Buxoroda ilk bor xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali oʻtkaziladi

    Davlatimiz rahbarining 2021-yilning 29-apreldagi qaroriga muvofiq, joriy yilning 21-25-may kunlari Buxoro shahrida Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali oʻtkaziladi.

    Xalq amaliy sanʼatining ushbu ikki yoʻnalishidagi eng yaxshi anʼanalarni rivojlantirish, zardoʻzlik va zargarlikning noyob namunalarini keng targʻib qilish, oʻzaro tajriba almashish, hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash, hududning sayyohlik salohiyatini yanada oshirish kabi ezgu maqsadlar koʻzda tutilgan mazkur tadbirga koʻhna shaharda katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Anjuman tashkil etiladigan joylarda obodonchilik yumushlari amalga oshirilayapti. Tadbir qatnashchilari va mehmonlar uchun zarur qulayliklar yaratilmoqda.

    Koʻhna shaharning oʻziga xos brendi

    Har ikki yilda bir bor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan ushbu xalqaro festivalni xalq amaliy sanʼati ustalari intiqlik bilan kutishmoqda, —deydi respublika “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshligʻi Akbar Muhammedov. — Negaki, shahrimizda ilk bor tashkil etilayotgan bu anjuman xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, hunarmandchilikning avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan anʼanalarini boyitishga, yoshlarimizning ota-bobolarimiz qoldirgan boy merosga qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Festivalga dunyoning 58 ta davlatidan 220 nafardan ziyod mehmon kelishi kutilayapti. Ular orasida yuz nafarga yaqin zargar, oʻttiz nafardan ziyod zardoʻz bor. Tadbirda qatnashish istagidagi yuz nafardan ortiq mahalliy zargaru zardoʻzlar xorijlik ustalar bilan oʻzaro tajriba almashish, mahorat saboqlari oʻtish, mahsulotlarini namoyish etish, sotish imkoniga ega boʻlishadi.

    Tadbirga tayyorgarlik doirasida sohada uzoq yillardan buyon ishlab, el–yurt hurmatini qozongan xalq amaliy sanʼati ustalari faoliyati aks etgan bannerlar tayyorlanyapti. Festival oʻtadigan maskanlarda bank xizmati va bojxona shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Boshqacha aytganda, zargarlik buyumini xarid qilgan xorijiy mehmonga shu yerning oʻzidayoq zarur xizmatlar koʻrsatiladi. Xalqaro festival boʻlib oʻtadigan manzil sifatida esa shahar qadimiy qismining Ark qoʻrgʻoni bilan Poyi Kalon majmuasigacha boʻlgan qismi tanlangan. Anjumanning ochilish va yopilish marosimlari koʻhna Ark oldidagi Registon maydonida boʻlib oʻtadi. Qator koʻngilochar tadbirlar, jumladan, teatrlashtirilgan konsert dasturlari, taqdimot va koʻrgazmalar, koʻrik-tanlovlar xorijiy va mahalliy mehmonlarga vaqtni mazmunli oʻtkazish imkoniyatini yaratadi. Festival doirasida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy–amaliy konferensiya ham tashkil etiladi.

    — Festival logotipida zargarlik mahsuli sanalgan uzuk silueti, zardoʻzlikda ishlatiladigan “kaʼbagul” naqshi, serquyosh Buxoro va gumbaz tasviri aks etgan, — deydi “Sitorai Mohi Xossa” xalq amaliy bezak sanʼati muzeyi masʼul xodimi Nargiza Jumayeva. — Bular bejiz emas. Yurtimizda azal-azaldan bu ikki yoʻnalish ravnaq topgan. Zargarlik va zardoʻzlik Buxoroning oʻziga xos brendiga aylangan. Masalan, 1920-yilgacha koʻhna shaharda 300 dan 350 nafargacha zardoʻz usta faoliyat yuritgani maʼlum.

    Hunarning oldida xasdir oltin-zar

    Baxshillo Jumayev ana shunday hunarmandlar oilasida tugʻilib, voyaga yetgan. Istiqlol yillarida uning orzu–havaslari ushaldi. Halol mehnat ortidan zardoʻzlik maktabiga asos soldi.

