Bir nechta to'lov tizimlarida ishlovchi kobeyjing to'lov kartalari haqida bilasizmi?

    Moliya 2 Oktabr 2020 1261

    Davlatimiz bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 15 foizdan 60 foizga oshirishga qaratilgan 2020-2025 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish hamda tijorat banklarining transformatsiya jarayonini jadallashtirish bo'yicha tizimli islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.

    Natijada tijorat banklari o'rtasidagi raqobat muhiti ham yangicha ishlash va mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmat turlarini muntazam yangilab borish hisobiga takomillashmoqda.

    Xususan, «Qishloq qurilish bank» tizimida mavjud 42 ta filial, 33 ta minibank, 11 ta «Bank xizmatlari ko'rsatish markazlari», 201 ta shoxobchalar orqali aholiga ko'rsatilayotgan bank xizmatlarini zamona talablari asosida takomillashtirib borishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Bu haqida «Bank kartalariga asoslangan yangi bank xizmatlari» mavzusida o'tkazilgan matbuot anjumani alohida qayd etildi.

    Anjumanda bank boshqaruvi rahbariyati va tegishli tarkibiy tuzilmalar mas'ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
    Unda kontaktsiz to'lovlar, shu jumladan xalqaro to'lov tizimlaridan foydalangan holda rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash, hamda bu sohadagi normativ-huquqiy bazasini rivojlantirish maqsadida 2018-2019 yillarda xalqaro to'lov tizimlari bilan birgalikda bir nechta to'lov tizimlarida ishlovchi kobeyjing to'lov kartalari muomalaga kiritilgani haqida ma'lumot berildi.

    Qayd etilganidek, Uzcard va UnionPay to'lov tizimlarini o'zida mujassamlashtirgan kobeyjing kartochkalari hamda VISA CLASSIC va
    VISA GOLD xalqaro to'lov kartalari muomalaga chiqarildi.


    – «VISA CLASSIC» xalqaro to'lov kartalari orqali dunyoning 200 dan ortiq mamlakatida joylashgan «VISA» logotipi mavjud bo'lgan muassasalarda to'lovlarni amalga oshirish mumkin,– deydi bank kartalari biznesini rivojlantirish departamenti boshlig'i Javohir Alimov.– Hozirda bank emissiya qilgan VISA CLASSIC kartalarini internet orqali firibgarlikdan himoyalash maqsadida 3D-Secure xizmatlari joriy qilingan.


    Bank mijozlari «VISA CLASSIC» va «VISA GOLD» xalqaro to'lov kartalaridan xorijiy davlatlarda davolanish, ta'lim olish, mehmonxona bron` qilish va xizmatlar uchun to'lovni amalga oshirish, turli savdo va xizmat ko'rsatish korxonalardan chegirmalar olish, zarur hollarda tibbiy va yuridik yordam olish, chakana savdo va internet do'konlarda mahsulotlar xarid qilishi mumkin.

    YAna bir muhim yangilik, joriy yilda yurtimiz banklari orasida ilk bor ATB «Qishloq qurilish bank» Uzcard to'lov tizimi bilan birgalikda «Cash-in/Cash-out» funktsiyasiga ega bankomatlarda avtomatlashtirilgan shaklda valyuta sotib olish xizmatini yo'lga qo'ydi. O'z navbatida, ayirboshlangan xorijiy valyutani bankomat orqali to'g'ridan-to'g'ri bank kartasiga kirim qilish imkoniyati ham yaratildi.

    Bugungi kunda bank mazkur xizmatni ko'rsatadigan bankomatlar sonini oshirish ustida ish olib bormoqda. endi «QQB Mobile» ilovasi orqali dunyoning 170 dan ortiq mamlakatidan yuborilgan pullarni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish, eng asosiysi, kelib tushgan pulni to'g'ridan-to'g'ri bank plastik kartasiga kirim qilish mumkin.

    Umuman olganda, bank va Retail – yangi bank xizmatlarini joriy etish borasida ko'rilgan choralar avvalo, mijozlar uchun qator qulayliklar yaratayotganini quyidagi raqamlar orqali ham ko'rish mumkin. Ayni paytda 46 dan ortiq ATM 24/7 o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish shahobchalari tashkil etilgan. Ular orqali bank filiallariga bormasdan turib, 35 dan ortiq to'lovlarni amalga oshirish mumkin.

    Mavjud 45 ta avtomatlashtirilgan valyuta ayriboshlash bankomatlari orqali yil boshidan 2.725 mln. AQSH dollari ayriboshlandi.
    Pandemiya sharoitida aholiga masofaviy bank xizmatlari ko'rsatishga ham e'tibordan chetda qolmadi. Bank mobil ilovasi orqali plastik kartalarga on-line tarzda arizalar qabul qilish va buyurtmalarni mijozlarning uylariga etkazib berish xizmati yo'lga qo'yildi.

    «HUMO» bankomatlari va terminallari «VISA» va «Mastercard» xalqaro to'lov tizimlariga integratsiya qilingan bo'lib, «VISA» va «Mastercard» xalqaro bank kartalari «HUMO» bankomatlari va terminallari orqali milliy valyuta so'mda to'lovlarni amalga oshirishlari mumkin.