Mutaxassislarning fikricha, bunday kasalliklar profilaktikasiga oid tadbirlarni samarali tashkil etish va kasallikni erta bosqichda aniqlash orqali minglab bemorlarni sogʻlom hayotga qaytarish mumkin. Shu mavzuda Sogʻliqni saqlash vazirligi bolalar bosh onkologi, tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin MUSTAFOYEV bilan suhbat qildik (1-qism).
— Bugungi kunda bolalar oʻrtasida qanday onkologik kasalliklar koʻp uchrayapti?
— Bolalar oʻrtasida uchraydigan onkologik kasalliklar ichida gemablastozlar qariyb qirq foizni tashkil etadi. Shuningdek, markaziy asab tizimi oʻsmalari, neyroblastomalar, buyrak, suyak, yumshoq toʻqimalar, quloq, tomoq, burun, jigar va jinsiy aʼzolar xavfli oʻsmalari uchrab turadi.
— Bunday kasalliklarning kelib chiqishining asosiy sabablari nimada va uning oldini olish uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim?
— Bolalarda onkologik kasalliklar yuzaga kelishida embrional omillar asosiy oʻrin egallaydi. Bolalarda xavfli oʻsma kasalliklarining oldini olish uchun, avvalo, ota-ona sogʻlom boʻlishi, oilada sogʻlom muhit yaratilishi, inson zararli illatlardan xoli boʻlishi, shuningdek, ekologik muhit musaffoligi juda muhim hisoblanadi.
— Bolada xavfli oʻsma rivojlanayotganini qanday bilish mumkin?
— Bola holsizlanadi, kamqonlik rivojlanib boradi, tana harorati 37-37,5 gacha koʻtariladi. Bundan tashqari, tana vazni kamayadi, periferik limfa tugunlari, jagʻosti, qoʻltiqosti, boʻyin, chovlarda limfa tugunlari kattalashadi. Ana shunday alomatlar kuzatilsa, bolani onkolog koʻrigiga yoʻllash kerak. Bugungi kunda hududlarimizdagi tibbiyot muassasalarida bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha zamonaviy imkoniyatlar yaratilgan.
— Baʼzi bolalarda xalqimiz tilida nor, xol deyiladigan hosilalar boʻladi. Bular bola uchun xavf tugʻdiradimi?
— Nor tibbiyot tilida gemongioma deb ataladi. Bundan tashqari, bolalarda limfangeomalar, suyak osteomalari, yumshoq toʻqimalarda har xil xol koʻrinishidagi hosilalar uchrab turadi. Bular xavfsiz oʻsmalar hisoblanadi. Biroq baʼzilari xavfli oʻsmaga aylanishi mumkin. Shu bois, bolaning badanidagi bunday hosilalarni ota-ona oʻz bilganicha bartaraf etishga urinishi, xollarni yulishga harakat qilish yoki har xil yogʻlar surib yoʻqotishga urinish aslo mumkin emas. Bu ogʻir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Agar bolaning badanida bunday hosilalar boʻlsa, albatta, bolani tegishli mutaxassis koʻrigidan oʻtkazib, shifokor tavsiyalariga amal qilish lozim. Oilalarga kirib borganingizda ota-onalarga bu xususda yetarlicha tushuncha bersangiz bolalar salomatligini asrashga munosib ulush qoʻshgan boʻlasiz.
— Papilloma virusi inson sogʻligʻiga qanchalik zarar yetkazishi mumkin?
— Papilloma virusli kasallik hisoblanadi. Ayrim koʻrinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon boʻyni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi yetakchilik qiladi. Bachadon boʻyni saratoni barcha yoshdagi ayollar oʻrtasida tarqalishi boʻyicha koʻkrak bezi saratonidan keyingi oʻrinni egallaydi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyoda birgina 2018-yilda bachadon boʻyni saratoni bilan qariyb 570 ming yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 mingdan ortiq ayollar vafot etadi. Jumladan, mamlakatimizda ham har yili minglab nafardan ziyod ayol bachadon boʻyni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Kasallikning oldini olishning eng maqbul usuli emlashdir.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.