баннер
30 Mar 2025
19:21

    Bu bahorni unutib boʻlmas

    Bahor yurtimizga oʻzgacha fayzu shukuh, tarovat bilan kirib keldi. Tabiat butun mehri, saxovatini namoyon etdi, daraxtlar qiygʻos gullab, bogʻlarga, koʻchalarga, xiyobonlarga koʻchatlar ekildi, mahallalarimizda bahoriy kayfiyat, nafosat hukmron.

    Dehqonlarimiz allaqachon 2025-yil hosili uchun kamarbasta boʻlib, yoppasiga ekin parvarishiga kirishgani ertangi baxtli, farovon hayotimizga katta umid, ishonch uygʻotadi.

    Ha, mutafakkirlardan biri aytganidek, “Qishni yagona orzu — bahor, Navroʻzga eson-omon yetib olish bilan oʻtkazamiz. Bahor fasli kelishi bilan qalbimizda yuzlab, minglab orzu paydo boʻladi”. Xalqimizning azaldan eng asosiy orzusi tinchlik, xotirjamlik boʻlib kelgan. Yangi Oʻzbekistonimizdagi barqarorlikni abadiy qaror toptirish, kelajak avlodga obod, ozod va rivojlangan mamlakat qoldirish davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadidir.

    Ming afsuski, bugun sayyoramizning turli goʻshalarida harbiy toʻqnashuvlar, irqiy-diniy qarama-qarshiliklar davom etmoqda. Natijada minglab begunohlar qurbon boʻlmoqda, yana minglab odamlar oʻz uyini, vatanini tark etib, gʻariblikka yuz tutmoqda. Shunday lavhalarni, manzaralarni televideniye, ijtimoiy ­tarmoqlarda koʻrganda buyuk mutafakkir Shayx Saʼdiyning quyidagi hikmati yodimizga keladi: “Bani odam azaldan bir gavhardan yaratilgani bois, yaxlit bir vujuddir. Binobarin, zamona zayli uning bir aʼzosiga jarohat yetkazsa, boshqa aʼzolari ham oʻz sogʻligʻini (tinchligini) yoʻqotadi”.

    Beadad shukr, bugun nafaqat Oʻzbekistonimiz, balki mintaqamizda tinchlik, davlatlar oʻrtasida ishonchli doʻstlik hukm surmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi yangi siyosiy vaziyat, yaʼni yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratishda Prezidentimizning xizmati beqiyos. “Yangi Oʻzbekiston — yangi qoʻshnichilik” tamoyili izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Buni jahon jamoatchiligi, yirik siyosiy arbob va ekspertlar eʼtirof etdi.

    Prezidentimiz bundan yetti yil muqaddam 9-10-mart kunlari Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan borib, ikki mamlakat oʻrtasida qariyb chorak asr davom etgan “sovuq” munosabatlarni bartaraf etdi. Aloqalarimizni strategik hamda ittifoqchilik darajasiga koʻtardi. Soʻnggi yetti yilda hamkorlik aloqalari, ayniqsa, iqtisodiyotning barcha sohalarini qamrab olib, oʻzaro savdo qiymati 197 million dollardan 757 million dollargacha oʻsdi. Bu koʻrsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud.

    Tojikistonlik ekspert Parviz Mullajonovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston hamda Qirgʻiz Respublikasi Tojikistonning yirik savdo sheriklaridir. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 5-6-sentyabr kunlari Qirgʻizistonga davlat tashrifi ham ikki mamlakat oʻrtasidagi yaqin doʻstlik aloqalari tarixida muhim voqea boʻldi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik hamda yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik munosabatlari ham izchil mustahkamlanib bormoqda. Investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha keng koʻlamli hamkorlik oʻz samarasini bermoqda. Transport va logistika sohasidagi istiqbolli hamkorlik, xususan, Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlini bunyod etish loyihasini alohida qayd etish joiz.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yili 27-dekabr kuni mazkur temir yoʻl qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga murojaat qilib, jumladan, bunday degandi: “Ushbu magistral yoʻlning ishga tushirilishi mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmini bir necha barobar koʻpaytirish, transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, Markaziy Osiyoning ulkan tranzit salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi”. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 4 milliard 665 million dollarga baholanmoqda.

    Gumanitar yoʻnalishda ham hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlari oʻtkazib kelinayotgani mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, insoniy potensialni jipslashtirish borasida qulay vosita boʻlib qolmoqda.

