Davlat soliq qoʻmitasi ushbu xabarlarga aniqlik kiritgan holda qoʻyidagilarni maʼlum qiladi.
Toʻlov tizimlari operatorlari oʻz toʻlov tizimlarini onlayn-NKMga majburiy ravishda ulash va shu orqali soliq organlarining axborot tizimlariga 2022-yil mart oyidan integratsiyalashni taʼminlash talabi oʻrnatilgan.
Ushbu maqsadda toʻlov tashkilotlari bilan tizimli ishlar amalga oshirilib, joriy yilning mart oyidan shu kunga qadar 12 marotaba uchrashuv tashkillashtirilgan.
Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda elektron toʻlov tizimi orqali elektron fiskal chek taqdim qilish tartibi belgilangan. Xususan, mavjud 48 ta elektron toʻlov tashkilotidan 25 tasi fiskal maʼlumotlar operatoriga integratsiyani toʻliq yakunlagan.
Aytish joizki, hozirgi kunda xaridlar uchun toʻlovlarni aksariyat hollarda P2P (kartadan kartaga oʻtkazish) qilish kuzatilmoqda.
Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda axborot texnologiyalari vositasida isteʼmolchilar, tadbirkorlik subyektlari va davlat soliq xizmati organlarining uygʻunlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.
Raqamlashtirish bilan bogʻliq amaliy tajriba iqtisodiy faollikni oshirish va qonuniy faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlarni himoya qilish taʼminlanganligini koʻrsatdi.
Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan xarid cheklari soni 185 foizga xarid summasi esa 176 foizga oshdi. Bu raqamlarni yashirin iqtisodiyotni soyadan chiqarish natijalari deb qayd etish mumkin.
Shu oʻrinda 1,5 million nafardan oshiq fuqarolar huquqlari kafolatlanishi taʼminlandi.
Davlat soliq qoʻmitasi oʻzining rasmiy munosabatiga oddiy tushuntirish berib oʻtdi.
“Fuqarolar, yaʼni Siz va biz xaridni amalga oshirganimizda chek olishimiz va ushbu xaridni 1foizini ”keshbek" qilib qaytarib olishimiz lozim.
Bu qonuniy huquqimiz!
Shunday ekan, mobil ilovalar orqali toʻlaganda chek ham shu ilovada berilishi kerakda. Elektron chek uchun esa keshbek avtomat hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan fiskal belgili chek berilishini talab qilish bu normal holat va toʻgʻri qabul qilinishi kerak deb hisoblaymiz, deyiladi qoʻshimcha axborotda.