Bitiruvchilarga halollikni uqtiryapmiz

    Pala-partish dori tavsiya etishga barham berish vaqti keldi.

    Axborot asrida yashayapmiz. Hayotimiz internet bilan chambarchas bogʻlanib boʻldi. Yer kurrasi geosiyosiy munosabatlar, nizolar, axborotlar, mafkuralar oqimida oʻzgarib turibdi. Xalqning tinchligi, xavfsizligini taʼminlash, millatning maʼnaviy, mafkuraviy boyliklarini saqlash har doimgidan-da dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bunday sharoitda doim fikran uygʻoq boʻlish talab etiladi.

    Oʻzbeklar azaldan uygʻoq millat. Uygʻoqlik tomirimizda, jonimizda, vijdonimizda bor. Buyuk tariximizga boqing. Dunyoni uygʻotgan bobolarimiz emasmi?! Bedorlik tojini kiygan Sohibqiron Amir Temur yetti iqlimga hukmdorlik qildi. Sulton Mirzo Ulugʻbek osmon toqiga narvon qoʻydi. Mudrab yotgan tamaddun beshigiga uygʻonmoq saodatini bergan koʻplab bobolarimizni dunyo tan olib turibdi-ku! Biz tarbiyalayotgan yigit-qizlar ana shunday ulugʻ va uygʻoq mutafakkirlarning avlodi ekanini unutmasligi shart. Bugun dunyoga nazar solish juda oson. Qoʻlimizda telefon, ijtimoiy tarmoqning xohlagan sahifasi orqali istagan mafkura targʻibotini koʻrish mumkin. Bu esa ayni paytda xavfli hamdir. Yovuz niyatli kimsalar oʻz gʻoyasi atrofiga millatidan, dinidan qatʼi nazar, koʻzga koʻringan odamni jamlab, dunyoga egalik qilishni istamoqda. Hozir odamlarda, ayniqsa, yoshlarda axborotga tashnalik kuchli. Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvli, tahlikaga soluvchi, baʼzida oʻta nafratlanarli xabarlar mentalitetimiz, qadriyatlarimizga aslo mos kelmaydi.

    Bugun Oʻzbekiston jahon ayvonida siyosiy pozitsiyasiga, nufuzi va mavqeiga ega. Ammo davlatni davlat, millatni millat qiladigan omil uning maʼnaviy qiyofasidir. Prezidentimiz bu borada juda ham taʼsirli chaqiriqni oʻrtaga tashladi: “Oʻzimizga bir savol berib koʻraylik: biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Mana, bugun maʼnaviy-maʼrifiy sohada masala qanday oʻtkir va koʻndalang boʻlib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”.

    Barcha sohadagi islohotlarimizning pirovard natijasi, bizningcha, taraqqiy etgan, dunyo bilan boʻylashgan Oʻzbekiston degan davlatning vatanparvar, el-yurt ishiga fidoyi, millatini, davlatini har qanday vaziyatda ham himoya qiladigan, rivojlantiradigan, asrab-avaylaydigan, qadriyati, ajdodlari, maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy, badiiy merosi bilan faxrlanib, unga sadoqat koʻrsatadigan avlodni tarbiyalashdir.

    Boshlangan yilimizning “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb nomlanishida ham islohotlar markazida kelajagimiz boʻlgan yoshlar siyosati ustuvorligini koʻramiz. Bu siyosat bir yil bilangina cheklanib qolmay, tizimli davom etayotir.

    Bebaho boyligimiz — inson salomatligiga eʼtiborni kuchaytirish, tibbiyot tizimini takomillashtirish borasida oldimizga qoʻyilgan vazifalar tibbiyot tizimi uchun dasturulamal boʻlib xizmat qiladi.

    Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi doimiy oʻqib-oʻrganishda, ilmiy izlanishda. Taʼlim dargohimiz 60 dan ortiq xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik oʻrnatgan. Xususan, Koreya katolik universiteti, Savitribai Phule Pune universiteti, Dr.D.Y.Patil Vidyapeeth, Pune universiteti (Hindiston), Qozon federal universiteti, A.V.Vishnevskiy nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot jarrohlik markazi, Almazov nomidagi yurak jarrohlik markazi (Rossiya) va boshqa universitetlar bilan aniq reja asosida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

    Institutimizning Hindistonda 3 ta, Janubiy Koreyada 1 ta vakolatli ofisi ochilgan. Bu oliygohimizga xorijlik talabalarni jalb etish va abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga shu davlatlarning oʻzida toʻliq javob olishga imkon beradi.

