Buxorodagi umumtaʼlim maktablarida “Tadbirkorlik markazlari” tashkil etilmoqda

    Ta'lim 5 Oktabr 2020 2147

    Maksad esa sektordagi yoshlar, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, ulardan mehnatga layoqatlilarini biror bir hunarga oʻrgatish va shu orqali ularni doimiy ish bilan taʼminlashdan iborat.

    Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Sherzod Ashurov tashabbusi bilan oʻquvchilarni hunar oʻrganishga qiziqtirish, mehnat darslarini bevosita amaliyot bilan bogʻlash maqsadida boʻsh turgan mehnat darsi xonalarida va maktab oshxonalariga, hududning shart-sharoitidan kelib chiqib tadbirkor-hunarmandlarni joylashtirishni, ularga davlat mulkini ijaraga olganlik uchun toʻlovdan imtiyoz berishni hamda bu borada xorij tajribasini oʻrganib 4-sektor hududidagi maktablarda “tadbirkorlik markazlari” tashkil etildi.

    Buxoro tumanida 4-sektor xududidagi 5 ta umumtaʼlim maktablarida tashkil etilgan ana shunday markazlarda yuzdan ortiq oʻquvchilar kasb-hunar egallamoqda.

    Tumandagi 3-umumtaʼlim maktabida tikuvchi Erka Sattorova tikuvchilik faoliyatini boshlab hozirgi kunda 4 nafar shogirdlarga hunar sirlarini oʻrgatmoqda.

    Sektor rahbari tashabbusiga asosan tumandagi “Turkon” mahalla fuqarolar yigʻinida hududidagi 11-umumtaʼlim maktabida turli pishiriqlar va milliy taomlar pishirishni oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan markazda Madinabonu Rasulova 7 nafar yoshlarga hunar sirlarini oʻrgatish barobarida oilaga ham tayyorlamoqda.

    Mazkur mahalladagi 12-umumtaʼlim maktabida oʻquvchilarning darslardan keyingi boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishlari uchun maktabning mehnatxonasi qayta taʼmirlandi. Murod Allaberganov ustozlik qilayotgan hunar maktabida 20 nafar oʻquvchiga duradgorlik va temirchilik ustaxonasi tashkil etildi. Maktab mehnat oʻqituvchisi Zamira Jumageldiyeva 5 nafar qizlarga tikuvchilik sirlarini oʻzlashtirishlari uchun oʻz kasbini oʻrgatmoqda.

    Tadbirkorlarga “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida maktab oʻquvchilari va hududdagi ishsiz fuqarolarga oʻz hunarini oʻrgatgani uchun ish haqi toʻlash ham yoʻlga qoʻyilgan.

    Olib borilayotgan sayʼ-harakatlar natijasida oʻquvchilar maktabni bitirgach oʻzi qiziqqan hunar egasi boʻladi. Katta hayot ostonasiga qadam qoʻyishi bilan oʻzi egallagan hunarini davom ettirib tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi. Bu orqali esa maktab bitiruvchilari orasida ishsizlik koʻpayishi, pul topish uchun chetga chiqib ketish kabi holatlarning oldi olinadi.

    Hozirda viloyatda 533 ta umumtaʼlim maktablari mavjud. Ularda ish boshlagan markazlar 12 ming 400 nafar oʻquvchilar va hududlardagi ishsiz aholi vakillarini qamrab oldi.