Illo, dunyo qozonida COVID-19 sabab barcha millatu elat birdek qaynamoqda. Bundan Oʻzbekiston bir chetda qolgani yoʻq.

Sir emas, yurtimizdagi bugungi holat har birimizni ehtiyot boʻlishga undaydi. Shunday ogʻir pandemiya sharoitida oʻz jonini xatarga qoʻyib, bu koʻzga koʻrinmas “dushman”ga qarshi kurashayotgan shifokorlarimiz, yurt himoyachilariyu bir qator tashkilot xodimlari borligi bizga umid, ishonch, yashashga boʻlgan mehr-muhabbatni uygʻotadi.

Biroq “guruch kurmaksiz”, “besh qoʻl barobar” boʻlmaganidek, “dunyoni suv bossa oʻrdakka ne gʻam” qabilada ish tutayotganlarning borligi esa naqadar ayanchli.

Ayniqsa, oʻzini “reklama” qilib ijtimoiy tarmoqlarni toʻldirib turgan yoshlarimiz aslida vatanparvarlik degan tushunchalarni qachon anglar ekan. Yaqinda “Mening yurtim” kanali orqali beriladigan “Ochiqchasiga gaplashamiz” koʻrsatuvida bir qator «internet shovvozlariyu malikalari» bilan boʻlgan muloqotda hali oʻzligini anglamagan yoshlarni koʻrib, yuragim ogʻridi.

Biroq ijtimoiy tarmoq orqali yana bir video lavhani koʻrib yoqamni ushladim. Unda Oʻzbek degan nomga nomunosib boʻlgan yigitcha viloyatimiz markazidagi buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning tabarruk haykallariga boqib “maska qani, boboy?”, deya bemaʼni hiringlab, shaytoniy qiliqlarini koʻz-koʻz qilgan.

Oʻzini turfa koʻyga solgan kimsaga qarab, “shu bolaning ham ota-onasi bormikan, farzandining bu qiliqlarini koʻrib, uni qanday qabul qilar ekan?” deb oʻylab qolasan kishi... Xoʻsh, bu kabi yoshlar qayerdan paydo boʻlyapti, ular tarbiya koʻrishyaptimi oʻzi, nega, nahotki hech kim u kabilarning boʻlmagʻur xatti-harakatlari uchun tartibga chaqirib qoʻya olmaydi?

Aslida uning maqsadi nima edi?

Hozir baʼzi bir yoshlar orasida urfga aylangan “qay usulda boʻlsa ham farqi yoʻq, faqat tezroq tanilish”, “kasalligi”mi, yoki “bersang yeyman, ursang oʻlaman” deya uyda yotvolib, zerikkanidan koʻcha aylanishga chiqqan sayoqmi?! Toʻgʻri, bu gapimdan «Hamma uyda qolish kerakku», deyishingiz mumkin. Lekin togʻni ursa talqon qiladigan yoshdagi bu “oʻyinqaroq” ham qanchadan qancha koʻngilli yoshlar qatorida ezgu ishlarga vaqtini sarflasa boʻlar ediku!

Maʼnaviyatimiz, madaniyatimizga, qadriyatlarimizu urf-odatlarimizga zarar yetkazayotgan «zararkunada»ga bu soʻzlar xayf ekanligini tushunasanu, biroq, bu kabilarning kasriga qolib ketyotganlar borligiga achinasan.

Beixtiyor, Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobida keltirilgan: “Olimlar yer yuzida odamsimon maymunlar kamayib ketyapti, deb bong urmoqda. Ular tashvishlanmasa ham boʻladi. Yer yuzida maymunsimon odamlar koʻpayib bormoqda...” deya qayd etgani yodimga tushdi.

Shunda Vatan neligini anglamagan vatansizga bobomizning oʻz asarlarida qoʻllagan hilmligi ila bir soʻz deya olasan, xolos:

Nokasu nojins avlodin kishi boʻlsun debon,

Chekma mehnatkim, latif oʻlmas kasofat olami.

Kim, kuchuk birla xoʻtukka necha qilsang tarbiyat,

It boʻlur, dogʻi eshak, boʻlmaslar aslo odami.

Dilnoza ABDUHAMIDOVA,

Navoiy viloyati.