Ilk kutubxona 1903-yilga kelib tashkil etilgan, bir savdogar tomonidan Namangan shahridagi kutubxonaga 1400 dona kitob sovgʻa qilingan. 1918-yilda paxta tozalash zavodi klubi qoshida 540 nomda kitob fondiga ega shahardagi birinchi jamoat kutubxonasi paydo boʻldi.
1929-yilda oʻsha kutubxona alohida binoga koʻchirildi. 1931-yili Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasidan yuborilgan tajribali mutaxassis tarmoqni ancha kengaytirdi. 1936-yilda kitob fondi 18398 taga, kitobxonlar esa 8595 nafarga yetdi. Namangan viloyati tashkil etilgach, 1941-yili kutubxonaga viloyat kutubxonasi maqomi berildi. Orada Namangan Andijon viloyatiga qoʻshilgani bois, endi u Namangan shahar kutubxonasiga aylantirildi. Namangan viloyati qayta tuzilgach, yana oʻz maqomini tikladi. 1980-yilda shahar markazida 4 qavatli mazkur muhtasham bino qurildi. Unga Oʻzbekiston Oliy Kengashining birinchi kotibi Sharof Rashidov tashrif buyurib, ochilish marosimida qatnashdi, kutubxonani mumtoz shoira Nodira nomi bilan atash taklifini bildirdi. Namangan Xalq deputatlari Kengashining 1980-yil 19-iyundagi 368-sonli qaroriga muvofiq Namangan viloyat kutubxonasiga XIX asrning birinchi yarmida ijod qilgan taniqli oʻzbek shoiri Mohlaroyim Nodira nomi berildi.
Mamlakatimizda kutubxonalar faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu tizim faoliyati tubdan takomillashtirildi. Mazkur hujjatga muvofiq, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimiga oʻtkazildi. Milliy kutubxona qoshida viloyat, shahar, tuman kutubxonalari faoliyati qayta yoʻlga qoʻyilib, ularning moddiy-maʼnaviy imkoniyatlari kengaytirildi. Namangan viloyati bosh kutubxonasi ham katta imtiyozga ega boʻldi.
Axborot-kutubxona markazi boy merosga ega boʻlib, XVII-XVIII asrga taalluqli kitoblar, 1940-yildan buyon chiqarilgan gazeta va jurnallarni saqlab kelmoqda. Bu maskanga direktorlik qilgan Muborak Boboxonova, Moʻminjon Muhammadiyev soha rivojiga barakali hissa qoʻshdilar. Kutubxonani 22 yildan beri boshqarayotgan Mavluda Joʻraboyevaning samarali mehnati eʼtirofga loyiq. Shu yerda qariyb 30-40 yillardan buyon ishlab kelayotgan oʻz ishining jonkuyarlari kitobxonlarga sifatli xizmat koʻrsatmoqda. Ikki yildirki, Prezidentimizning yuqorida tilga olingan qaroriga asosan 21-mayni kutubxonachilar kuni sifatida nishonlashmoqda.
2019-yil mazkur qutlugʻ maskan tarixida unutilmas boʻlib muhrlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning shu yil 28-fevral – 1-mart kunlari Namanganga tashrifi chogʻida viloyat kutubxona markazini zamon talablariga mos ravishda qayta taʼmirlash, kitob fondini boyitish, mutolaa uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha topshiriq bergandi. Shundan soʻng ishlar jadallashib ketdi. Axborot-kutubxona markazi rekonstruksiyasi va taʼmirlash ishlariga Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi mablagʻlari hisobidan 10 mlrd. soʻm ajratildi. Viloyat hokimligi tomonidan 1,5 mlrd. soʻmga yaqin obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar hamda viloyat faollari ishtirokida oʻtkazilgan 9-sonli majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Namangan viloyati hokimining 2019-yil 23-maydagi 383-sonli hamda Namangan shahar xokimining 2019-yil 24-maydagi 662-sonli qarorlariga asosan, Nodirabegim nomidagi Namangan viloyati axborot-kutubxona markazi deb nomlanishi belgilab qoʻyilgan. Yil yakunida, yaʼni 23-dekabrda nomi biroz oʻzgartirilib, mukammal taʼmirlangan yangi bino foydalanishga topshirildi. Tantanali tadbirda Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi. Kutubxonani viloyat hokimligi yana 60 ming dona kitob bilan boyitdi. Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan 50 mln. soʻmlik eng sara adabiyotlar sovgʻa qilindi.
