Bugun axborot eng muhim qadriyat(mi)?

    Fikr 3 May 2023 957

    Finlarda “Deraza oynasini jurnalistlar sindiradi, uni hukumat qayta oʻrnatadi”, degan gap bor ekan. Istardikki, hamkasblarimiz mana shu oynani, toʻgʻrirogʻi, insonlarning koʻngil oynasini sindirmasin. Zero, koʻngil oynasini qayta tuzatish hech kimning qoʻlidan kelmaydi.

    Deyarli har kuni xalqaro miqyosda maʼlum bir nomdagi sana nishonlanadi. Nima uchun xalqaro koʻlamda, degan savol tugʻilishi tabiiy. Chunki Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bu usulni muayyan masalalar boʻyicha xabardorlikni oshirishning kuchli vositasi sifatida qabul qilgan.

    Xalqaro kunlar BMT Bosh Assambleyasining qarori bilan tanlangan tarixiy voqealar va odamlar hayotining muhim jihatlarini taʼkidlash maqsadida nishonlanadi. Har bir xalqaro kun koʻplab manfaatdor tomonlarga kun mavzusi bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish imkoniyatini beradi. Xalqaro kunlarning mavzusi maʼlum bir tarzda BMTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish, xalqaro huquqqa rioya etish va gumanitar yordam kabi sohalardagi faoliyati bilan bogʻliq.

    Xalqaro kunlarga bagʻishlangan veb-saytlar BMT portalida eng koʻp tashrif buyurilgan manbalar sanaladi. Bunday kunlarning eʼlon qilinishi mazkur tashkilotga aʼzo davlatlar va xalqaro hamjamiyat u yoki bu muammodan xavotirda ekanligini anglatadi. Baʼzi kunlar nafaqat BMT Bosh Assambleyasi, balki uning ayrim tashkilotlari tomonidan ham eʼlon qilinadi.

    Masalan, 3-may kuni nishonlanadigan Jahon matbuot erkinligi kuni avvaliga BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 26-sessiyasi tomonidan 1991-yil qabul qilingan, soʻng 1993-yil 20-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan. Bu, oʻz navbatida, 1991-yilda plyuralizm va ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi toʻgʻrisida tarixiy Vindxuk deklaratsiyasini qabul qilgan afrikalik jurnalistlarning chaqirigʻiga javob boʻldi.

    Har yili 3-may kuni butun dunyoda matbuot erkinligining asosiy tamoyillarini taʼkidlash, dunyodagi matbuot erkinligi holatini baholash, ommaviy axborot vositalari va ularning mustaqilligiga tajovuzlardan himoya qilish va vafot etgan jurnalistlar xotirasini eslash maqsadida Jahon matbuot erkinligi kuni nishonlanadi.

    Ushbu kun matbuot erkinligini himoya qilish va butun dunyo boʻylab matbuot erkinligi holatini baholash boʻyicha tashabbuslarni ragʻbatlantirish va rivojlantirish imkoniyatini beradi. 3-may hukumatlarga matbuot erkinligini himoya qilish majburiyatini bajarish zarurligini eslatib turadi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari matbuot erkinligi va kasbiy etika bilan bogʻliq masalalar haqida fikr yuritadi. Bu kun cheklovlar qurboni boʻlgan yoki ovoz erkinligidan toʻliq mahrum boʻlgan ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlashga chaqiriq boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu oʻz kasbiy burchini bajarishda vafot etgan jurnalistlarni xotirlash kunidir.

    Bugungi kunda avtoruchka, yozuv mashinkasi, qogʻozlar, oddiy telefon va xalq tilida magnitofon, radiojurnalistlar tilida reportyor deb ataluvchi texnikalar oʻrnini mobil telefonlar, kompyuter, noutbuk, raqamli diktofonlar egalladi. Jurnalistlar mehnati ancha yengillashdi.

    Jurnalistlarning bir avlodi koʻz oʻngida axborotni uzatish texnologiyasi tubdan oʻzgarib ketdi. Zamonaviy texnologiyalar jurnalistikani “tosh asri”dan olib chiqdi va bu sohani butunlay oʻzgartirib yubordi. Biroq OAVning xolis, toʻgʻri axborot tarqatish borasidagi masʼuliyati oʻsha-oʻshaligicha qolishi kerak edi. Ammo, ming afsuski, bunday boʻlmayapti.

