Boks Oʻzbekiston imiji yuksalishiga xizmat qiladi

    Suhbat 28 May 2021 4614

    Bugun oʻzbek bokschilarini dunyo taniydi. Ular ring qiroliga aylangan. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida bokschilarimiz dunyoning 10 ga yaqin davlatida oʻtkazilgan xalqaro musobaqalarda 80 ga yaqin medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, shundan 30 dan ortigʻi oltindir.

    Prezidentimizning 2021-yil 29-apreldagi “Boksni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori oʻzbek boksini yangi bosqichda rivojlantirish, yana-da sharafli yutuqlarni qoʻlga kiritish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini bundan-da oshirish yoʻlida muhim huquqiy asos boʻldi, deyish mumkin.

    Oʻzbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murodjon MAMMADALIYEV bilan suhbatimiz ushbu qaror ijrosini taʼminlash, oʻtgan davr mobaynida sohada amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida boʻldi.

    — Suhbatimiz avvalida Prezidentimiz qarori ijrosini taʼminlash borasida Oʻzbekiston boks federatsiyasi tomonidan qilinayotgan ishlar hamda mazkur hujjatning mamlakatimiz boks maktabining kelgusi faoliyatiga taʼsiri toʻgʻrisidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.

    — Shubhasiz, bu qaror Oʻzbekistonda boksni rivojlantirishning ustuvor vazifalarini belgilab berdi. Har bir sohaning rivoji, uning jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega boʻlishi tegishli dasturlar, rejalar, tamoyillar bilan belgilanadi. Jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, uning taraqqiyotini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda oʻta muhim qaror va farmon, konsepsiya, dasturlar qabul qilindi. Beshta muhim tashabbus, Oʻzbekiston sportini 2019-2021-yillarda rivojlantirish konsepsiyasi, turizm va sport tizimini takomillashtirish, aholini ommaviy sport tadbirlariga keng jalb etish kabi davlat ahamiyatiga molik qator hujjatlar shular jumlasidan.

    Biz oʻtgan yillar mobaynida aynan shu hujjatlar asosida ish olib bordik va muayyan natijalarga erishdik. 2019-yilgi jahon chempionatida, Olimpiya saralash musobaqalarida va boshqa xalqaro sport tadbirlarida erishgan yutuqlarimizning tub negizi mazkur hujjatlar ijrosidir, deyish mumkin.

    Prezidentimizning “Boksni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tom maʼnoda yangi gʻalabalar, oʻzbek boksining jahondagi obroʻ-eʼtiborini yana-da mustahkamlash uchun muhim hujjat boʻlib xizmat qiladi. Bunday deyishimizga sabab shuki, 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasigacha Oʻzbekiston boks federatsiyasi doimiy tarzda terma jamoani shakllantirish boʻyicha ish olib borardi. Murabbiy va mutaxassislar katta bosim ostida ishlardi. Terma jamoalarga nomzodlarni saralash uchun musobaqalar oʻtkazishda har yili yangicha tartib-qoidalarni joriy etish, izlanish qilish maqsadida sport sohasi rahbariyatiga takliflar kiritardik. Oʻz navbatida, ular buning qonuniy asosini talab qilardi, biz esa boksda kuchli sportchilarni tanlashda yangicha tartiblarni joriy etishni istardik. Mazkur hujjat biz orzu qilgan jihatlarga toʻla mos boʻlib, terma jamoaga har tomonlama salohiyatli sportchilarni tanlash mexanizmi joriy etilishiga zamin hozirladi.

    Qayd etish joizki, 2020-yilgi epidemiologik vaziyatga qaramay, yil davomida 20 ga yaqin ­ommaviy boks musobaqasi tashkil etildi va ularda 4 mingga yaqin sportchi qatnashdi. Oʻzbekistonda boks boʻyicha murabbiylik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar soni 1,5 mingdan oshdi. Ammo bu juda kam. Shunday boʻlsa-da, murabbiy va mutaxassislarimiz doimiy izlanishda. Oʻtgan yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida federatsiyamiz boʻlimlari tashkil etildi. Ularga tajribali murabbiylar, sportchilar biriktirildi. Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlari yoshlari uchun jahon va Olimpiya oʻyinlari chempionlari boʻlgan taniqli sportchilarimiz Muhammadqodir Abdullayev, Oʻtkirbek Haydarov, Fazliddin Gʻoyibnazarov va Iqboljon Xoldorov doimiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari oʻtkazib kelmoqda.

    — Yangi qaror bilan oʻzbek boksi olamida nimalar oʻzgaradi?

    — Ochigʻini aytish kerak, 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasiga qadar boks boʻyicha ­Oʻzbekiston terma jamoasining asosiy tarkibi va zaxirasini hisobga olmaganda, yoshlar, oʻsmirlar, qizlar terma jamoasini doimiy eʼtibor markazida ushlab turish qiyin masala edi. Toʻrtta tarkibni shakllantirish, ularning doimiy oʻquv mashgʻulotlarini taʼminlash murakkabligini bu ishlarning ichida yurgan odam biladi. Bugun faxr bilan aytish kerakki, davlatimizning eʼtibori, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va hamkor tashkilotlar koʻmagi orqali boks boʻyicha barcha yoʻnalishlarda Oʻzbekiston terma jamoasi toʻliq shakllantirildi. Ularning zaxirasi taʼminlandi.

    Prezidentimizning qarori terma jamoalarni iqtidorli sportchilar bilan taʼminlash, seleksiya tizimini rivojlantirishga beqiyos yordam beradi. Boisi, qarorda koʻrsatib oʻtilganidek, endi Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boks boʻyicha oliy sport mahorati maktablari davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etiladi. Bundan tashqari, 2025-yilgacha sport taʼlimi muassasalaridagi boks bilan muntazam shugʻullanadigan oʻquvchilar sonini 27 ming nafargacha yetkazish nazarda tutilgan.

    Qarorda iqtidorli bokschilarni tanlash va saralash, ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilangan. Xoʻsh, yangicha tizim degani nima?

    Mahoratli sportchini kamolga yetkazishda uchta muhim boʻgʻin mavjud. Maktab — oliy mahorat maktabi — terma jamoa. Shu paytgacha bu ketma-ketlikda uzilishlar mavjud edi. Endigina boks zaliga kirib kelgan bolani oliy mahorat maktabiga yetmasdan yoʻqotib qoʻyardik. Yoki oliy oʻquv yurtlarining jismoniy madaniyat fakultetida boks mutaxassisligi yoʻnalishida oʻqiyotgan boʻlgʻusi kadrlarni keyinchalik “topolmay” qolardik. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur hujjat Oʻzbekiston boks oilasi taraqqiyotini yagona bir tuzilma koʻrinishiga olib kelishni belgiladi.

    Kelajakda boks toʻgaragiga qadam qoʻyib, toki katta hayot maktabiga uchirma boʻlguncha va undan keyingi faoliyati davomida ham u oʻzbek boksining yagona elektron bazasida qayd etib turiladi. Boshqacha aytganda, hayotini boks bilan bogʻlagan sportchi boʻladimi, boʻlgʻusi boks murabbiyi yoki mutaxassisimi, uning sport koʻrsatkichlari doimiy tarzda kuzatilib, tahlil etib boriladi.

    Bugun Oʻzbekistonda boksni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 266 sport taʼlimi muassasasi faoliyat yuritadi. Shundan 230 tasi bolalar-oʻsmirlar sport maktabi, 13 tasi sportning yakkakurashga ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabi, 15 tasi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati, 8 tasi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktab-internat.

    — Yaqinda poytaxtimizdagi “Humo arena” sport saroyida boks boʻyicha nufuzli musobaqa oʻtkazildi. Ayting-chi, mamlakatimizda boksga ixtisoslashgan zallarning umumiy holati qanday?

    — Haqiqatan, “Humo arena” sport saroyida oʻtkazilgan musobaqa Vatanimiz sport tarixida oʻziga xos voqelik boʻldi. Ushbu boks janglari toʻgʻridan-toʻgʻri dunyoning 100 dan ziyod davlatida DAZN teleplatformasida namoyish etildi. Shu paytgacha yurtimizda oʻtkazilgan biror sport musobaqasi bu qadar katta auditoriyani qamrab olmagan edi.

    Boks zallari holatiga toʻxtaladigan boʻlsak, mamlakatimizdagi mavjud 209 sport zalida boks mashgʻulotlarini tashkil etish mumkin. Oʻzbekistondagi 5 ta sport majmuasida nufuzli boks musobaqalarini oʻtkazish uchun sharoit bor. Lekin yurtimizda boksga har tomonlama ixtisoslashtirilgan maxsus boks majmuasi mavjud emas. Shu maʼnoda, Prezidentimiz imzolagan qaror asosida kelgusi 5 yil ichida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 7 ta maxsus boks zalini tashkil etish belgilangani Oʻzbekistonning boks rivojlangan yetakchi davlatlardan biri boʻlib qolishiga xizmat qiladi.

    — Yurtimiz bokschilarining gʻalabali odimlari xalqimizning gʻurur-iftixoriga aylangan. Ayting-chi, Oʻzbekiston terma jamoasining mustaqil jamoa sifatida xalqaro musobaqalarda ishtiroki qachondan boshlangan?

