Endilikda binolarga ijtimoiy talablar belgilash, xususan, shahar ichida koʻp qavatli inshoot qurilgudek boʻlsa, uning turiga qarab, maktab, bogʻcha, maishiy xizmat, avtoturargoh oʻrni, koʻkalamzorlashtirish maydoni kabi meʼyorlar qoʻyilishi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.

Shahar atrofida 130 kilometrlik yashil kamar loyihasi amalga oshiriladi. Yashil yoʻl yoqalarida park, kafe, restoran, madaniy obyektlar boʻlishi koʻzda tutiladi. Shahar ichidagi suv boʻylari va yoʻl yoqalari yashil hududga aylantiriladi.

Toshkentdagi yashil koridorlarda oliy taʼlim muassasalarini, ijtimoiy madaniy obyektlar, sport inshootlarini joylashtirish koʻzda tutilgan. Yangi qurilishlarda ijtimoiy foydalanish uchun hududlar ajratiladi va bunda yashillikka katta eʼtibor qaratiladi.

Bundan buyon har qanday qurilishda quruvchi tashkilotga daraxt ekish majburiyati yuklanadi. Buning uchun alohida jadval ham ishlab chiqilgan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatmoqdaki, yashil hududlar bor joyda havo harorati nisbatan moʻtadil boʻladi. Chang bosiladi, shovqin nisbatan toʻsiladi.

Shunga koʻra, yashillikning joylashuvi, kengligi ham turlarga ajratiladi. Shahar ichidagi yashil koridorlar faqat daraxtzor emas, balki, aholi foydalanadigan hudud hamdir. Shahar atrofidagi yashil kamar esa qishloq xoʻjaligi yerlaridan ham iborat boʻladi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar qolgan. Shu bois Bosh reja loyihasida bunga ham alohida eʼtibor qaratilib, yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.