Parijdagi yozgi olimpiadani katta xayajon va qiziqish bilan kuzatish asnosida yurtdoshlarimiz gʻalabalardan quvondi, gʻururlandi, magʻlubiyatlardan ranjidi. Olimpiadaga tayyorgarlik, gʻoliblarga ajratilgan mablagʻ va mukofotlarga turlicha yondoshuvlar boʻlyapti va bu tabiiy jarayon. Jamiyat plyuralistik qarashlar yordamida rivoj topadi, savol qoʻya oladigan, konstruktiv tanqid, tahlil qilish, adekvat mulohaza bildirish koʻnikmasiga ega insonlar bilan taraqqiy etadi.
Sportga katta mablagʻ ajratish shartmi, musobaqalardagi gʻalabalar nimani anglatadi, ragʻbat nima beradi? Keling, shu savollar atrofida fikrlab koʻramiz. Davlatning sportga katta mablagʻ ajratishi shart yoki shart emasligi turli omillarga bogʻliq. Bu omillar davlatning iqtisodiy holati, aholining sportga qiziqishi, xalqaro maydondagi maqsadlari va milliy siyosatining ustuvorliklariga koʻra belgilanadi. Mablagʻ ajratishning muhim jihatlari haqida gap ketganda, iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishni aytish zarur. Yaʼni, katta mablagʻ ajratish sport infratuzilmasini rivojlantirish, yangi sport inshootlarini barpo etish va sportchilarni qoʻllab-quvvatlash uchun kerak boʻladi. Bu, ayniqsa, yuqori darajadagi raqobatchi sportchilar tayyorlash uchun ahamiyatli.
Keyingisi – jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish davlat sportga mablagʻ sarflab, aholining umumiy sogʻligini yaxshilashga yordam beradi.
Mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish, yaʼni davlatning xalqaro maydondagi imijini yaxshilash uchun sportga mablagʻ ajratish shart boʻlishi mumkin. Katta sport musobaqalaridagi yutuqlar davlatning dunyodagi nufuzini oshiradi.
Maxsus maqsadlarga erishish uchun mablagʻ ajratish. Agar davlat sportni strategik maqsadlar uchun, masalan, yoshlarni jismonan sogʻlom qilib tarbiyalash, millat birligi yoki ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash maqsadida koʻrayotgan boʻlsa, kerakli sarmoya ajratish kerak boʻladi.
Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti, taniqli siyosiy arbob Nelson Mandela “Sport dunyoni oʻzgartirish kuchiga ega. U odamlarni birlashtirishda, umid yaratishda va ijtimoiy toʻsiqlarni yengishda hukumatlardan koʻra kuchliroqdir”, degan edi. 1995-yilda Rugby World Cup finali “Springboks” jamoasining gʻalabasini nishonlashda u oʻzining mashhur “Bir jamoa – bir mamlakat” shiorini qoʻllagan, bu esa butun mamlakatni birlashtirishga xizmat qilgan edi.
Qatardagi futbol boʻyicha Osiyo kubogidan boshlangan tendensiya Parij olimpiadasida davom etdi va markaziy osiyoliklarning jipsligi ramzi sifatida tarixga muhrlandi. Oʻzaro yutuqlardan quvonish haqidagi postlar, xabarlar, izohlar ijtimoiy tarmoqlarni toʻldirdi. Ayniqsa, Olimpiadaga murabbiysiz kelgan qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek uuluga oʻzbekistonlik Akmal Husanovning sekundanlik qilgani va uning finalga chiqib, qirgʻiz sporti uchun tarixiy natija koʻrsatgani tillarda doston boʻldi. Finalda aynan oʻzbekistonlik bokschi Abdumalik Xalokovga yutqazib qoʻygani qirgʻizistonliklarni aslo xafa qilmadi. Ular bu natija uchun yordam bergan Akmal Husanovga minnatdorlik bildirib, oltin bilan oʻzbekistonliklarni chin dildan tabriklashdi.
Bu voqea millionlab insonlarni hayajonga soldi. Millionlab yoshlar, bolalar birodarlik, doʻstlik, mardlik haqida katta ehtimol bilan bir umr xotirasida qoladigan hikoya eshitdi. Oʻzbekistonlik, markaziy osiyolik, turkiy, musulmon, yaxshi insonlar bilan zamondosh ekanidan gʻururlandi.
“Futbol biz uchun na faqat oʻyin, balki u mamlakatimiz uchun hayot tarzi va milliy faxrning yorqin ramzi”, deganida “futbol qiroli” Pele taxminan shularni nazarda tutgan boʻlsa kerak.
Vatandoshlarimiz, farzandlarimizning yutuqlari, gʻalabalaridan faxrlanish zavqi har bir sohada yoʻldoshimiz boʻlsin!
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi axborot xizmati