    — Bolaligimda akamga ergashib, “Mohir qoʻllar” toʻgaragiga borganman, — deya eslaydi B. Jumayev. — Rang–barang tasvirlar chizish jonu dilim edi. Maktabdan soʻng Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)da badiiy grafika yoʻnalishida tahsil oldim. Sobiq “Zardoʻz” fabrikasida bosh rassom vazifasida mehnat qildim. 1995-yilda respublikada yagona sanalgan “Sovgʻa” zardoʻzlik maktabini tashkil etdim. Oʻylab qarasam, zardoʻzlik bilan shugʻullanayotganimga salkam 45 yil boʻlibdi.

    Bilasizmi, hozirgi yoshlarga havasim keladi. Ularning hunar oʻrganishlari, ilmli boʻlishlari uchun hamma shart-sharoit yaratilgan. Mana, anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan “Ipak va ziravorlar” yoki shahrimizda ilk bor tashkil etilayotgan “Zargarlik va zardoʻzlik” xalqaro festivalini olib koʻring. Hunar etagidan tutaman, degan yoshlar uchun shularning oʻzi bir maktab. Bolaligimizda bunday anjumanlar biz uchun shirin bir orzu edi,xolos.

    Aytmoqchi, oʻquvchilik kezlarimizda sinf doskasi yonboshida “Oltin olmaginu oʻrgangin hunar, Hunarning oldida xasdir oltin-zar”, degan hikmatli soʻz yozigʻlik turardi. Shu hikmat zamirida bir dunyo haqiqat yotganini men oʻz hayotim misolida koʻrdim.

    Baxshullo akaning aytganicha bor. Zardoʻzlik ortidan u Ispaniya, Fransiya, Gretsiya, Germaniya, Yaponiya kabi dunyoning 25 ta davlatida oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmalar ishtirokchisi boʻldi. ”Buxoroi sharif”, “Qoʻshtovus”, “Alisher Navoiy”, “Amir Temur”, “Bahor” deb nomlangan yirik polotnoli zardoʻzlik sanʼati asarlarini yaratdi. “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. YUNESKOning “Xalqaro miqyosdagi usta” sertifikati sohibi boʻldi. “Tashabbus-97” tanlovi respublika bosqichining “Eng yaxshi hunarmand” yoʻnalishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, Prezident sovgʻasi — avtomashina bilan taqdirlandi. Hunar bilan oilaviy shugʻullanib kelayotgan ustaga koʻhna shaharning qoq markazidan yashash va ijod qilishi uchun joy ajratildi.

    Bir hunarmandga eʼtiboru ragʻbat bundan ortiq boʻlishi mumkinmi?

    — Zardoʻz tabiatni, sheʼriyatni sevishi, ardoqlashi kerak, — davom etadi Baxshullo aka. — Men ona-tabiatimizning betakror manzaralaridan zavqu shavq olib, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Abdurahmon Jomiy sheʼriyatidan ilhomlanib ijod qilyapman. Esimda, “Zardoʻz” fabrikasida ishlayotgan kezlarimiz edi. Alisher Navoiy portretini yaratayotgan edik. Yaponiyadan kelgan bir guruh sayyohlar ishimizni sinchiklab kuzatishdi. Ulardan biri bu asar uchun beshovlon toʻrt oy vaqt saflashimizni eshitib, miyigʻida kuldi va “Biz buni kompyuterda yarim soatda bajarishimiz mumkin”, dedi. Shunda men “Toʻgʻri, kompyuterda bu yumushni tez bajarishingiz mumkin. Lekin texnika bu temir, jonsiz bir buyum. Unda hech qanday his–tuygʻu yoʻq. Biz esa bu asarni qalb qoʻri, koʻz nuri bilan yaratayapmiz. Qoʻl mehnati oʻrnini esa hech narsa bosa olmaydi”, deya javob berdim. Bu gapni eshitgan sayyohlar bizni olqishlashdi, tasanno aytishdi. Oʻshanda zardoʻzlikdek sermashaqqat hunar egasi boʻlganimdan behad gʻururlanganman.

    Xalqaro anjumanga kelsak, turmush oʻrtogʻim, shogirdlarim bilan birgalikda rang-barang zardoʻzlik buyumlarini tayyorlayapmiz. Ular ham avvalgi ijod mahsullarimiz kabi muzeylar, shaxsiy kolleksiyalardan oʻrin oladi, degan umiddamiz. Oʻzim esa koʻp yillik tajribam asosida “Zardoʻzlik sanʼati” nomli kitobni yozib tugatdim. Festivalda shu kitob taqdimoti ham oʻtkaziladi.

