Mana yarim yildirki, koronavirus pandemiyasi sharoitida ushbu naqlning haqiqiy maʼnosini anglab yetdik. Darhaqiqat, karantinda koʻpgina qadriyatlarning, biz uchun muhim narsalarning mazmuni umuman oʻzgarib ketdi.

Koronavirus kirib kelishidan bir necha oy oldin hukumat tomonidan oʻz vaqtida oʻrnatilgan cheklovlar, ommaviy axborot vositalarimizning faol targʻiboti va, eng asosiysi, xalqimizning xavfni toʻgʻri anglab yetgani bois kasallik maʼlum vaqtga jilovlandi. Ammo koʻpgina xorij mamlakatlarida boʻlgani kabi kasallikning ikkinchi toʻlqini birinchisidan bir necha barobar kuchli keldi. Birinchi toʻlqindagi bir oyda kasallanganlar miqdori bugungi kunda muayyan soatlar ichida aniqlanmoqda. Afsuski, kasallikdan vafot etganlar soni ham bir necha baravar koʻpaydi.

Oʻz-oʻzidan bosimning ortib ketishi kasallikka qarshi kurashda shifokorlar va sanitariya-osoyishtalik markazlari xodimlarining ish sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir oʻtkazmasdan qolmadi. Tibbiyot xodimlari, koykalar, test olish komponentlari soni kasallik oʻsish dinamikasiga nomutanosibligi sababli qiyinchilik­lar kelib chiqdi.

Buni bartaraf etish boʻyicha bir necha yigʻilishlarda Prezidentimiz tomonidan qatʼiy topshiriqlar berildi hamda zaruriy barcha choralarni koʻrish lozimligi taʼkidlandi. Albatta, topshiriqlar ijrosini taʼminlanish uchun qoʻshimcha koykalar shakllantirildi, zaruriy dori vositalari zaxiralari yaratildi, kasallikning yengil formasidagi uyda davolanayotganlarga bepul dori vositalari yetkaziladigan boʻldi, ularga xizmat koʻrsatuvchi tezkor guruhlar soni oshirildi.

Ammo tan olish kerakki, davlat har qancha harakat qilmasin, bu dushman ustidan gʻolib boʻlish uchun buning oʻzi yetarli boʻlmaydi. Virusga qarshi jangda davlatning asosiy tayanchi xalqimiz, odamlarimiz hisoblanadi. Barcha sohalar, barcha fuqarolar uchun qiyin boʻlib turgan davrda har bir kishi belgilangan talablarga, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishini soʻrab qolamiz.

Dono xalqimizda kasallikni davolagandan koʻra oldini olgan maʼqul, degan naql bor. Ushbu virus ham bizga yuqmagan paytda himoya vositalarini qoʻllagan taqdirimizda oddiy zarradan farqi yoʻq. Shunchalar kuchsiz va ojiz, ammo ehtiyotsizligimiz yoki bosh­qa sabab bilan ichimizga tushib olsa, uning kuch-qudrati oshib boradi. Oʻzimiz bilan birga atrofimizdagi yaqinlarimizga ham hujumga oʻtadi.

Shu bois, sogʻligʻimiz, yaqinlarimiz taqdiri uchun, eng avvalo, oʻzimiz barcha masʼuliyatni zimmamizga olgan holda kasallikning yaqinlashishiga, qadrli insonlarimizga zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaylik. Birgina qilingan befarqlik sabab qanchadan-qancha muammolar, ogʻriqlar, ayriliqlar kelib chiqayotganini barchamiz koʻrib, bilib turibmiz.

Shuning uchun hushyorlikni har qachongidan kuchaytirib, beparvolik, loqayd­lik singari illatlarga chek qoʻyish darkor. Bu orqali biz nafaqat oʻzimizni asraymiz, balki ahvoli ogʻir yotgan yurtdoshlarimizga shifokorlarning yana-da koʻproq vaqt ajratishi, eʼtibor berishi natijasida ularning sogʻayishiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.

Virusga qarshi kurash urushga oʻxshatilayotgani bejiz emas. Bu haqiqiy kurash. Jangda esa ikki xil qahramonlar boʻladi. Birinchisi yovga bevosita qarshi chiqayotgan shifokorlar boʻlsa, ikkinchisi ularning qoʻllab-quvvatlaydigan, dalda berib turadigan, oʻz mehnati bilan kurashayotgan front ortidagilar — aholimizdir. Yaʼni ushbu ikki front birlashib, yagona kuchga aylansa, gʻalaba, albatta, biz tomonda boʻladi.

Xalqimiz koʻplab ofatlar, falokatlar qarshisida oʻzligini yoʻqotmay, sinovlardan gʻolib boʻlib, toblanib chiqqan. Bugungi kunlar ham ana shunday sinov pallasi. Ishonchimiz komilki, bu sinovlarni ham bir musht boʻlib, ahillik, hamjihatlikda, sabr-matonat bilan yengib, albatta, farovon hayotimizni izga tushirishga erishamiz.

Narimon UMAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari