Jahonda kechayotgan globallashuv jarayoni, iqtisodiy raqobatga qaramay, turizm industriyasi iqtisodiyotning faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda. Bunda barcha davlat oʻzi uchun qulay sayyohlik yoʻnalishini, yaʼni bozorda mavqeini egallash, xizmatlar koʻrsatishning har tomonlama qulay yoʻnalishlarini tanlashga harakat qilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri turizm rivojlangan davlatlar uning serdaromad ekanini anglab yetayotganida.
Yaʼni sayyohlik orqali topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qoʻliga ish haqi boʻlib boradi.
Tarmoqda ochilgan bitta ish oʻrni boshqa sohalarda qoʻshimcha ikki kishining bandligini taʼminlaydi.
Oʻzbekistonda ham sayyohlik sohasida juda katta oʻzgarishlar boʻlmoqda. Bu xususda shu yil 7-fevral kuni Prezidentimiz raisligida hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektorda batafsil soʻz yuritildi. Taʼkidlanishicha, sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Xalqaro va mahalliy tadbirlar, yangi taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, yangi sayyohlik mahsulotlari, yangi yoʻnalishlarni rivojlantirishga oid saʼy-harakatlar ancha faollashdi. Natijada oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollarni tashkil etdi. Lekin bu imkoniyatlarimizga mos emasligi alohida qayd etildi. Masalan, Malayziya va Indoneziyada naqshbandiya tariqatining 7 millionga yaqin izdoshi bor. Ular umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga kelishni istaydi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin oʻzimizning samolyotda umraga yuborish uchun barcha sharoit mavjud. Shu bois, mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun “Umra plyus” turpaketini joriy etish topshirildi.
Shahrisabzda Oqsaroy, Xivada Ichan qalʼa, Buxoroda Labi hovuz, Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston” maydonlari boʻlsa-da, ularda konsert, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish boʻyicha aniq rejalar qilinmagan. Oʻzimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konserti tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan yanada toʻladi.
Yigʻilishda Turizm qoʻmitasiga sayyohlar uchun mehmonxona, dam olish maskanlarini band qilish, avia va temir yoʻl, muzey, teatrga chipta sotib olish, gid va tarjimonlar yollash kabi xizmatlarni masofadan turib olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirish vazifasi topshirildi.
Sayyohlarning fikr-mulohazalarini inobatga olib, turizm va servis joylarini kechqurun ham ishlaydigan qilish kerakligi taʼkidlandi. Soʻnggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmati xususiy sektorga berildi. Lekin vazirliklarda bu yoʻnalishda hali qilinadigan ishlar juda koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada tarixiy ahamiyatga ega hujjatlardan biri boʻlgan edi. Ushbu farmon asosida iqtisodiyotda birinchi marotaba turizmga strategik sektor maqomi berilgandi. Natijada Oʻzbekistonda xorijiy hamda mahalliy sayyohlarga xizmat koʻrsatuvchi yondosh soha va tarmoqlarning rivojlanishini taʼminlashda yangi bosqich boshlandi.
Tarmoqni yetakchi kuchga aylantirish, iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish va diversifikatsiyalash, bandlikni taʼminlash, aholining turmush darajasi hamda sifatini oshirishga eʼtibor qaratildi. Pirovardida yurtimizda 2017-2024-yillarda bu borada juda koʻp yangiliklar kuzatildi. Qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 10 ta bob, 45 ta moddadan iborat “Turizm toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilindi.
Xorijiy davlatlardan keluvchilar uchun viza rejimi soddalashtirildi. Ayni paytda 93 ta davlat fuqarosi uchun vizasiz kirish, 56 ta davlat uchun elektron kirish vizasi, 47 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish tartibi belgilandi. 55 yoshga toʻlgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq boʻlmagan muddatga Oʻzbekistonga keluvchi xitoylik, AQSHlik va vyetnamlik fuqarolar uchun vizasiz kirish rejimi joriy qilindi. Shuningdek, “Vatandosh”, “Student visa”, “Academic visa”, “Medical visa” va “Pilgrim visa” kabi yangi kirish vizasi turlari belgilandi.