    Navroʻz bayrami arafasida Prezidentimiz mintaqa davlatlari yetakchilari bilan telefon orqali muloqot qilib, ikki va koʻp tomonlama hamkorlik bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashdi.

    Davlatimiz rahbari Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida yaqin kunlarda Xoʻjand shahrida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilarining uchrashuvi boʻlib oʻtishini aytdi.

    Prezidentimiz mintaqamizda yashayotgan jamiki sof niyatli insonlarni Oʻzbekiston xalqi nomidan tabriklab, boʻlajak oliy darajadagi muloqotga eʼtibor qaratar ekan, uchrashuv yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashda yana bir amaliy qadam boʻlishiga ishonch bildirib: «Tom maʼnoda doʻstlik, qardoshlik va hamkorlik makoniga aylanayotgan mintaqamiz hamisha tinch boʻlsin, hamisha gullab-yashnasin!

    Shu oʻrinda mintaqamizning hurmatli ziyolilari, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyandalariga murojaat qilib aytmoqchiman.

    Aziz doʻstlar, sizlar noyob isteʼdodingiz, aql-tafakkuringiz bilan azaliy qardoshligimizni, mushtarak qadriyat va urf-odatlarimizni, ezgu intilishlarimizni tarannum etadigan asarlar yaratib, yoshlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashga hissa qoʻshsangiz, xalqlarimiz sizlardan albatta minnatdor boʻladi.

    Bunday barkamol ijod namunalari bugungi tahlikali davrda ellarimiz, ayniqsa, yosh avlodlarimizga mustahkam maʼnaviy qalqon boʻlib xizmat qilishi shubhasiz», dedi.

    Xoʻjandda oʻtadigan uch tomonlama uchrashuv Prezidentimizning yuqorida aytilgan olijanob va ezgu maqsadini hayotga tatbiq etish yoʻlida yana bir amaliy qadam boʻlishiga ishonchimiz komil.

    Mazkur uchrashuvning aynan ushbu qadimiy shaharda oʻtkazilishida ham ramziy maʼno bor. Xoʻjand azaldan uch qardosh, birodar ellar — oʻzbek, tojik, qirgʻiz xalqlarining tarixiy savdo-sotiq aloqalari, madaniyatlari kesishgan shahar boʻlib kelgan. Xoʻjand Tojikiston tarixida “Tinchlik shahri” nomi bilan ham yodga olinadi. Chunki aynan shu shaharning Arbob qasrida 1992-yil 16-noyabr kuni Tojikiston Oliy Kengashining XVI sessiyasi boʻlib oʻtgan va mamlakatda uzoq davom etgan fuqarolar urushiga nuqta ­qoʻyilgan.

    Prezidentimiz 2021-yil 10-11-iyun kunlari qoʻshni mamlakatga davlat tashrifining ikkinchi kunida aynan Arbob saroyida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamrohligida ushbu respublika ziyolilari bilan uchrashib, muloqot asnosida ikki buyuk mutafakkir — Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haqida hamkorlikda badiiy film yaratish gʻoyasini ilgari surgandi. Ushbu film bugun “Yulduzlar shuʼlasi: Jomiy va Navoiy” nomi bilan suratga olinmoqda.

    Bu yilgi fayzli va farahbaxsh Navroʻzi olam arafasida mintaqamiz tinchligi va barqarorligini taʼminlash bilan bogʻliq yana bir muhim voqea roʻy berdi. 13-mart kuni Qirgʻiziston va Tojikiston rahbarlari mamlakatlar oʻrtasidagi davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnomani imzoladi. Mana shu voqeani nafaqat tojiklar va qirgʻizlar, balki butun mintaqa xalqlari koʻp yillardan buyon kutgan edi. Demak, mintaqaviy tinchlik va yaxshi qoʻshnichilikka yana bir qatʼiy amaliy qadam qoʻyildi. Mana shunday faol siyosiy muloqotlar mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch va doʻstlik muhitini yanada mustahkamlaydi.

    Bu yil bahorda Markaziy Osiyo xalqlarini yanada jipslashtiradigan, tinchlik, totuvlik, hamkorlikka chorlaydigan koʻplab voqealar boʻlib oʻtdi va boʻlishi kutilyapti. Shunday ekan, ezguliklarga yoʻgʻrilgan bu bahorni unutib boʻlmas...

    Shoqahhor SALIMOV,

    jurnalist,

    “Doʻstlik” ordeni sohibi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech