Maktabdan shoshib kelgan o'g'lim “Oyi, men Amir Temur haqidagi spektaklni ko'rishim kerak” dedi-yu, “Teatrga olib boraymi”, degunimcha uni internetdan izlay boshladi. Adabiyot darsida “Sohibqiron” dramasi o'tilgan ekan. Ustozi o'quvchilarni rollarga bo'lib, matnni o'qittirgan, agar sahna asari tomosha qilinsa, obrazga kirish oson bo'lishini aytgan. Jonli ijrolarni darslikdagi matn bilan solishtirgan farzandim spektakldan ko'p ma'lumotlar olganini aytdi. ertasi kuni spektaklni ko'rgan boshqa bolalar ham shu gapni aytishibdi. Bundan juda quvondim, ko'nglim yorishdi.
Davlatimiz rahbari o'tgan yil yakunida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida teatr san'atini rivojlantirish bo'yicha alohida dastur ishlab chiqilishi haqida bejiz gapirmadi. Dasturda p`esalarga ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo'llab-quvvatlash, Mannon Uyg'ur nomidagi mukofot ta'sis etish kabi vazifalar nazarda tutilgan bo'lishi lozimligi esa ayni muddao. eng quvonarlisi, korxona va muassasalarda oyda bir marta xodimlarning teatrga borishi yo'lga qo'yiladigan bo'ldi. Ajabmas, xodimlar dam olish kunlari oilasini ham bu erga olib kelishni ko'ngilga tugsa.
Bugun teatr o'rindiqlari yana to'la boshladi, komedik spektakllarga tomoshabin sig'may qolayotganini ham eshityapmiz. Bu yaxshi, albatta. Tarixiy spektakllarga ham qiziqish ortib, faqat bir munosabat bilan emas, har doim tomoshabin oqimi ko'paysa edi, buyuk siymolarimizni teranroq anglardik.
Bir munosabat, deb nimaga ishora qilganimiz sizga ayon. Fevral` oyida ikki buyuk mutafakkir — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi sabab bobokalonlarimizga bag'ishlangan spektakllar sahna yuzini tez-tez ko'rib qoladi. Aslida ular teatr repertuaridan muntazam o'rin olishi, yoshlarni tarixiy spektakllarga ko'proq e'tiborli bo'lishga chorlashi kerak. Chunki teatr sahnasida namoyish etilgan har qanday tarixiy asar bugunning besabr yoshlarini-da ta'sirlantirishi aniq. Jumladan, Uyg'un va Izzat Sulton muallifligidagi “Alisher Navoiy” p`esasi ham mutafakkir bobomiz biografiyasining eng muhim qirralarini ocha olgani bilan qimmatli.
Spektaklda yoshlar o'z tasavvuridagi Navoiyni ko'radi. Zero, 1945-yili Hamza teatrida rejissyor Mannon Uyg'ur tomonidan sahnalashtirilgan “Alisher Navoiy” asari sahnaga chiqquncha qayta-qayta ishlangan, uzoq tayorgarlik ko'rilgan. San'atshunoslik fanlari doktori, professor Dilfuza Rahmatullaevaning “Tarix va teatr” kitobida rejissyor Nazira Aliyeva Mannon Uyg'urning o'ziga aytgan gaplarini bunday xotirlaydi:
“Ishni Navoiy davri va ijodini mukammal o'rganishdan boshladingiz. endi bu ishni davom ettirasiz. Men Izzat Sulton va boshqa adabiyotshunos olimlar bilan kelishib qo'yganman. Teatrda Navoiy davri va ijodini o'rganish bo'yicha yuksak saviyali lektsiyalar silsilasini uyushtiramiz. Bu ishga o'zingiz rahbarlik qilasiz. Hoziroq “zavtruppa”ga aytib e'lon chiqartiring. ertaga Izzat Sulton Navoiy haqidagi birinchi lektsiyasini boshlaydi”.
Demak, asarni sahnalashtirishga mana shunday katta tadorik bilan kirishildi. Spektakl` davomida tomoshabin Navoiyning xalq manfaati uchun qilgan ishlari, shoirning Astroboddagi hayoti, Mo'min Mirzoning qatli bilan bog'liq tarixiy haqiqatlarni ko'radi, bir muddat o'sha davrga tushib qolgandek bo'ladi. Ijodiy jamoa Navoiyning insonparvarligini ko'rsatish maqsadiga to'laqonli erishgan. Zero, tomoshabin teatrdan Alisher Navoiy naqadar buyuk shaxs ekani, abadiy barhayotligiga amin bo'lib qaytadi.
