Bitiruvchilar uchun asosiy uch tanlov

    Bugun yurtimizda maktab bitiruvchilari uchun imkoniyat koʻp. Oliy taʼlim muassasalarida oʻqish, startap loyihasini boshlash yoki ijodiy yoʻnalishda oʻzligini topish — bularning har biri oʻz hayotini qurishda yosh avlod uchun mustahkam oʻrin tutadi.

    Eng muhimi, tanlov shoshmashosharlik bilan emas, balki qiziqish va maqsadlar asosida amalga oshirilishi kerak. Boisi, tanlov nafaqat imkoniyat, balki masʼuliyat hamdir. Bitiruvchi qaysi yoʻlni tanlasa, keyinchalik shu yoʻlda rivojlanadi, hayotidan qoniqishi ham shu tanlovga bogʻliq. Shu sababli maktab bitiruvchilarining bugungi ehtiyoj va qobiliyatiga mos uch asosiy yoʻnalish haqidagi maʼlumotni kichik qoʻllanma sifatida taqdim etishga qaror qildik.

    Birinchi tanlov: teng imkoniyatlarga asoslangan tizimdan foydalanish

    Oliy taʼlim sohasidagi islohotlar mamlakatimizda har qachongidan ham yuqori bosqichga chiqdi. Ilm izlagan yoshlar uchun universitetlar bilim va intilish maskaniga aylandi. Eng asosiysi, har bir abituriyent uchun shaffof, adolatli va teng imkoniyatlarga asoslangan tizim yaratildi. Bu esa haqqoniylik va ishonchni yanada mustahkamladi.

    “Avval test – keyin tanlov” tizimi ayni zamonaviy va adolatli yondashuv namunasidir. Abituriyent avval test sinovlarida ishtirok etadi. Natijalar maʼlum boʻlganidan soʻng toʻplagan baliga qarab beshta OTMni tanlaydi. Shunga koʻra oʻqishga kiradi. Endi talaba qaysi universitetga tushishini avvaldan taxmin qilmaydi, balki naqadar bilimli ekanini test orqali isbotlab, soʻng imkoniyatiga mos OTM va yoʻnalishni erkin tanlaydi. Bu tizim har bir yosh uchun haqiqatan teng start, halol raqobat va adolatli qaror qilish imkonini beradi. Bunday yondashuv taʼlim sohasidagi shaffoflik va ishonchni yanada mustahkamlamoqda.

    Abituriyent oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun yetarli ball toʻplamasa ham saʼy-harakati behuda ketmaydi. U texnikumlarga oʻqishga qabul qilinishi mumkin. Bu tizim yoshlarning ruhini tushirmay, kelajagi uchun zarur kasb-hunarli boʻlishiga xizmat qiladi. Bu taʼlim muassasalarida yoshlar akademik nazariya bilan birga amaliy koʻnikmalarni ham egallaydi. Texnikumni aʼlo baholar bilan bitirgan yoshlar oliy taʼlim muassasalariga testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Bu esa bilimli, intizomli va masʼuliyatli yigit-qizlar uchun yana bir imkoniyat.

    2019/2020 oʻquv yilida davlat granti asosida 22 ming 321 abituriyent oʻqishga qilingan boʻlsa, 2024/2025 oʻquv yilida bu koʻrsatkich 44 ming 203 nafarga yetdi. Yaʼni soʻnggi besh yilda davlat granti asosida taʼlim olish imkoniyati qariyb ikki barobar koʻpaygan.

    Xotin-qizlarning taʼlim olish huquqini taʼminlash — davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan. 2020-yildan boshlab Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasiga ega boʻlgan qizlar uchun qoʻshimcha 4 foizli davlat granti ajratib kelinmoqda. 2020/2021 oʻquv yilida – 940, 2021/2022-yilda – 2000, 2022/2023-yildan boshlab har yili 2000 xotin-qiz uchun alohida davlat grantlari ajratilishi belgilandi. Shuningdek, 2022-yildan eʼtiboran magistraturaga qabul qilingan xotin-qizlarning shartnoma puli davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bundan tashqari, kamida 5-yillik ish stajiga ega, biroq oliy maʼlumoti boʻlmagan 500 xotin-qiz har yili alohida test sinovlari asosida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Ikkinchi tanlov: xorijda oʻqish va xalqaro raqobatga qoʻshilish

    — Bugungi yoshlar turli grant dasturlari orqali mahalliy va xalqaro miqyosda taʼlim olish uchun keng imkoniyatga ega. Ushbu dasturlar bakalavriat, magistratura va doktorlik darajalarini qamrab oladi. Bunday grantlar hukumat tuzilmalari va xususiy tashkilotlar tomonidan berilishi mumkin, — deydi Garvard universiteti magistranti Jahongir Saʼdiev. — Chet elda taʼlim olish — minglab yoshlarning orzusi. Biroq xorijda oʻqish bilan birga vujudga keladigan moliyaviy va boshqa koʻplab qiyinchiliklar bu yoʻlda toʻsiq boʻlishi mumkin. Bu muammoga yechim sifatida koʻplab davlatlar tomonidan iqtidorli talabalarning xalqaro universitetlarda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratilgan.