    Orzulari ushalgan zardoʻz

    — Xalqaro festivalga tayyorgarlik koʻrarkanman, koʻnglimda shukronalik hissini tuyaman, — deydi zardoʻzlarning beshinchi avlodi sanalgan Mahfuza Salimova. — Hayotda nimalarga erishgan boʻlsam, hammasini xalq amaliy sanʼati sharofatidan deb bilaman. 2017-yilda orzularimdan biri ushaldi. “Malika Sulton” oilaviy korxonasini barpo etdim. Hozir bu yerda 150 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ular zardoʻzlik bilan shugʻullanib, oilalariga qut–baraka olib kirishayapti. Sabr–toqat, qunt bilan ishlab, zar ipdan koʻz koʻrsa quvonadigan milliy liboslar, choponlar, joynamoz, soʻzanalar tikishmoqda. Qadimiy zardoʻzlik choklarini qayta tiklashyapti.

    Hozir oilaviy korxonada zardoʻzlik, kashtachilikning 40 dan ziyod turiga daxldor xaridorgir buyumlar tayyorlanmoqda. Ular ichki bozordan tashqari qoʻshni davlatlar, shuningdek, AQSH, Turkiya, Rossiyaga ham eksport qilinmoqda.

    — Salkam 45 yildan buyon zardoʻzlik qilaman, — deydi korxona ishchisi Hikoyat Ochilova. — Shahrimizda xalqaro festival oʻtishi haqida eshitib, juda xursand boʻldik. Shukr, mehnatimiz qadr topayapti. Koʻplab shogirdlarimiz bor. Hunarimizni nevaralarga ham oʻrgatayapmiz. Baʼzilar zardoʻzlikni igna bilan quduq qazishga qiyoslashadi. Bu gapda jon bor. Mana, koʻrib turganingiz 3x2,5 oʻlchamli gilamni qadimiy usulda tikayapmiz. Sherigim bilan sakkiz oy vaqt sarflaymiz. Baʼzan ishimizni kuzata turib, “Koʻzingizni mato ustidagi qoʻldan uzmaysiz, uning ostidagi ikkinchi qoʻlingiz harakatini esa koʻrish imkoni yoʻq. Bunaqada qanday qilib bejirim, bexato naqshlar tikish mumkin”, deya ajablanib soʻrashadi. Men shunda ularga “Hammasini qalb koʻzi bilan koʻrib, his etamiz”, deb javob beraman.

    Hikoyat opa haq. Matoga qalb koʻzi bilan solingan naqshlar jilosi oʻzgacha boʻladi. Ular ohorini aslo yoʻqotmaydi.

    — Tajribali ustalar koʻmagida zardoʻzlik sir–asrorlarini oʻrganayapman, — deydi Buxoro tumanidagi Chorbakr qishlogʻida yashovchi Mehrinur Ubaydova. — Xalqaro festival munosabati bilan milliy liboslar turkumini tayyorlayapmiz. Bu yerda men kabi zardoʻzlikka havas qilib, hunar oʻrganayotgan qizlar koʻp.

    Aytmoqchi, yuqorida tinib–tinchimas ayol Mahfuza Salimova haqida qisqacha toʻxtalgandik. “Tashabbus-2011” koʻrik–tanlovi respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan zardoʻz 2018-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. U oʻndan ziyod mamlakatlarda oʻtkazilgan koʻrgazma va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Yaqinda Mahfuza opaning yana bir orzusi roʻyobga chiqdi. Ustaxona va zardoʻzlik namunalari jamlangan muzey barpo etdi. Xalqaro festival kunlarida bu markaz xorijlik sayyohu mehmonlar eng koʻp tashrif buyuradigan maskanga aylansa, ajab emas.

    Toshga bitilgan naqsh

    Sirasini aytganda, hunarning yengili yoʻq. Xususan, zargarlik kishidan oʻtkir nigoh, yuksak did, sabr-toqatni talab etadi. Alisher Hamroyev festivalga moʻljallab tayyorlanayotgan koʻrgazma ustida ishlarkan, bu haqda alohida toʻxtaldi.

    — Koʻrib turganingizdek, qadimiy Ark qalʼasining shundoq yonboshida joylashgan bobomeros uyda yashab, ijod qilayapman, — deydi u. — Bobom, otam zargarlik bilan shugʻullanishgan. Uch oʻgʻlim bor. Ular ham zargarlik qilib, kam boʻlishayotgani yoʻq. Ochigʻi, bu juda nozik, injiq ish. Hamma ham eplab ketavermaydi. Tajribamdan yaxshi bilaman: 100 shogirdim orasidan 20–25 nafar yaxshi zargar chiqqan. Lekin “Yoshlikda olingan bilim — toshga bitilgan naqsh”, deb bejiz aytishmagan. Yoshi bir joyga borib qolgan kishilarga hunar asqotayotgan hollar ham koʻp.

    Sizga aytar boʻlsam, zargarlik koʻp sinovlarni, talotoʻplarni boshdan kechirdi. Shoʻro tuzumi davrida shu hunarni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylagan hamshahrimiz Gʻulomjon zargarning soʻzlarini yaxshi eslayman. “Kechqurun darvozani qulflab, birov xabar topmasin”, deb pinhona ishlardik”, derdi rahmatli. Gap shundaki, shoʻro tuzumi yakka tartibdagi mehnatga toʻsiq qoʻygan, zargarlik buyumlari davlat korxonalarida tayyorlanib, maxsus doʻkonlar orqali sotilardi. Lekin zargarlikda faqat qoʻl mehnatini talab qiladigan taqinchoqlar ham bor. Deylik, oʻsha paytlarda Buxoroda nikoh toʻylarida kelinga sovgʻa qilinadigan shibirma xalqasiz oʻtmasdi. Doʻkonda esa bu taqinchoq anqoning urugʻi edi. Odamlar istaymizmi-yoʻqmi zargar mehnatiga ehtiyoj sezishardi.

    Bugun esa emin-erkin ishlayapmiz. Xom ashyoni birja orqali xarid qilayapmiz. Qiymati besh ming AQSH dollarigacha boʻlgan mahsulotimizni xorijga olib chiqish imkoniga egamiz. Soliq borasida imtiyozlar berilgan. El-yurt “Usta” deb hurmatimizni joyiga qoʻymoqda. Butun boshli festivallar oʻtkazilyapti. Mabodo, qiyin pallalarda zargarlik hunarini tishining kovagida asrab–avaylagan ota-bobolarimiz hozir hayot boʻlishganida “Bu tushimmi yoki oʻngim”, deya ajablanishlari tayin edi.

    Alisher aka haq. Chindan ham hunarmandning yelkasiga oftob tegdi. Dafʼatan muzeyni eslatadigan zargarning ustaxonasida hozir 500 dan ziyod turdagi taqinchoqlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. “Tashabbus-2009” koʻrik–tanlovi respublika bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” deb topilgan usta AQSH, Fransiya, Hindiston, Yaponiya, Rossiyada oʻtkazilgan nufuzli xalqaro festivallarda ishtirok etgan.

    — Asosiy maqsadim zargarlikning yoʻqolib ketgan turlari va anʼanalarini qayta tiklashdir, — deydi u. — Shu boisdan nafaqat Buxoro, balki Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo zargarligiga xos uslublarni oʻrganib, ularni isteʼmolga kiritish harakatidaman. Qadimiy kitoblar, muzeylar zargarlikning noyob buyumlarini izlab topishimda manba vazifasini oʻtayapti. Masalan, yaqinda baldoq kundalsozidan nusxa olib, uni qayta tiklashga muvaffaq boʻldim. Tillaqoshi, “kundalsozi” sirgʻasi, zebigardon, nozigardon, bilakuzuk kabi milliy taqinchoqlarimizga xorijda ham qiziqish katta. Masalan, men Gollivudning bir guruh yulduzlari buyurtmasini bajardim. Ularga tilla va kumushdan qadimiy uslubda bolalar soʻrgʻichlari tayyorlab berdim. Shahrimizda oʻtadigan Xalqaro festivalda ana shunday noyob taqinchoqlardan iborat koʻrgazmamizni namoyish etamiz.

    ***

    ...Bugun koʻhna shahar boʻylab yurarkansiz, bayramona bir ruhni his etasiz. Asrlarni qaritgan masjidu madrasalar, savdo toqlari, qadimiy karvonsaroylar goʻyoki yana bir ulugʻvor kunni intiq kutayotgandek tuyuladi. Ustaxonalar, hunarmandchilik maktablarida emin–erkin ishlab turgan ustalar hamda ularning shogirdlari esa odatiy ishlar bilan band. Ular mehnatini hayrat bilan tomosha qilayotgan sayyohlarni koʻrib, qoʻli mehnatda, koʻngli Allohda boʻlgan xalqimizga toʻylar, bayramlar yarashadi, deging keladi.

    Rustam IBROHIMOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri