbusida Sirdaryoni mamlakatimizni Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan yirik logistika xabiga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yurtimizning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yo‘nalishlariga bog‘laydigan yangi transport marshrutlari va multimodal logistika markazi quriladi. Bundan tashqari, yo‘llarni qurish, ta’mirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham shu viloyatdan boshlanadi. Bu tashabbusning mohiyati shundan iboratki, avval Sirdaryoda, so‘ng mamlakatimizning boshqa hududlarida zamonaviy yo‘llarni loyihalash, yangi texnologiyalar asosida qurish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xususiy sektor paydo bo‘lib, rivojlanadi. Bu borada tadbirkorlar sa’y-harakati bilan yangi mutaxassislar yetishib chiqadi. Yo‘l qurilishi bilan birga, uning infratuzilmasini yaratish borasida ko‘plab ish o‘rinlari barpo qilinadi.

    Davlatimiz rahbari ilgari surgan ushbu xayrli tashabbuslar Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan ezgu maqsad va yuksak manzillarga erishish yo‘lidagi sa’yharakatlarning yorqin va amaliy ifodasidir.