    Oʻtgan yili 40 ga yaqin xalqaro va respublika ilmiy-amaliy anjumaniga mezbonlik qildik. Institutga xorijlik mutaxassislarni jalb etgan holda maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtish yaxshi tashkil etilgan. Jumladan, 8 nafar xorijlik mutaxassis ishga qabul qilindi

    Shuningdek, 58 professor-oʻqituvchi xorijiy davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Institut xodimlari yil davomida 10 ta doktorlik, 44 ta falsafa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Shuningdek, ilmiy faoliyatda munosib izlanish qilayotgan talabalarimiz ham yutuqlari bilan ustozlarini quvontirmoqda. Ular orasida nomdor stipendiya sohiblari, nufuzli ilmiy olimpiadalar gʻoliblari borligi bizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

    Samarqand shahrida “Science box” ilmiy markazi tashabbusi bilan bir necha xalqaro tashkilot hamkorligida tashkil etilgan “Ilmiy tadqiqotchi” ilmiy-amaliy tanlovi hamda “Ilmiy tadqiqotning oʻrni: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada institutning iqtidorli talabalari faol ishtirok etib, diplom va koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Akusherlik va ginekologiya fanidan xalqaro talabalar fan olimpiadasida 6 nafar iqtidorli talaba qizimiz 1-oʻrinni egalladi.

    Isteʼdodli, bilimli talabalarimizning muvaffaqiyati haqida yana koʻplab misollar keltirish mumkin. Albatta, yutuqlar oʻzimizniki. Biz bu bilan chegaralanib qolmaymiz. Izlanish, oʻqib-oʻrganish doimiy vazifaga aylangan.

    Institutimizda 1,5 ming oʻrinli 4 ta talabalar turar joyi mavjud. Unda hozir 1550 yigit-qiz yashaydi. Yoshlarning boʻsh vaqtinimazmunli oʻtkazish uchun zarur sharoit muhayyo va turli mashgʻulotlar tashkil etilgan. U yerda institut psixologi, tarbiyachi pedagog, fakultetlar dekanining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosarlari, tyutorlar bilan hamkorlikda tizimli ishlar qilinmoqda. Bundan tashqari, ijara uylarda yashayotgan talabalarimizning yurish-turishi, tarbiyasi, mashgʻulligi doimiy nazoratimizda.

    Biz tibbiyot sohasiga malakali va bilimli kadrlar yetishtirib berish barobarida ertaga kelajagimizni bemalol qoʻliga topshira oladigan, oʻz fikriga ega, yurt quvonchu tashvishiga yelkadosh va daxldor boʻlgan yoshlar tarbiyasi zimmamizda ekanini bir lahza ham yoddan chiqarmaymiz. Shogirdlarimiz odamlarni tanasidagi dardlardan xalos etish bilan birga, ularning ongu shuuri salomatligi uchun javobgardir.

    Yana bir jihatga toʻxtalmoqchiman. Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholini sifatli va arzon dori-darmon bilan taʼminlash doimiy eʼtiborda boʻlib kelmoqda. Tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qaror qabul qilindi.

    Sifatli va hamyonbop dori-darmon taʼminoti borasidagi talablarga asosan, bemorlarga tavsiya etiladigan dori-darmonlarni tartibga solish tadbirlari boshlandi. Narxi qimmat, kelib chiqishi noaniq va jimjimador nomdagi dorilarga pul sarflashni toʻxtatish, uning oʻrniga sifatli mahalliy dorilarga oʻrin berish kun tartibiga koʻtarildi. Axir oʻtgan yili shamollashga tavsiya qilingan xorij dorisini ichish ortidan goʻdaklar qancha azob chekkani, qanchasining umri xazon boʻlgani barcha uchun katta saboq boʻldi. Bunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun tizimda jiddiy oʻzgarishlar qilish taqozo etilmoqda.

    Pala-partish dori tavsiya etishga barham berish vaqti keldi. Shuningdek, shifokorlar va turli farmatsevtika kompaniyalarining oʻzaro manfaatli hamkorligiga ham nuqta qoʻyish shart. Tibbiyot muassasalaridagi dori firmalari taqvimlari, yorliqlari, esdalik bukletlar va boshqa reklama jihozlari bemorni chalgʻitmasligi kerak. Bugun bitiruvchilarimiz oʻqishdan uzilmagan holda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritmoqda. Ish jarayonida mana shu jihatlarga eʼtibor qaratishni uqtiryapmiz. Chunki shu Vatanda yashar ekanmiz, faoliyatimizning har lahzasida unga daxldor ekanimizni his qilish burchimizdir.

    Madamin MADAZIMOV,
    tibbiyot fanlari doktori, professor