Xalqaro aeroportlarda “yashil” va “qizil” yoʻlak tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ilgari keluvchilar aeroportdan oʻrtacha hisobda 2-3 soatda chiqib ketgan boʻlsa, hozir bu jarayon 15-20 daqiqada amalga oshiriladi. Xorijiy sayyohlarni Ye-mehmon tizimi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish tartibi joriy etildi, erkin harakatlanish uchun sharoit yaratildi.
Yurtimizga keluvchi sayyohlar soni 2017-yilda 2,7 millionni, 2024-yilda 10 milliondan ziyodni tashkil etgani, ularning oʻrtacha qolish muddati 7-8 kunni tashkil etib, oʻtgan davr (2-3 kun)ga nisbatan 3 barobar ortgani shunday saʼy-harakatlar samarasidir.
2017-yilda har bir chet ellik turist mamlakatimiz hududida sayohat xarajatidan tashqari oʻrtacha 197 dollar sarflagan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 430 dollarga yetgan. Ayni paytda yurtimizda faoliyat yuritayotgan mehmonxona brendlari orasida “Hilton”, “Radisson”, “Marriott”, “Intercontinental”, “Holiday Inn”, “Crowne Plaza”, “Wyndham”, “Ramada Encore by Wyndham”, “Mersure”, “Lotte city hotel” kabi xalqaro doirada mashhur brendlar mavjud.
Bir qator xorijiy davlatlar aholisi uchun mamlakat boʻylab sayohatlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan 40 dan ortiq transchegaraviy turistik marshrut ishlab chiqildi hamda Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali ushbu mamlakatlarga taqdim etildi.
Turkiy davlatlar tashkilotining VIII sammitida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” konsepsiyasini amalga oshirish orqali ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlar bajarilmoqda. Tabarruk ziyorat yoʻnalishida “Media info tur” toʻgʻrisidagi targʻibot materiallari qator xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritildi.
Markaziy Osiyo davlatlarining madaniy merosini bir-biriga oʻzaro bogʻliq holda targʻib qilish boʻyicha tashabbusga asosan, YUNESKOning “Xiva deklaratsiyasi” qabul qilindi. Islom hamkorlik tashkilotining 2023-yildagi XI sessiyasida Xiva 2024-yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilindi va 31-may – 2-iyun kunlari Xiva shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga aʼzo davlatlari turizm vazirlari XII yigʻilishi oʻtkazildi.
Turkiy davlatlar tashkilotining turizm vazirlari yigʻilishida Qoʻqon shahri “Ilk turizm poytaxti” degan sharafli nom bilan ulugʻlandi. Shahrisabz shahri 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tomonidan turizm poytaxti, deya eʼtirof etildi. Bu Shahrisabz shahrini xorijiy davlatlarda targʻib qilish va sayyohlarni jalb qilishga imkon yaratadi.
Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi turizm sohasi eng tez rivojlanayotgan 20 mamlakat ichida 4-oʻrinda eʼtirof etildi. Shuningdek, ushbu xalqaro tashkilot Oʻzbekistonni turizm xizmatlaridan tushgan tushumlar (eksport) boʻyicha dunyo boʻylab “ikkinchi eng yaxshi yoʻnalish” sifatida koʻrsatdi.
2023-yil 16-20-oktyabr kunlari Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi Samarqand shahrida yuqori darajada oʻtkazildi. Uning ijroiya kengashi yigʻilishi hamda yalpi majlisiga Oʻzbekistonni “Ipak yoʻlida turizm” markaziga aylantirish maqsadida Samarqand shahrida UNWTO Tematik ofisini (diplomatik mavqega ega) ochish boʻyicha Bosh assambleya rezolyutsiyalari hamda Samarqand shahriga Jahon madaniy turizm poytaxti maqomini beruvchi deklaratsiya qabul qilindi.
Oʻzbekiston jahon turizm bozorida eng jozibador mamlakatga aylanmoqda. Bu bir jihatdan yurtimizda turizm taraqqiyotiga katta eʼtibor qaratilayotgani samarasi boʻlsa, ikkinchidan, azaldan dunyo tamadduni xazinasi boʻlgan tarixiy obidalarga boyligi, xalqimizning bagʻrikeng va mehmondoʻstligi tufaylidir. Albatta, bizda turizm sohasida imkoniyatlardan toʻliq foydalanilsa, dunyoning jonajon diyorimizga intilishi oshishiga, barpo etilayotgan yangi Oʻzbekistonning istiqboli nurafshon boʻlishiga olib keladi.
Alisher ESHTAYEV,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor