Bu bir imtihonkim...

    Saylov faqat siyosiy emas, balki ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy jarayon, ayni vaqtda, jiddiy sinov maqomidagi bir tadbirki, unda saylanuvchilar ham, saylovchilar ham fikriy salohiyat, jonajon Vatanimiz istiqboli, o'z xalqi baxtu iqboli borasida qayg'urish, muxtasar aytganda, vatanparvarlik, xalqparvarlik, shuningdek, saylash va saylanish madaniyati nuqtai nazaridan katta bir imtihondan o'tadi. Bu yilgi O'zbekiston Prezidenti saylovi shu jihatlari bilan ham alohida diqqatga sazovor tarixiy voqea bo'ldi.

    Avvalo, mamlakatning birinchi rahbarligiga nomzodlarning, ya'ni ularni mas'ul lavozimga tavsiya etgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari vatan ravnaqi, el-yurt farovonligini ta'minlash yo'lida echilishi, hal etilishi zarur bo'lgan ko'pdan-ko'p iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, hayotga tatbiq qilinib, amalga oshirilishi ko'zda tutilgan g'oyalar, rejalar, taklif-istaklar dolzarb, muhim mavzularni qamrab olgani bilan saylovchilarda jiddiy qiziqish uyg'otdi, desak mubolag'a bo'lmas. Xullas, saylovchilar oldida tanlash imkoni ham, mas'uliyat zalvori ham etarlicha edi.

    Zero, rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga intilib, xalqaro miqyosda yuksak ijtimoiy-siyosiy mavqega erishish uchun keyingi yillarda har bir soha va jabhada kechayotgan o'ta zarur islohotlar izchillik bilan davom ettirilishi, poyoniga etkazilishi, bu yo'lda duch keladigan turli to'siq va dovonlardan oshib o'tib, ko'zlangan cho'qqilar zabt etilishi lozim edi. Saylovchilar e'tiborini mag'zi inson qadri ustuvor jamiyat – yangi O'zbekistonni qurishdan iborat bo'lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan prezidentlikka tavsiya qilingan nomzod Shavkat Mirziyoev dasturi o'ziga ko'proq jalb etgani tabiiy, albatta. Chunki davlatimiz etakchisining bosh g'oyasi va asosiy maqsadi sifatida namoyon etilayotgan, inson sha'ni, g'ururini sarafroz etgan va xalqaro munosabatlarimizdagi beqiyos yutuq va zafarlarga bois bo'layotgan insonparvarlik siyosati alohida ta'kidlashga munosib omildir. Mamlakatimiz siyosatining o'zagiga aylangan ana shu tamoyil tufayli jahondagi etakchi davlatlar O'zbekistonga butunlay yangicha nazar va xayrixohlik bilan qaraydigan, hisoblashadigan va har sohada hamkorlik qilishga oshiqadigan bo'lib qoldi. Aslida uzoq-yaqin davlatlar bilan o'zaro aloqalar qizg'in va samimiy tus olib, xorijiy investitsiyalarning oqib kela boshlashi va boshqa muvaffaqiyatlar ham kuch-quvvatni pesha qilib murosaga keltirib bo'lmaydigan munosabatlarga xush lafz, oqilona diplomatik siyosat, bag'rikenglik, kechirimlilik – tom ma'nodagi odamiylik bilan erishilgani natijasi ekani hech kimga sir emas. Shu o'rinda O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi satrlari yodga tushadi:

    Temur tig'i etmagan joyni

    Qalam bilan oldi Alisher.

    Endilikda taniqli xalqaro siyosatdonlar, davlat rahbarlari, jurnalistlar va boshqa muhim kasb egalarining dunyo ommaviy axborot vositalarida bot-bot e'lon qilinayotgan maqolalari, suhbat, interv`yularida O'zbekiston va uning Prezidenti sha'niga aytilayotgan izhorlar, tahsinlar, ofarinlar bizga katta g'urur va iftixor bag'ishlamoqda.

    Ana shunday tahsinlar, e'tiroflarga sabab bo'layotgan insonparvarlik siyosati mamlakatimizning hamma joylarida bo'lgani kabi Andijonda ham o'z ifodasini topayotgani barcha yurtdoshlarim, hamkasblarim qatori meni ham bag'oyat quvontiradi, ilhomlantiradi.

    Birgina misol: aholi o'ta zich – mamlakatimiz nufusining 10 foizini, er maydonining esa 1 foizini tashkil qiladigan viloyatimizda keyingi yillarda qurib bitkazilgan minglab yangi uylardan tashqari 450 ming aholiga mo'ljallangan, davlatimiz rahbari tamal toshini qo'yib bergan va qurilishi shiddat bilan boshlab yuborilgan YAngi Andijon shahri turar joyga muhtoj qanchadan-qancha oila a'zolariga orzu-istaklarining ro'yobga chiqishi, farovon va xotirjam yashash va ishlash saodatini baxsh etishi turgan gap.

    Imonimiz komilki, mamlakatimizda insonparvarlik tamoyillari yanada yuqori darajada namoyon bo'lib boraveradi, barcha ishlar “Xalqimizning biron-bir vakili e'tibordan chetda qolmasligi kerak”, degan da'vatga muvofiq davom etaveradi, “Xalq roziligini qozonish” shiori o'z tasdig'ini topaveradi. Zero, million-milion saylovchilar ana shunday niyat va ishonch bilan ovoz bergani shubhasiz.

    Qamchibek Kenja,

    yozuvchi.