    — Oʻzbekiston boks terma jamoasi mustaqil jamoa sifatida ilk bor 1993-yildagi jahon chempionatlarida, 1994-yildan Osiyo oʻyinlarida, 1996-yildan esa Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishni boshlagan. 2000-yilgi Sidney Olimpiadasida Muhammadqodir Abdullayevning oʻzbek boksi tarixida ilk bora oltin medalga sazovor boʻlishi sportchilarimiz uchun yangi gʻalabalar eshigini ochib berdi. 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasida Oʻzbekiston bokschilari 3 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medalga sazovor boʻlib, Olimpiya dunyosini larzaga keltirdi. 2019-yilgi jahon chempionatidagi 3 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medalga bejizga erishilmaganini, alal-oqibat, Oʻzbekiston jahonning eng kuchli bokschilar mamlakatiga aylanganini koʻrsatdi.

    Oʻtgan yilgi pandemiya sharoiti bokschilarimizning mashgʻulotlarni toʻlaqonli oʻtkazishiga salbiy taʼsir qildi. Shunga qaramay, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar natijasida Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan sportchilarimiz murabbiylar, mutaxassislar nazoratida mashqlarni masofaviy shaklda oʻtkazdi. Federatsiya mutaxassislari kundalik mashgʻulotlarni doimiy tarzda tahlil etib, zarur tavsiyalarni berib turdi. Oʻgʻil bolalar terma jamoasi toʻliq tarkibda Tokio Olimpiadasi yoʻllanmalarini qoʻlga kiritgan boʻlsa, qizlar terma jamoasi aʼzolari 3 ta yoʻllanma sohibiga aylandi.

    Joriy yilning iyul-avgust oylarida ­Yaponi­yaning Tokio shahrida Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Hozir asosiy tarkib sportchilarimiz toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik koʻrmoqda.

    Shu oʻrinda Olimpiya oʻyinlari boshlanishi oldidan bokschi qizlarimizning bu yilgi jahon chempionatida tarixiy gʻalabaga erishganini aytib oʻtmasak boʻlmas. Joriy yilning 13-23-aprel kunlari Polshaning Kelse shahrida yoshlar oʻrtasida oʻtgan jahon chempionatida bokschilarimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ayniqsa, bokschi qizimiz Nigina Oʻktamovaning oltin medalga sazovor boʻlib, oʻzbek boksi tarixida qizlar orasida birinchi jahon chempioni unvonini qoʻlga kiritishi oʻziga xos voqelik boʻldi.

    — Shu kunlarda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida oʻtkazilayotgan Osiyo chempionatida qatnashmoqda. Bilishimizcha, Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan asosiy tarkib sportchilari qitʼa chempionatiga jalb qilingan. Umuman, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik jarayonlari haqida ham gapirib bersangiz.

    — Oʻtkazilayotgan Osiyo chempionati bokschilarimizning har bir bahsga jiddiy eʼtibor qaratayotganligi sababli terma jamoamiz aʼzolari uchun muvaffaqiyatli kechmoqda. Bugungacha 10 ta vazndagi barcha bokschilarimiz final sari dadil odimlamoqda. Istagimiz, Oʻzbekistonga qitʼa chempionlari boʻlib, shoda-shoda medallar bilan qaytish. Xalqimiz gʻururini koʻtarish.

    Olimpiya oʻyinlari haqida shuni aytishim mumkinki, barcha ishlarimiz belgilangan reja asosida ketyapti. Murabbiylar kengashi qarori bilan deyarli barcha olimpiyachilarimiz Dubay musobaqalariga jalb qilingan. ­BAAdagi turnir — sportchilarimiz uchun Olimpiya oʻyinlari oldidan soʻnggi rasmiy sinov musobaqasi. Osiyo chempionatidan soʻng bokschilarimiz 20-iyundan 5-iyulgacha Yangiobod sport bazasida 10 kunlik tiklanish yigʻiniga jalb qilinadi. Oxirgi oʻquv-mashgʻulot yigʻini esa 6-22-iyul kunlari Yaponiyada oʻtkaziladi. 24-iyuldan boshlab bokschilarimiz Olimpiada ringida Oʻzbekiston sharafini himoya qilishga kirishadi.

    — Oʻzbekiston boks federatsiyasining xalqaro sport tashkilotlari, xususan, Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA), Osiyo boks federatsiyasi (ASBC) va boshqa sport tashkilotlari bilan aloqalari qanday?