Uyg'unning yuqoridagi manbada keltirilgan quyidagi fikrlari e'tiborimizni tortdi: “Drama muvaffaqiyatida Uyg'ur og'aning xizmatlari juda katta ekanini ta'kidlagim keladi. Og'a bilan juda ko'p ishlashga to'g'ri keldi. Dramaning har bir ko'rinishi, har bir sahnasini yozayotganimizda, uning bebaho maslahatlari qo'l kelgan. Og'a ham rejissyor, ham adabiyotchi, ham drmaturg sifatida bir necha p`esalar yozgan tengi yo'q odam edi. U tarixni ham, adabiyotni ham, ayniqsa, tilni zo'r bilardi. Sahna asarining tili ajralib turishi kerak. Navoiy davri tili, odamlarning gapirish yo'llari, muomala madaniyati boshqacha bo'lgan. Buni Mannon Uyg'ur yaxshi bilardi, ayniqsa, aktyorlar talaffuziga e'tibor berardi. SHuning uchun ham Navoiy so'zlari Abror aka, Olim Xo'jaev tilida jozibali jaranglagan. Ular shu asosda o'zlari uchun katta maktab yaratdilar”.
— O'sha davr siyosati sabab spektakl` turlicha qarashlar silsilasida chig'iriqlardan o'tardi. Har kecha qo'yilganda, spektakl` turli to'siqlarga duch kelar edi. Muhokamalardan birida Oybek qatnashgani, Navoiy va Husayn Boyqaro o'rtasidagi keskinlikni yumshatishni iltimos qilgani esimda, — deb xotirlagan edi mashhur aktyor Zikir Muhammadjonov.
Alisher Navoiy shaxsiga doir hamon bahstalab jihat — Guli obrazi haqidagi fikrlarni o'rganar ekanmiz, Uyg'unning “Navoiy obrazini barkamol ochish uchun dramaning konflikti kuchli bo'lishi va intrigasini kuchaytiradigan voqea kerak edi. Shuning uchun Guli obrazini olib kirganmiz. Navoiyning quruq ilmiy siymosini, davlat arbobi ekanini ko'rsatilsa-yu, uning ichki dunyosi, tuyg'ulari ko'rsatilmasa, albatta, drama kuchli chiqmas edi”, degan gaplarini keltirishni joiz bildik.
Spektakl` tarixiga nazar solar ekanmiz, uni tomoshabin qalbiga etkazishda munosib hissa qo'shgan va qo'shib kelayotgan O'zbek milliy akademik drama teatri aktyor va aktrisalarining ham mazkur sahna asari haqidagi so'zlariga quloq tutdik.
Rixsi Ibrohimova, O'zbekiston xalq artisti:
— Abror Hidoyatovdan so'ng xalqimiz tasavvuridagi Navoiy Olim Xo'jaev bo'lgan. U bilan hayotining eng so'nggi damlarigacha birga ishlaganimdan faxrlanaman. Alisher Navoiy siymosi haqida gap ketganda ko'z o'ngimizda, avvalo, Olim aka gavdalanadi. Chunki o'sha paytlarda boshqa teatrlarda ham “Alisher Navoiy” spektakli qo'yilgan, biroq odamlar Olim Xo'jaevni ko'ramiz, deb bizning teatrga oqib kelishardi. Chunki rejissyorlar Navoiyni xalqqa qay tarzda ko'rsatish kerakligiga ham jiddiy e'tibor qaratgan. Alisher Navoiy — Olim Xo'jayevga viqor berilar, birgina mo'ylovini yopishtirishning o'ziga qancha vaqt ketardi. Sallasi oq harir doka, shoyi materialdan qilinardi. Sallaga mas'ul Turg'un Xonto'raev kasal bo'lib qolganidan keyin Navoiyning sallasi qutida ehtiyot qilib saqlanar, spektakldan so'ng Olim Xo'jayevning boshidan ikki qo'llab, avaylab olinardi. Olim aka sahna boshlangunga qadar kiyimim g'ijim bo'ladi, deb o'rindiqqa o'tirmasdi.
Asar boshlanar ekan, sahna ortidan Berta Davidovaning jonli qo'shig'i yangrardi: “Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro' kelmadi”. Buning uchun Berta opani maxsus olib kelishardi. Olim akaning ayoli ham aytardi bu qo'shiqni, ovozi juda chiroyli bo'lgan. Shu qo'shiq bilan sahna yorishib, Olim aka — Navoiy paydo bo'lardi. Jonli qo'shiq aytilmasa, spektaklda ham jon yo'qday bo'lgan o'shanda.