    Masalan, «Fulbright Scholarship» xalqaro talabalar dasturi bor. Ushbu dastur 155 mamlakatdan kelgan va AQSHda magistratura yoki PhD (doktorlik) darajasi olishni xohlovchi chet ellik talabalarning xarajatini toʻliq moliyalashtiradi. Grant oʻquv toʻlovi, darsliklar, aviachipta, yashash uchun stipendiya va tibbiy sugʻurtani oʻz ichiga oladi. Har yili taxminan 1800 talabaga grant ajratiladi. Oʻzim ham Yevropaning “Chevening”, DAAD, «Hungaricum», “Erasmus Mundus” kabi oʻnlab grantiga hujjat topshirib, hammasidan bir yilda qaytganim uchun nisbatan qiyin boʻlsa-da, «Fulbright Scholarship»ga hujjat topshirib, oldingi tajribalarim natijasida grantni qoʻlga kiritganman.

    FLEX dasturi esa AQSH davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur maktabning yuqori sinf va kollej/litsey oʻquvchilarining 1-yil Amerikada bepul yashash va taʼlim olishini taʼminlaydi. Gʻolib nomzodlar koʻngilli sifatida ishtirok etayotgan AQSHdagi mezbon oilada dastur mobaynida bepul yashashi va mahalliy maktabda oʻqishi mumkin.

    DAAD grant dasturi bakalavriat bosqichini tugatgan yoki uning soʻnggi bosqichida oʻqiyotgan talabalarga Germaniya universitetlarida magistratura va doktorantura bosqichida oʻqishni davom ettirish imkonini beradi.

    Turkiya Burslari grant dasturi bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichida oʻqishni toʻliq moliyalashtiradi. Dasturga barcha davlat fuqarolari ariza topshirishi mumkin. Turk tilini avvaldan bilish talab etilmaydi.

    MEXT Yaponiyaning nufuzli grant dasturidir. U Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan borgan talabalarga Yaponiyada bakalavriat, magistraturada oʻqish va ilmiy tadqiqot ishlarini davom ettirish uchun moliyaviy yordam koʻrsatadi.

    Yuqorida sanab oʻtganlarim haqida batafsil maʼlumotlar ushbu dasturlarning rasmiy veb-sahifalarida hamda boshqa ijtimoiy platformalarda keltirilgan.

    Har taraflama xavfsiz va qulay yoʻl izlayotgan boʻlsangiz, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bu borada samimiy koʻmagini ayamaydi. U orqali xorijiy davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlarida tahsil olib qaytgan stipendiatlarning keyingi muvaffaqiyatiga karab, jamgʻarmaning haqqoniy imkoniyatlarini chamalay olasiz.

    “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati boʻlib, yurt taraqqiyotiga hissa qoʻshish uchun esa hech qanday kurslarga qatnashish kerak emas. Belgilangan nizom qoidalarni yaxshilab oʻrganing. Talablar bilan tanishib chiqib, hujjatlaringizni topshiring.

    Xoʻsh, ctipendiya tanloviga hujjat topshirishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim? Birinchi navbatda, nomzodning belgilangan nizomdagi talablarga mosligi. Ikkinchidan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiya tanlovida ishtirok etmoqchi boʻlgan nomzod mustaqil ravishda xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalardan biriga oʻqishga qabul qilingan boʻlishi kerak. Shu bilan birga, stipendiya tanlovida nomzod tomonidan tanlangan mutaxassislikning ustuvorligiga alohida eʼtibor beriladi.

    Jamgʻarma stipendiya tanlovlarida ish va oʻqish joyidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarosi ishtirok etishi mumkin. Stipendiya tanlovida bakalavriat taʼlim dasturi boʻyicha — 25 yoshgacha, magistraturada — 20 yoshdan 45 yoshgacha, doktoranturada — 22 yoshdan 45 yoshgacha boʻlgan nomzodlar ishtirok eta oladi.