    — Bugungi davrda xalqaro maydonda biror natijaga erishishda xalqaro tashkilotlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalari oʻrnatilishi muhim. Oʻzbekiston boks federatsiyasi ham jahondagi turdosh tashkilotlar bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlab kelmoqda. Xususan, oʻzbekistonlik bir qator sport mutaxassislari AIBA va ASBCning qator qoʻmitalari, ijroiya byurolari aʼzosi hisoblanadi. Aynan ularning professional faoliyati tufayli oʻzbek boksi, bokschilari dunyo reytingida munosib oʻringa ega boʻlib kelmoqda. Yaqinda Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Poʻlatovning Osiyo boks federatsiyasi vitse-prezidenti etib saylanishi ham jahon boks olamining Oʻzbekiston boksiga hurmati va eʼtirofidan dalolatdir. Shuningdek, oʻzbek boks maktabida kamolga yetgan oʻnlab murabbiy va mutaxassislarimiz dunyoning bir qator davlatlarida murabbiy sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Gʻurur bilan aytish kerakki, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, BAA, Malayziya kabi davlatlar boksi rivojida oʻzbek murabbiylarining munosib xizmati bor. Bugun mahoratli boks mutaxassislarini yetkazib berish, ularni xorijiy mamlakatlarga “eksport” qilish borasida ham Oʻzbekistonning oʻz tajribasi borligini taʼkidlash lozim. Ayni kunlarda 15 dan ziyod murabbiyimiz turli davlatlar yoshlariga boksdan saboq bermoqda.

    — Tokio Olimpiadasidan keyin bokschilarimizni qanday musobaqalar kutyapti?

    — Sport musobaqalari yil oʻn ikki oy davom etadi. Tokio Olimpiadasi davrida oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalari Yevropa va Osiyo mintaqalarida oʻtkaziladigan xalqaro turnirlarda qatnashadi. 2021-yil 26-oktyabr — 6-noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida jahon chempionati boʻlib oʻtadi. Hozir murabbiylar kengashi mazkur chempionatda ishtirok etadigan terma jamoa tarkibini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Bokschilarimiz 2019-yili Rossiyada oʻtgan jahon chempionatida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallagandi. Serbiyaga yigitlarimiz chempion mamlakat sportchilari sifatida boradi. Bundan tashqari, 2022-yili Xitoyda oʻtkaziladigan Osiyo oʻyinlari, 2024-yili Parijda boʻladigan navbatdagi yozgi Olimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrish borasida ham zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Federatsiya murabbiy va mutaxassislari ishtirokida har ikkala musobaqaga tayyorgarlik koʻrish strategiyasi ishlab chiqilgan. Shu asosda oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalari mashgʻulotlarda, musobaqalarda qatnashishi belgilangan. Umuman olganda, federatsiyamiz oʻzbek boksining shonli anʼanalarini davom ettirish, qoʻlga kiritilgan yutuqlarni yana-da mustahkamlash borasida doimiy izlanishda.

    — Eʼtirof etish kerakki, bugun boshqa sport turlariga nisbatan bokschilarimiz qoʻlga kiritayotgan yutuqlar salmoqli. Haqiqatan ham sharoit, muhit va eʼtibor bir xil boʻlgan vaziyatda bokschilar muvaffaqiyatining siri nimada?

    — Bu yerda bitta muhim jihat bor. Boks jangovar va tartib-intizomga asoslangan sport turi. Bundan tashqari, yillar mobaynida Oʻzbekiston boks maktabida ustozlardan shogirdlarga, katta shogirdlardan kichik bokschilarga oʻtib kelayotgan anʼana — kattani hurmat qilish, ustozlar oʻgitiga amal qilish tamoyili doimo ustuvor boʻlib kelgan. Hurmat va eʼtibor, bir-birini qadrlash kabi azaliy qadriyatlar boks murabbiylari, mutaxassislarining qon-qoniga singib ketgan. Qolaversa, mashgʻulotlardagi, musobaqalardagi tartib-intizom, tinimsiz izlanishlar xalqaro maydondagi yutuqlarimizga poydevor boʻlib kelmoqda.

    Mamlakatimizda boksning bugungi rivojlanish tendensiyasi unga faqat ommalashgan sport turi sifatida emas, balki mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarni sogʻlom turmush tarziga oʻrgatuvchi, ruhiy-maʼnaviy jihatdan irodali, matonatli etib tarbiyalash orqali ona Vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantiruvchi noyob vosita sifatida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.

    Zero, yurtimizda boks inftratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yana-da yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish Oʻzbekistonning jahon maydonidagi imiji yuksalishiga xizmat qiladi.

    Toʻlqin Roʻziyev suhbatlashdi.