Bugun aksariyat bolalar kitob o'qishni yoqtirmaydi. Chunki bunga odatlanishmagan. Tadqiqot natijalariga ko'ra aholining 60% dan ko'prog'i bolalarda kitobga mehr uyg'otishni istaydi. Shu asnoda so'rovdan o'tganlarning deyarli barchasi kitob sotib olmasliklarini va uyda kitob saqlamasliklarini tan olgan.
Xo'sh, bolani kitob o'qishga qachondan o'rgatish zarur? Bolalar ruhshunoslari bolani kitob o'qishga erta maktab yoshidan boshlab 7-8 yil davom ettirish zarurligini, biroq uch yoshdan kitobga o'rgatish o'ta ma'qulligini tavsiya qilishadi.
Ruhshunoslar shuningdek, bolaga mutolaani rasmli, harflari yirik kitoblardan o'rgatib borish lozim deb hisoblashadi. Zero, bunday kitoblarni varaqlab o'tirishning o'ziyoq bolaga zavq beradi. Kitobxonlikni shakllantirishda varaqlarning ovozi, kitob hidini xis etish ham katta rol o'ynaydi.
Kattalar esa kitob o'qishi uchun bolaga baqirish yoki qo'rqitishdan o'zlarini tiyishlari lozim. Bolaning o'zi kitob o'qishga qiziqsin. Mayli, dastlab 5 daqiqa, shu tarzda kitobga oshno bo'lib qoladi. Kitob iloji boricha bola ko'radigan joyda turishi kerak.
***
Dastlab o'yinchoq-kitoblar xarid qilish lozim. Qalin kartondan tayyorlanadigan bunday kitoblarning rasmlari rangli va qiziqarli bo'ladi. Keyinchalik bolaning o'zi qalin muqovali ertaklarni yoki bolalar uchun qomusni, alifbeni o'qiydigan bo'ladi.
Bolaga kitobni xurmatlashni o'rgatish, uni yirtishga yo'l qo'ymaslik kerak. Ulardan yirtilgan varaqlarni yamash, yoki kitobga chizilgan belgilarni o'chirg'ich bilan o'chirishni iltimos qilish bunda muhim omil bo'ladi.
***
Agar ota bo'sh vaqtini komp`yuter oldida o'tkazsa, uning o'g'li ham komp`yuterda o'yin o'ynab vaqt o'tkazadi. Har kuni kechqurun kitob o'qiydigan ota esa kitobxon bola tarbiyalash imkoniyatiga ega bo'ladi. Bolalarga otalar tomonidan o'qib berilgan kitoblarni eshitish juda yoqimli.
Ruhshunoslar kitobni bolalar hayotining muhim qismiga aylantirish uchun kundalik marosim yaratishni maslahat berishadi. O'g'il yoki qizga loaqal bir sahifa ochib o'qiydigan vaqt ajratish lozim. Uyquga yotishdan oldin bir necha daqiqa ajratish juda o'rinli bo'ladi. Bola shu vaqt kelishini intiq bo'lib kutadi. Muhimi odatni shakllantirishdan chekinmaslik zarur, kundan kunga oilaviy kitob o'qish odatga aylanib borishi kerak. Tez orada ota onalar o'z farzandlari kitob o'qishga tayyorlanayotganiligi va kitoblar topib kelayotganini sezib qolishadi.
Ba'zan bolakay kattalarning har qancha urinishlariga qaramay, kitob o'qishni istamaydi. O'ta murakkab holatlarda tanaffus qilish va maktabgacha yoshdagi bolakayni ikki oylardan keyin qayta o'rganishga urinib ko'rish mumkin. shuningdek yumshoq, biroq qat'iy harakat qilgan holda qo'shimcha rag'bat topish mumkin:
- Bola xotirjam, sog'lom bo'lganda kitob o'qish uchun vaqt ajratgan ma'qul. Agar bola uy ichida faol o'yinlar o'ynash uchun chopib yurgan bo'lsa, uning orqasidan kitob ko'tarib yugirib yurmang. Ruhshunoslar dastlab bolani bir oz chalg'itish, uni tinchitish so'ngra esa yangi kitobning syujetiga qiziqtirishni maslahat berishadi.
- Ona qiziga yoki o'g'liga o'qib berayotgan kitob uning o'zi uchun qiziqarli bo'lishi lozim. Ota onalarning qiziqishi bolalarga ham o'tadi, zerikarli hikoya esa onada esnoq uyg'otadi va bu bolaga ham o'tadi.
***
Bolani kitob o'qishga qiziqtirish uchun unga o'zi fantaziya qilishiga imkon yaratish lozim. Mayli uning o'zi sevimli ertaklarini o'zi davom ettirsin yoki tanish syujetlarni boshqacha qilib aytib bersin:
- Dastlab bolaga o'qib chiqilgan ertak yoki qissa qahramoni bilan birga kechadigan nimanidir hikoya qilib berish mumkin. So'ngra bolani o'yinga tortish, uning fikri bo'yicha keyin nima yuz berishini so'rash mumkin.