    Nomzodlar ikki bosqichda saralanadi: birinchi bosqich hujjatlarni nizomda belgilangan talablar asosida qabul qilish, tahlil etish va roʻyxatga olishni koʻzda tutadi. Ushbu bosqich jamgʻarma xodimlari tomonidan oʻtkazilib, uning yakunlari boʻyicha hujjatlarini jamgʻarma talablariga mos ravishda taqdim etgan, saralash tanlovining ikkinchi bosqichiga oʻtgan ishtirokchilarning yigʻma roʻyxati tuziladi. Stipendiya tanlovining ikkinchi bosqichida davlat tilida suhbat oʻtkaziladi.

    Xorijda taʼlim olishni tashkil qilish TNE (The Times Nigher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), The U. S. News and World Report (Best Global University Rankings) va ARWU (Academic Ranking of World Universitiyes) kabi xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan akademik reytinglarning eng ilgʻor 300 ta (yoki tanlab olingan fan boʻyicha yetakchi 100 ta) taʼlim va ilmiy muassasalari roʻyxatidan joy olgan xorijiy taʼlim, ilmiy hamda boshqa muassasalar doirasida amalga oshiriladi.

    Uchinchi tanlov: zamonaviy kasb oʻrganib, raqamli davr imkoniyatidan foydalanish

    Raqamli iqtisodiyotning kengayishi, sunʼiy intellekt va internet texnologiyalarining tezkor rivoji natijasida dunyo boʻylab mehnat bozori tubdan oʻzgarib boryapti. Oʻzbekiston ham bu jarayondan chetda emas. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy kasblarni oʻrganishi, raqamli sohalarda malaka oshirishi uchun turli platforma va tashabbuslar paydo boʻlayotir.

    Sunʼiy intellekt, raqamli marketing, veb-dizayn, dasturlash, milliy kontent yaratish, videomontaj, grafik dizayn kabi sohalar bozorning eng talabgir yoʻnalishlariga aylandi. Bu kasblarning asosiy afzalligi shundaki, onlayn kurslar, bootcamp dasturlari, mustaqil oʻqish vositalari orqali qisqa muddatda amaliy koʻnikmaga ega boʻlish mumkin.

    Yurtimizda bu jabhani qoʻllab-quvvatlovchi tashabbuslar, qilingan ishlar, loyihalar nihoyatda koʻp. IT kompaniyalar uchun istiqbolli boshlangʻich loyihalar, tashqi iqtisodiy zona, jumladan, ilmiy va taʼlim tashkilotlari bilan integratsiyalashgan holda ishga tushirish va bozorga chiqarishni taʼminlashga moʻljallangan obyektlar, bino va inshootlar majmuasi boʻlgan IT parkni olaylik. Faol va iqtidorli insonlar buxgalteriya hisobi, yuridik, marketing va taʼlim orqali oʻz gʻoyalarini haqiqiy biznes loyihalariga aylantirish uchun katta imkoniyatga ega boʻladigan joy.

    Bundan tashqari, sifatli milliy platforma va kontentlar mavjud. Masalan, Mohirdev milliy platforma boʻlib, asosan dasturlashga yoʻnaltirilgan. Platformada Python, JavaScript, veb-dasturlash va sunʼiy intellekt asoslarini oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlar uchun ajoyib videodarslar va qiziqarli testlar mavjud. Shuningdek, Skillbox.uz, Eduon.uz, Stepik.uz va boshqa koʻplab platformalar zamonaviy kasblarni oʻzbek tilida oʻrganishga moʻljallangan. Videoqoʻllanmalar, sertifikatlar va mutaxassislar koʻmagi orqali yoshlar koʻnikmasini mustahkamlashi mumkin.

    Hozirgi yoshlarda oʻz salohiyatini namoyon etish uchun sharoit yetarli. Ulardan talab qilinadigani — shijoat va tashabbuskorlik. Lekin buning uchun avtomobil, toʻy sabab pul ishlashni bosh maqsad qilib qoʻymaslik kerak. Rejalarni temir-tersakdan ustun qoʻying. Kasbga koʻp pul keltiradigan manba sifatida birtaraflama qaramaslik, faqat boy boʻlish haqida oʻylamaslik kerak. Siz yoqtirmagan hech bir kasb zavqlanib ishlab topgan pulingizga yetmaydi. Sizga zavq bagʻishlagan kasb esa sizni boy qilganini oʻzingiz ham bilmay qolasiz.

    Azizbek YUSUPOV,

    «Yangi Oʻzbekiston» muxbiri