Qahramonning boshiga doʻppi kiydirib qoʻyish bilan uni oʻzbek qilish oson emas.
Mutaxassislar rasm “tirik” boʻlishi kerak deydi. «Tirik« deganda ular qimirlashi kerak boʻlgan illyustratsiyani emas, balki bir nima «soʻzlay« oladigan illyustratsiyani nazarda tutadi. Yaʼni illyustratsiya aynan shu kitob uchun yaratilganini oʻquvchi his eta olishi kerak.
Shuning uchun sharestok (sharestock — tekinga beriladigan rasmlar yigʻilgan saytlar)dan olingan rasmlar qanchalik chiroyli, yorqin yoki mukammal boʻlmasin, aynan shu kitob yoki shu hikoya uchun yozilmagani uchun ular kitobda «jonsiz« koʻrinadi. Buni bola tez ilgʻab oladi.
Kichik yoshdagi bolalar kitoblari 3 xil yoʻlda nashr etiladi:
- Muallif matn yozadi, illyustratorni nashriyot tanlaydi va rasm chizdiradi.
- Muallif ham matn yozuvchi, ham illyustrator boʻladi.
- Muallif matn yozadi, illyustratorni muallifni oʻzi topadi va rasm chizdiradi.
Uchala holatda ham muallifning roli asosiydir. Oldingi zamonlarda yozuvchi matn yozardida, nashriyotni oʻzi biron rassom topib matnni muallifdan fikr soʻramay bezar edilar. Bugun rasmli kitoblarda bunday yoʻl ishlamaydi. Rasmli kitob muallifi illyustrator bilan birgalikda rasmlar ustida uzoq va chuqur ishlashi kerak. Illyustrator chizgan qahramon muallif tasavvuridagi qahramonga imkon qadar yaqin boʻlishi kerak.
U albatta doʻppi kiygan, qishloq bolasini eslatadigan, kiyimi milliylikka urgʻu beradigan boʻlishi shart emas, lekin aynan shu hikoyada namoyon boʻlayotgan bolani yoki holatni koʻrsata olishi kerak. Ana shundagina kitob mukammal boʻla oladi. Shunda bu kitobni koʻrayotgan bola illyustratsiyadagi qahramonni va hikoya syujetini ich-ichidan his eta oladi.