    Davrimiz haqli ravishda “Axborot asri” deb nomlanadi. Jahon yagona axborot maydoniga aylanib boʻldi.

    XX asr oxiri — XXI asrga kelib, dunyo butunlay oʻzgarib ketdi. Axborot-kommunikatsiya sohalarining taraqqiyoti, geosiyosiy vaziyatning keskin oʻzgarishi kim axborotga ega boʻlsa, jamiyatni oʻsha boshqarishini koʻrsatib qoʻydi.

    Bu esa har qanday davlat va tuzum oldida dolzarb muammoni keltirib chiqarmoqda. Axborot xavfsizligi har bir davlat milliy xavfsizligining tarkibiy qismidir. U davlat va jamiyatning barcha sohalaridagi milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan boʻlishi kerak. “Har qanday davlatning ommaviy axborot vositasi chet el taʼsiri ostida qolar ekan, jamiyat oʻz tarixiy ideallari, qadriyatlarini buzishga yoʻnaltirilgan axborotlar ogʻushida qoladi”, deb yozgan edi amerikalik olim Lens Bennet. Hozirgi kunda jahondagi turli “kuch markazlari”ning geosiyosiy qarama-qarshiligi “axborot makoni”ga koʻchdi, degan gaplarda jon bor. Yaʼni oddiy soʻz bilan aytganda, axborot kimning qoʻlida boʻlsa, oʻsha xaq boʻlib chiqmoqda.

    Rus yozuvchisi A.Chexovning “6-palata” povesti yodingizdami? Bosh shifokor oʻrinbosarining bosh shifokor lavozimini egallash maqsadidagi xatti-harakatlari axborot xurujini eslatmaydimi? Soppa-sogʻ odamni jinniga chiqarib, oʻzining qabih maqsadlariga erishgan bosh shifokor oʻrinbosarining ishini hozir ayrim OAV xodimlari bajarayotgandek.

    Hayot haqiqati shuni koʻrsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda — ezgulik va yovuzlik yoʻlida foydalanish mumkin.

    Zamonaviy dunyoda axborotlar shu qadar koʻpki, tarqatilayotgan axborotlarning qay biri toʻgʻri, qay biri notoʻgʻriligini aniqlaguncha inson ongi birinchi tarqalgan xabarga moslashgan boʻladi. Radio va televideniye paydo boʻlganidan keyin dunyo oʻzgarib ketdi. Internet paydo boʻlishi bilan esa yanada boshqacha tus oldi.

    Axborot ozchilikning emas, barchaning mulkiga aylandi.

    Hozirgi paytda yer yuzining qaysi chekkasida qandaydir voqea yuz bermasin, odamzod bu haqda dunyoning boshqa chekkasida turgan boʻlishiga qaramay, zudlik bilan xabar topishi hech kimga sir emas. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tigʻiz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yoʻq, deya beparvo qarab boʻlmaydi. Hayotimizning biror-bir sohasini axborotsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

    Bugun axborot eng muhim qadriyat sanalmoqda. U ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatiladi.

    Ayrim hollarda matbuot odamlarga salbiy taʼsir koʻrsatishidan koʻz yumib boʻlmaydi. Buni biz dunyoda yuz berayotgan hodisalarning notoʻgʻri talqinda yoritilayotganidan koʻrib turibmiz. Jurnalistlar va media xodimlari nafaqat ish beruvchilar va axborot isteʼmolchilari oldida, shu bilan birga, jamiyatga nisbatan ham masʼuliyatni his qilishi, demok ratiyani haddan oshish deb tushunmasligi kerak. Erkinlikka intilish har bir jurnalist oldida turgan vazifa, ammo chegarani bilishi shart. Media jamiyat oldida oʻz zimmasiga maʼlum bir majburiyatlarni olishi kerak. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi.

    Jamoatchilik fikrini chalgʻitish aynan ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilmoqda. U yoki bu mamlakatni yomonotliq qilish, oʻzi tanlagan taraqqiyot yoʻlidan qaytarishga boʻlgan urinishlar zamirida tor manfaatlar yotibdi.

    Odamlar ongini, dunyoqarashini yot gʻoyalar taʼsiriga boʻysundirishga intilish holatlari aynan matbuot orqali amalga oshirilayotgani tashvishlidir. Internetdagi ijtimoiy sahifalar ham nafratga qaratilgan daʼvatlarga qarshi kurashishi lozim.

    Odamlar dunyoqarashini u yoki bu gʻoyalar taʼsiriga boʻysundirishda molparast, shuhratparast va amalparast kuchlar oʻz maqsadlariga erishish, dunyoni xohish-irodalariga boʻysundirishda foydalanmoqda. Bugungi kunda xalqaro maydonda turli siyosiy kuchlar oʻzlarining milliy va strategik rejalariga erishish uchun, eramizdan avvalgi VI asrda yashab oʻtgan faylasuf va harbiy arbob Sun Szi yozganidek, xoin va sotqinlardan foydalanmoqda. U oʻz sarkardalariga “eng qabih va razil odamlar bilan hamkorlikdan foydalaning”, deb maslahat bergan edi. Siyosiy kuchlarning uzoqni koʻzlagan asl maqsadlarini oʻz vaqtida sezish va anglash katta ahamiyatga ega. Eʼlon qilinmagan axborot urushlarining zamirida yolgʻon axborot tarqatish, ijtimoiy ongni egallash, milliy va madaniy qadriyatlarni yoʻq qilish, turmush tarzimizga yot va begona qadriyatlarni singdirish maqsadi yotgani aniq.

    Media jamiyat oldida oʻz zimmasiga maʼlum bir majburiyatlarni olishi kerak. Bu majburiyatlar axborot tarqatishda halollik va adolatni talab qiladi. Media jinoyatchilik va zoʻravonlikni targʻib qilmasligi, fuqarolarning huquqlarini kamsitmasligi zarur. Bu matbuot erkinligini cheklashni anglatmaydi. Shu oʻrinda “erkinlik istab” yoʻl transport qoidalarini buzgan haydovchi keltirgan noxush hodisani misol qilish mumkin.

    Demokratiya ekan, deb jurnalistika etikasini buzganlar ham jamiyatga katta ziyon keltirishini anglab yetishi kerak. Ayrim mamlakatlarda “toʻrtinchi hokimiyat” “birinchi hokimiyat”ga intiluvchi matbuotning borligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Ular oligarxlar, moliyaviy guruh, mahalliy “baron”lar qoʻlidagi bir oʻyinchoq ekanini yoddan chiqarishi kerak emas. “Toʻrtinchi hokimiyat” deb yuritilayotgan boʻlishiga qaramay, OAVni hukumat yoki tijorat strukturasi deb emas, balki tom maʼnodagi fuqarolik jamiyati instituti sifatida koʻrish kerak.

    Amerikalik tadqiqotchi G.Lassuell OAVning toʻrtta vazifasi borligini taʼkidlagan edi: jahonni kuzatib borish (axborot toʻplash va tarqatish); tahrir qilish (axborotni tanlab olish va sharhlash); jamoatchilik fikrini shakllantirish; madaniyat tarqatish.

    Aytishlaricha, finlarda “Deraza oynasini jurnalistlar sindiradi, uni hukumat qayta oʻrnatadi”, degan gap bor ekan. Istardikki, hamkasblarimiz mana shu oynani, toʻgʻrirogʻi, insonlarning koʻngil oynasini sindirmasin. Zero, koʻngil oynasini qayta tuzatish hech kimning qoʻlidan kelmaydi.

    Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, bugun mamlakatimizda soʻz, matbuot erkinligini taʼminlashga yuksak eʼtibor berilyapti. Jurnalistlarimizda toʻgʻri soʻzni aytishga jurʼat bor. Davlatimiz rahbarining oʻzi toʻgʻrisoʻz va jurʼatli jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlab turibdi. Biz bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan va rivoj topayotgan, shu bilan birga, yechimi oʻta ogʻir va murakkab boʻlgan turli muammolarni tugʻdirayotgan XXI asrda yashayotganimizni har on his qilib turishimizni istardim.