Hozirda kutubxonada 600 ming kitob fondi mavjud, ularning 35 foizini davlat tilidagi kitoblar tashkil etadi. Bu dargoh shahar va tumanlardagi mavjud 18 ta kutubxonalar, 3 ta oliy oʻquv yurti, 118 ta axborot-resurs markazi, xalq taʼlimiga qarashli ARMlar va mahallalardagi kutubxonalarga uslubiy markaz hisoblanadi. Axborot-kutubxona markazi viloyat aholisi, kitobxonlari hamda yoshlari uchun eng sevimli joyga aylangan. Masofadan turib kitob oʻqish uchun viloyatlar hamda rivojlangan davlatlar kutubxonalari bilan elektron kitob oʻqish imkoniyati ham yaratilgan. Xorijiy ilm-fan axborot resurslari bilan taʼminlangan va foydalanuvchilarga taqdim etib borilmoqda.
Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi bir vaqtning oʻzida 450 nafar kitobxonga xizmat koʻrsata oladi. Bu yerdagi 574 mingdan ziyod kitobdan 200 mingi badiiy asarlar, 5000 nomdagi elektron kitoblardir. Bundan tashqari, 100 mingdan ortiq jurnallar, yirik adaddagi gazetalar oʻtmish solnomalari sifatida oʻqilmoqda. 1000 dan ortiq nodir adabiyotlar esa nihoyatda qadrlanib mutolaa qilinadi.
- Internet rivojlangani bilan kitob va gazeta mutolaasiga boʻlgan talab saqlanib qolaveradi. Axborot-kutubxona markazimizdan kitobxonlarning qadami aslo uzilgani yoʻq, deyarli har kuni taʼlim muassasalari jamoalari bizning binoga sayohat uyushtirishadi, - deydi biz bilan suhbatda Mavluda Joʻraboyeva. – Shu yilning oʻtgan uch oyi mobaynida fondimiz 708 taga koʻpaydi, foydalanuvchilarimiz 21 ming 310 nafarni, yangi aʼzolar 1425 nafarni tashkil etdi. 2020-yilning koʻp davri karantin cheklovlari bilan kechgani bois yil davomida 59 ming nafar kitobxon dargohimizga kelgan boʻlsa, 2021-yil birinchi choragining oʻzida ularning soni 29 ming 322 nafarga yetdi. Foydalanilgan resurslar esa 80742 tadan iborat boʻldi.
Hududda yuqori tezlikdagi internetga ulangan WI-FI hududi ham bor. Rekonstruksiyadan soʻng zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan binoda “Bookcafe”, yangi adabiyotlarning koʻrgazmalar zali, media va internet zali, xorijiy yozuvchilar asarlarini oʻqib-oʻrganish uchun oʻquv zali, shuningdek, Oʻzbekiston, yoshlar va ilmiy zallar mavjud. “Bilimdonlar”, “Shahrizoda”, “Baynalmilal doʻstlik”, “Habib Saʼdulla” kabi klublar faoliyat yuritmoqda. Oʻquv markazi hamda bolajonlar zali bejirim jihozlangan. Nodirabegim zalida bu xalqona shoiraning hayoti va ijodi, u yashab oʻtgan davrdan hikoya qiluvchi eksponatlar ham joylashtirildi.
- Men tahsil olayotgan universitet “Nodirabegim” kutubxonasiga yaqinligi, va albatta, xohlaganim uchun tez-tez qatnab turaman, - deydi Namangan Davlat universiteti talabasi, yosh adib Shahzod Ergashaliyev. - Bu binodagi ajoyib muhit meni doim oʻziga chorlaydi, bosma nashrlarning hidi dimogʻimga urilib, kayfiyatimni koʻtaradi. Ziyo maskanida viloyatimizning taniqli shoir-yozuvchilari ishtirokida oʻtkaziladigan ijodiy uchrashuvlarda muntazam qatnashishga intilaman. Talaba boʻlsam, shu kutubxonaga koʻp boraman, deb dilimga tukkandim. Chunki oʻquvchiligimda sayohatga kelganimizda faol kitobxonlarni koʻrib havasim oshgandi. Mana, ayni dam oʻsha yoqimli onlar ogʻushidaman. Qarang, kimdir jurnal varaqlagan, birov kitobga “shoʻngʻigan”, boshqasi esa internetdan zarur maʼlumotini qidiryapti, nafis suhbatlar quloqqa chalinadi. Matematika fakultetida oʻqisam-da, hikoyalar yozaman. Ijod namunalarim yuksak eʼtirof qozonib, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining tavsiyasi bilan “Birinchi kitobim” loyihasida katta adadda ilk kitobim chop etildi. Bugun oʻsha “Ufqqa tutash yoʻl” nasriy toʻplamim mazkur axborot-kutubxona markazidan joy olganidan, uni mutolaa qilishayotganidan juda xursandman.
Xullas, sizga hikoya qilingan ziyo maskaniga kirgan kishining koʻzi quvonishi, koʻngli toʻlishi, tafakkuri yuksalishi aniq. Qishda ham, yozda ham moʻtadil havo kitobxon uchun, saqlanayotgan kitoblar uchun ham birday qulayligi bilan eʼtiborni tortmoqda, dovruq qozonmoqda.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.