BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi

    Xalqaro hamkorlik 21 Dekabr 2023 1159

    BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.

    Rezolyutsiya matnini ishlab chiqish va kelishish boʻyicha hukumatlararo muzokaralar jarayoni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida boʻlib oʻtdi. Maslahatlashuvlarda dunyoning barcha qitʼalaridan, jumladan AQSH, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Saudiya Arabistoni, Misr, Argentina, Braziliya, Meksika kabi yuzdan ortiq davlatlarning ekspertlari faol ishtirok etishdi. Ular, shuningdek, matnni oʻziga xos mazmun bilan toʻldirish va umumiy konsensusga erishish uchun koʻplab takliflarni kiritdilar.

    Hujjat matnida Oʻzbekiston Prezidentining qator tashabbuslari, jumladan, “Markaziy Osiyo uchun «yashil” kun tartibi» va uning mintaqada barqaror rivojlanishga koʻmaklashishdagi roli alohida qayd etilgan. Rezolyutsiyada BMTga aʼzo davlatlar Oʻzbekistonning Xalqaro iqlim forumini 2024-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish tashabbusini ham olqishladilar.

    Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarga eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati alohida taʼkidlangan. Shu bois, xalqaro hamjamiyatga ushbu jamgʻarmani faol qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish toʻgʻrisida murojaat yoʻllangan.

    Hujjatda choʻllanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashda innovatsion usullar va yangi texnologiyalarni joriy etish muhimligi qayd etilgan. Joriy yilning 13-17-noyabr kunlari Samarqandda BMTning Choʻllanishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi va Qum va chang boʻronlariga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishi Markaziy Osiyoda ilk bor muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qarshi olindi.

    Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda iqlim va ekologik tahdidlarga samarali qarshi kurashish maqsadida barqaror qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, barqaror turizmni rivojlantirish, “aqlli shaharlar” va barqaror transportni yaratish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

    Bosh Assambleya, shuningdek, BMT tizimi, xalqaro va moliyaviy institutlar, xususiy sektor, investorlar va donorlarga Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni hal qilish uchun resurslarni safarbar etish, salohiyatni oshirish va yordam koʻrsatishni davom ettirishni tavsiya qiladi.

    Rezolyutsiyada Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi tashabbuslari ham bayon etilgan.

    Hujjat barcha Markaziy Osiyo davlatlari nomidan taqdim etildi.

    Rezolyutsiya hammualliflari qatoriga Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Xitoy, Singapur, Vengriya, Vyetnam, Ozarbayjon, Armaniston, Malayziya, Indoneziya, Misr, Iordaniya, Paragvay (BMTning barcha mintaqaviy guruhlari vakillarini qamrab olgan) kabi davlatlar ham kirdi.

    Rezolyutsiya qabul qilingandan soʻng BMT Axborot xizmati “BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarga qarshi kurashish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi” sarlavhali maqolani eʼlon qildi.

    Unda qayd etilishicha, iqlim oʻzgarishi zamonamizning eng murakkab muammolaridan biri boʻlib, barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanishi uchun jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

    Maqola mualliflarining yozishicha, sentyabr oyida BMTda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Keyingi 30-yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga koʻtarilganini taʼkidlagan. Bu – dunyodagi oʻrtacha isishdan ikki karra koʻpdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yoʻqolib ketdi. “Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda”, Oʻzbekiston Prezidenti nutqidan iqtibos keltirgan BMT Axborot xizmati.

    BMT ixtisoslashtirilgan idoralari vakillari rezolyutsiya boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini yuqori baholadilar va respublika rahbariyati hamda koʻp millatli xalqimizga samimiy tabriklarini yoʻlladilar.

    “BMT - suv resurslari” texnik maslahat mexanizmi dasturi rahbari Leanne Berney:

    - Biz BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yoʻlida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilinganini olqishlaymiz. Ushbu muhim rezolyutsiyada belgilangan suv resurslaridan oqilona foydalanish, kambagʻallikni qisqartirish, ekotizimlarni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash kabi asosiy ustuvor vazifalar “BMT – suv resurslari” dasturi maqsadlariga toʻla mos keladi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleyaning 78-sessiyasidagi maʼruzasida suv resurslari muammolariga alohida eʼtibor qaratganidan xursandman. Oʻzbekiston rahbari oʻz maʼruzasida olti marta suv muammosini tilga oldi. Bu bizni chuqur ruhlantirdi. “BMT – suv resurslari” davlatingiz rahbarining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qatʼiy intilishini tasdiqlayman.

    BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy boshqarmasi rahbari Natalya Alonso Kano:

    - Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha boshqarmasi nomidan ushbu muhim va oʻz vaqtida qabul qilingan rezolyutsiya tashabbusi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. U Markaziy Osiyoda ekologik muammolarga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqlim oʻzgarishiga moslashishga koʻmaklashishga qaratilgan.

    Oʻzbekiston mintaqada tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi. 2021-yilda Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari favqulodda vaziyatlar vazirlarining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ilk bor Markaziy Osiyoda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Mintaqaviy strategiya qabul qilindi. Oʻzbekiston mintaqaviy forumlardan tashqari, tabiiy ofatlarni kamaytirish sohasidagi global saʼy-harakatlarga ham oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

    Biz Oʻzbekistonning 2024-yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumini muvaffaqiyatli oʻtkazishi orqali ushbu yoʻnalishdagi faol rolini davom ettirishiga ishonch bildiramiz.