- Bolalar uchun she'rlar foydali ko'nikmalarning yana bir hazinasidir. Bolaga qofiyalangan she'rlarni o'qib berish, she'r eslab qolinishi uchun takrorlashni so'rash maqsadga muvofiq. Oddiygina to'rt qatorlik she'rlar bolaga axborotni qayta so'zlab berish ko'nikmasini shakllantirish va rivojlantirishga yordam beradi. Bu esa keyinchalik yanada murakkabroq nutq tuzilmalarini chiroyli va tekis bayon qilish imkonini beradi. Bunday mashqlar maktabda ham yarab qoladi, chunki maktabda doska oldida turib, o'rganilgan darsni so'zlab berishga, javob berishga to'g'ri keladi.
- Bolalar uchun ko'pgina ertaklarni muloqot tarzida ovozlashtirish oson. Bola bilan birgalikda rollarni o'zaro taqsimlab olgan holda o'qilgan kitoblardagi tanish syujetlarni o'ynash mumkin. Bolalarga bunday o'yinlar juda yoqadi, ular ko'pincha kutilmagan san'atkorlikni namoyish etishadi.
Ota-onalar, bola uchun tanlagan kitobingizni o'zingiz o'qib chiqing. Bolalar bilan suhbat orasida kitobdagi bir qiziq holatdan so'z oching. SHu asnoda bolaga bahsga kirish uchun turtki bering: uning qarashlariga zid keladigan biron narsani ayting. Gap orasida aynan shu kitobni o'qishni taklif eting.
O'smir bilan “o'ylab top” shaklida o'ynagan holda kitob o'qishga ishtiyoq uyg'oting. Masalan, sarguzasht (detektiv) asarni bola bilan birgalikda o'qing, so'ngra bu sarguzasht nima bilan tugashini topishga urinib ko'ringlar. Keyin esa kitobni oxirigacha o'qib kim g'olib chiqqanini aniqlash, shuningdek, mukofot ham belgilash mumkin. Romanlar, fantastik asarlarni ham shu tarzda mutolaa qilsa bo'ladi. Bolaga muayyan asar bo'yicha olingan fil`mni ko'rishni, shu asar asosida sahnalashtirilgan spektaklni borib ko'rishga da'vat qiling. So'ngra ko'rilgan narsani kitob bilan taqqoslash mumkin. ya'ni, kitobda bunaqa emas ediku. Agar fil`m yoki spektakl` bolani jalb qila olsa bu usul ish beradi.
O'smirning “Kitob o'qishni nima keragi bor?” qabilidagi savoliga javob toping. Kitob o'smirlarga nima berishini tushuntiring.
***
Kitob o'qish – zavqli. Ammo biz qanday zamonda yashayotganimizni unutmaslik zarur. O'n yillarcha oldin axborot butunlay boshqacha idrok etilgan. Ilgari kitoblar, risolalar, jurnallar o'qish axborot olishning asosiy usuli edi. Bugunga kelib deyarli har qanday axborotni internetdan olmoqdamiz.
Hozirgi bolalar oldingi avlodlarga nisbatan ortiqcha yuklanishlarga ega ekanligi ham hech kimga sir emas. bugungi kunda ham kitob o'qish atrofida, ham bolalarni maktabga tayyorlash bobida vaziyatni keskinlashtirishga umumiy moyillik kuzatilmoqda. Go'daklarni yo'rgakdanoq alifbeni o'rganish va bo'g'inlab o'qishga majbur qilinmoqda. O'zib ketish borasidagi ushbu poyga tufayli bugungi go'dak hayotida ta'lim o'ta ko'p vaqt oladigan bo'ldi, ota-onalarning talablari esa muntazam ortib bormoqda. Ota onalar bolaga olamga nisbatan faqat o'zining qarashlarini tiqishtirmoqda, shu asnoda agar bola kitob o'qishni bilsa maktabga tayyor degan sodda fikrga bormoqdalar. Bu juda katta xatodir. Bolani maktabga tayyorlash uchun ota-onalar bolaning umumiy rivojlanishiga: mayda motorikaga, jismoniy tayyorgarlikka, fikrlash mantiqiga, jamiyatga ijtimoiy moslashuviga katta e'tibor qaratishlari lozim. ana shundagina kitob o'qish ko'nikmasi va istagi o'z o'zidan paydo bo'ladi.
Eng muhimi esa – ota-onalar birmuncha sabrli va e'tiborli bo'lishlari lozim, ana shunda bolangiz ulkan adabiyot olamiga oson va qiziqish bilan dastlabki qadamlarini tashlaydi.
Charos Mirholiqova,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti dotsenti,
pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori