Bir kuni chorvachilikdan, keyingi kun esa balet sanʼatidan material tayyorlaydigan jurnalistlar tarixda qoldi. “Boshlovchilik”ka va “shou-biznes”ga “ixtisoslashish”ga ruju qoʻyayotganlar koʻpayib borayotgan boʻlsada, har qalay yoshlarimiz boshqa sohalarni ham esdan chiqarayotganlari yoʻq. Ammo, muammo shundaki, jurnalist keng bilimlarga ega boʻlishi – unutilayotgandek. Men hamkasblarimga ayrim jurnalistlar ozgina bilim va idrok talab qiladigan joyda koʻp qoqiladi, deb hazil aralash gap qilaman.
“Keng bilimlar” deganda nimani nazarda tutyapsiz, degan savolga isteʼdodli va oʻta mehnatkash jurnalist va siyosiy sharhlovchi Sharofiddin Toʻlaganovning yaqinda chop etilgan “Bu sirli dunyo” kitobi ham javob boʻladi. “Yil solnomasi”ga oʻxshatib tartib berilgan bu kitob insoniyat oʻtmishiga muhrlangan, faqat bir yilga emas, har yili xizmatimizda boʻladigan tarixiy voqealar tarixi keng sharhlangan. Ushbu kitob obrazli qilib aytsak “Yil manzarasi”.
Bunday salmoqli ishni amalga oshirish oson emasligini oʻz tajribamdan yaxshi bilaman. Sharofiddin xuddi gʻavvosdek dengiz tubidan duru javohirlarni yigʻib-terib chiqqan. Kitobni hali oʻqimagan yoki qoʻliga tutmagan oʻquvchilar uchun ozgina tasavvur hosil boʻlishi uchun kitobdagi ayrim sarlavhalarni keltirsam: «1-yanvar – Jahon tinchlik kuni”, «13-fevral – Jahon radio kuni”, «20-mart – Xalqaro baxt kuni”, «22-aprel – Xalqaro ona yer kuni”, «25-may – Afrika ozodligi kuni”, «4-iyul – AQSH mustaqillik kuni”, «2-sentyabr – Ikkinchi jahon urushi yakunlangan kun”, «16-oktyabr – Jahon oziq-ovqat kuni”, “ 15-dekabr – “Xalqaro choy kuni” va hokazo.
Mazkur sanalar shunchaki qayd etilmagan. Ularning har birining kelib chiqish tarixi, unga bogʻliq sabablar va hodisalar hamda maqsadlari faktik materiallar bilan keng sharhlangan, mazmun-mohiyati ochib berilgan.
Xullas bu kitob har bir jurnalist va blogerning ish stolida ( mabodo ish stoli boʻlsa) turadigan va nainki ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek talaba-yoshlarimiz, qolaversa har bir maʼrifatli insonga asqatadigan ajoyib asardir. Sharofiddinni esa oʻqiladigan yana bir kitobi bilan tabriklayman va bu asarni muhtaram oʻquvchilarimizga tavsiya etaman.
Jaloliddin SAFOYEV,
jurnalist