Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini uy-joy bilan ta'minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan topshiriqlarning o'z vaqtida sifatli bajarilishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi.
Biz odatda “izchil islohotlar muvaffaqiyati”, iborasini qo'llaganda fikrni aniq misollar bilan tasdiqlashga unchalik e'tibor bermaymiz. Boisi kundek ravshan natijalarni hamma ko'rib turibdi, qaytarish shart emas, deb hisoblaymiz. Lekin shunday paytlar bo'ladiki, ezgu jarayonlarni har takrorlaganda uning yangi-yangi qirralari kashf etiladi. Bir qarashda oddiy tuyulgan hodisaning hosilasi naqadar ulug'vorligini biroz fursat o'tgandan keyingina his qilamiz.
Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta'minlash sohasida olib borilayotgan ko'lamli yumushlar xususida ham xuddi shunday mulohaza yuritish mumkin. Prezidentimiz tashabbusi bilan daraxtlar kesilishiga moratoriy e'lon qilish bilan qo'r olgan ishlar bugun umummilliy harakatga aylandi. Yoshu qari, amaldoru xodim, tadbirkoru sarmoyachi – kim bo'lishidan qat'iy nazar tabiatdan ayro yashash imkonsizligini idrok etayotir. Bu – atrof-muhitni aslicha asrash, hayvonot va o'simlik dunyosini muhofaza qilish, suv va er resurslaridan maqsadli foydalanish masalasi davlat siyosatiga darajasiga ko'tarilgani sharofati.
Davlatimiz rahbari yaqinda bo'lib o'tgan saylovoldi uchrashuvlarida ham ushbu yo'nalishning umumiqtisodiy taraqqiyot va farovon hayot bilan naqadar chambarchas bog'liqligini xalqimizga sodda tilda tushuntirib berdi.
Joriy yilning 24-avgusti va 2-noyabridagi muhokamalar esa nazariya va amaliyot uyg'unligining, ilgari surilayotgan g'oyalarning kundalik turmushdagi in'ikosi bo'ldi. Bunda kampaniyabozlikka, ko'zbo'yamachilikka yo'l qo'yilmasligi alohida ta'kidlanmoqda. Chunki avval ana shu illat tufayli o'zimizni o'zimiz aldab yuraverganmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iborasi bilan aytganda, o'tgan yillarda “qog'ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O'zbekistonda bo'sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim va qarov bo'lmagani uchun ekilgan ko'chatlarning ham ko'pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko'tarayapmiz. SHuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik, puli, egasi, sug'orish tizimi bilan amalga oshirish kerak.
Davlatimiz rahbari alohida qayd etganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirildi. Bundan buyon ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish bo'yicha o'rinbosari mas'ul bo'ladi. Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda 2 noyabrdan 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo'yicha “dolzarb 40 kunlik” e'lon qilingani ekologik xavfsizlikni ta'minlash yo'lidagi yana bir muhim tadbirdir, deyishga asoslar etarli.
Hududlar kesimida oladigan bo'lsak, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida – 16 million tupdan, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg'onada – 15 million tupdan, Qoraqalpog'iston Respubliksasi, Navoiy, Sirdaryo, Xorazmda – 14 million tupdan ko'chat ekiladi.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan mas'ul belgilanadigan bo'ldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi. Obodonlashtirish bo'limlari maxsus texnika bilan ta'minlanadi, zarur joylarda sug'orish tarmoqlari barpo etiladi. Ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o'z o'rnini topishiga jiddiy e'tibor qaratishi lozim.
Ko'p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u erda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo'l va dala chetlariga ham daraxtlar ekiladi.
O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasiga, hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos ko'chatlarni ko'paytirish va etkazib berish vazifasi qo'yildi. Buning uchun qo'mita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan bo'ldi.
Xo'sh, ana shu ulkan va kelajakka bebaho sarmoya tariqasida yo'naltirilayotgan jarayonlarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining o'rni qanday bo'ladi? eng avvalo, shiddatli zamonning o'tkir talablaridan kelib chiqib, qo'mitaning tashkiliy tuzilmasi, vakolat va vazifalari tubdan qayta ko'rib chiqiladi. Davr chaqiriqlariga hamohang qadam tashlay olmaydigan bo'linmalar tugatiladi.
E'lon qilingan “dolzarb 40 kunlik” qo'mita rahbariyatidan tortib, olis tumanlardagi oddiy inspektorlargacha tom ma'noda sinov vaqtidir. Ana shu imtihon ekologlarning sarasini saraga, puchagini puchakka chiqaradi. Xalqona aytganda, dastlabki g'alvir qirq kundan keyin ko'tariladi.
Buni yaxshi his qilgan qo'mita mutaxassislari kechadan boshlab joylarda ekishga kirishilgan qalamcha va ko'chatlarning hisobini alohida, 2–3 yoshli nihol va butalar o'tqazilishining hisobini alohida yuritish barobarida mavjud daraxtlarning aniq xatloviga, tegishli tashkilotlar hamkorligida yashil hududlarning elektron xaritasini yaratishga kirishdi. Shuningdek, hokimliklar tomonidan sug'orish tizimini yangilash, irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sug'orish tizimini joriy etish bo'yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ham ekologlar tomonidan muntazam monitoring qilib boriladi. Ko'chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko'paytirish choralari yuzasidan belgilangan ishlar qanchalik sifatli ado etilishi ham Davlat ekologiya qo'mitasi mas'ullarining soha olimlari bilan hamkorlikni qay darajada yo'lga qo'yishiga bevosita bog'liq. Darvoqe, ekish uchun ekolog-ekspertlar tomonidan tavsiya etilgan 27 turdagi daraxt ko'chatlarining qaysilari qaysi hududga mos kelishi olimlar xulosasi asosida har bir viloyat va tumanning iqlim sharoitini hisobga olgan holda tanlanadi. Shuningdek, yashil makon uchun tanlangan joy tuprog'i ham mutaxassislar ishtirokida ko'rib chiqiladi. Shundan keyingina ishga kirishiladi.
O'quvchida oddiy savol tug'ilishi mumkin: viloyatlar uchun muayyan kvota tariqasida belgilangan 14–16 million donadan ko'chatlar “dolzarb 40 kunda” ekib bo'linadimi? Yo'q, unday emas. Bu jarayon kelasi yil bahorida ham olimlaru usta bog'bonlar tavsiya etgan muddatlarda izchil davom ettiriladi.
Maqsad – jimjimador raqamlar ortidan quvib, soxta ma'lumotlar taqdim etishdan iborat emas. Bunday holatlar davri o'tdi. Muddao – chindan-da yashil makonlar barpo etish. Zotan, bugungi nihollar – ertangi toza havo, demakki, go'zal hayot manbaidir.
Ozod Rajabov,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza
qilish davlat qo'mitasi raisi maslahatchisi.