Bir safar Olim aka Gulini Husayn Boyqaroning haramidan olib chiqib ketiladigan sahnada meni ko'tarib chiqib ketayotib, qo'lidan tushirib yuborgan. Vaholanki, men juda nozik qiz bo'lganman. Yoshi katta bo'lib qolgani sezilgan o'shanda. Spektaklning televidenieda yozilgan varianti yo'qligi ham shundan. “Guli mening qizimdek bo'lib qolibdi”, deb o'chirtirib yuborgan Olim aka. Gulining o'limiga bag'ishlangan “Senga besh bebaho haykal qo'yurmen”, degan kichkinagina sahna ko'rinishi qolgan, xolos.
Turg'un Azizovning “Alisher Navoiy”si ham juda yaxshi postanovka bo'ldi. Bu spektaklda, asosan, urush kartinasi, xalq bilan Navoiyning munosabati ko'rsatildi. Hozirgi kun yoshlari, albatta, bu spektaklni ko'rishi kerak. Afsuski, spektakl` deyarli qo'yilmaydi. Ko'p ishtirokchilar yo'q.
***
Suhbat chog'i Rixsi opa bizga Alisher Navoiy bilan Guli o'rtasida bo'ladigan dialoglarning hammasini yoddan aytib berdi. Oradan qancha vaqt o'tishiga qaramay, matnlar hamon xotirasida qolganidan hayratimizni yashirmadik, aktrisa barcha rollaridagi partnyorlari so'zlarini ham yoddan bilishini aytib, hayratimizni oshirdi. “Kasal bo'lib qolsam ham obrazga kirganimdan keyin tuzalib ketaman”, deydi Rixsi opa. Mana, o'z ishiga, sahnaga chinakam muhabbat!.
erkin Komilov, O'zbekiston xalq artisti:
— O'sha paytdagi spektakllarni qayta qo'yish, klassik asarlarni yo'qotmaslik kerak. Ayniqsa, buyuk siymolarimiz, tarixiy shaxslarimiz, jadidlar haqidagi spektakllar sahnadan tushmasligi lozim. Zero, bugun jadidlar deganda kimlarni tushunasiz, deb savol berilsa, javob berolmaydigan yoshlar bor. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug'bek kabi bobolarimizni-ku, shundoq ham bilishlari shart. Ular haqida yosh avlodga so'zlovchi spektakllar bugun ham bor teatrda. Masalan, “Alisher Navoiy”, “Yulduzli tunlar”, “Mirzo Ulug'bek” shular jumlasidan. “Alisher Navoiy” spektakliga to'xtaladigan bo'lsak, avvalo, ko'z oldimga Olim Xo'jaev keladi. Nima desak ham baribir “Oltin devor”ni G'ani A'zamov, “Parvona”ni Obid Yunusov, Edipni Shukur Burxonov o'zlari bilan olib ketgandek, Olim aka ham o'zbekning chinakam Navoiysi bo'lib qoldi.
Mannon Uyg'ur sahnalashtirgan spektaklda bu buyuk teatr darg'asi bilan Xondamir rolini o'ynaganman. “Ey, Nasimiy, subh ahvolim diloromimg'a ayt”, deganda badanlarim titrab ketardi. Turg'un Azizov sahnalashtirgan “Alisher Navoiy”da esa menga Jomiy roli berilgan. Negadir Husayn Boyqaro rolini o'ynagim kelardi, keyinroq bu ham nasib etdi.
Bugun xalqimiz spektaklning eng so'nggi postanovkasida Behzod Muhammadkarimov, Tolibjon Mo'minov gavdalantirgan Navoiyni ko'ryapti. Ikkalasi ham hurmatli, o'ziga yarasha o'rni bor aktyorlar. Ayniqsa, Behzodda lirikaga moyillik kuchliroq, g'azallarni ravon o'qiydi. Qaysi davrda, kim tomonidan o'ynalmasin, xalq buyuk siymolarni tanishi, yaqinroq bilishi kerak.
Shundoq ham tomoshabin kelmayapti, deb komediyaga, masxarabozlikka yo'l qo'ygan paytlarimiz bo'ldi. Aslida, teatr, ayniqsa, O'zbek milliy akademik drama teatri yo'l-yo'lakay kiriladigan joy emas, bu muqaddas dargohga alohida tayyorgarlik bilan kelish kerak. Bir paytlar uzoq hududlardan samolyotda kelib, spektakl` ko'rib ketganlarni ko'rganmiz. ellikka yaqin buyuk aktyor o'tib ketdi. Ularning o'rnini bosadigan aktyorlar esa juda kam.
***
Rejissyor Rustam Hamidov O'zbekiston Milliy akademik drama teatri sahnasida mutafakkir tavalludining 575 yilligiga “Alisher Navoiy” spektaklining yana bir yangi talqinini sahnalashtirdi.
Aktyor Behzod Muhammadkarimov ham donishmand, irodali, doimo xalq g'amu tashvishida yashab, o'zi yashagan jamiyatni poklashdek murakkab ishga hayotini bag'ishlagan adolatparvar, oqil va dono davlat arbobi — komil insonni xalqimizga ko'rsata oldi.
Behzod Muhammadkarimov, teatr, kino va dublyaj aktyori:
— Otam ham, onam ham mumtoz adabiyotga juda qiziqishgan. Navoiyga muhabbati shu darajada yuksak bo'lganini ularning o'sha zamonlarda urf bo'lgan magnitafonga Navoiy va Guli bo'lib ovozlarini yozishganidan bilamiz. Biz, farzandlar ham mumtoz adabiyotga muhabbatli bo'lib ulg'aydik. Oliygohga “Alisher Navoiy” monologini o'qib kirganman. Diplom spektaklida Navoiy roli berilgan. Ishiga mas'uliyatli, fidoyi Isoqjon degan domlamiz sahna nutqidan dars berardi. G'azallarni o'qib topshirardik. Bu 80-yillarda televideniedagi g'azalxonlik kechalaridagi chiqishlarimda muhim omil bo'ldi. Suyima G'aniyeva bilan har bitta g'azalning mag'zini chaqardik. Boshqa olimlar bilan ham hamkorlikda g'azal ilmi bilan shug'ullanardim. Shu ma'noda aytmoqchimanki, Navoiy obrazini sahnada jonlantirishga dabdurustdan kelib qolmaganman.
Turg'un aka “Alisher Navoiy” spektaklini sahnalashtirishga kirishganida, men yosh, yangi aktyor edim teatrda. Navoiyning yoshligi menga berildi. 7 ta sahnada men, Astrobod sahnasi va yakunda Zikir Muhammadjonov va Yoqub Axmedov o'ynardi. Guli rolida — Madina Muxtorova. Yoshmiz, bilakda kuch, yurakda o't bor. Biz ham teatr sahnasida chiqa olishimizni ko'rsatishdek katta maqsadga erishish uchun jon-jahdimiz bilan ishlaganmiz.
2015-yili rejissyor Rustam Hamidov qaytadan sahnalashtirgan “Alisher Navoiy” spektaklida, yoshim katta bo'lib qolgani bois, allomaning keksalik davrini ham o'zim o'ynadim. P`esa o'sha davr ruhi bilan yozilgan bo'lsa-da, lirik sahnalarni zavqlanib ijro etaman.
Bugun texnika davri bo'lishiga qaramay, teatrning o'z ixlosmandlari bor. Xususan, uch soatcha davom etadigan “Alisher Navoiy” spektaklining oxirgi postanovkasida ham necha marta o'ynagan bo'lsam, odamlarning spektakl` tugaguncha chiqib ketmasligidan xursand bo'laman. Sahnada Alisher Navoiyning o'zi, “Layli va Majnun”da Majnunni gavdalantirgan aktyor sifatida aytishni istardimki, Navoiyni qancha ko'rsangiz, qancha eshitsangiz, har safar chuqurroq anglab boraverasiz.
***
Ha, Navoiyni shunchaki anglab bo'lmaydi. Qaysi davrda, qanday ishlangan bo'lmasin, uning shaxsi, faoliyatiga doir sahna asarlarini ko'rish, kerak bo'lsa, bir-biriga taqqoslash buyuk alloma haqida bilganlaringizni yanada ziyoda qiladi. Spektakldan maqsad — Alisher Navoiyni ulug'lash, uni boricha ko'rsatish va yosh avlodga tanitish ekani bilan ahamiyatli.
Qani edi, o'zimiz teatrga mazkur spektaklni istab borsak, faqat fevral` oyida emas, yil bo'yi repertuardan tushmasligini ta'minlasak... Bu bilan navoiylar, boyqarolar, majdiddinu mansurlar, gulilarni taniymiz. Qalbimizdagi vatanparvarlik hissi ozgina jo'sh ursa, bunday shukuhga erisha olamiz!
Munojat Mo'minova,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri