Dunyoda kechayotgan globallashuv, texnika va texnologiyalarning shiddat bilan rivojlanishi, jahon hamjamiyati bilan aloqalarning chuqurlashuvi xalqimizning, xususan, yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishga talabi va ehtiyoji ortishiga sabab boʻlmoqda.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori chet tillarni oʻqitish tizimini har tomonlama qayta koʻrib chiqish va xorijiy til boʻyicha pedagoglar faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etadi.
Soʻnggi yillarda yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqishi yanada ortib, ular birvarakayiga bir necha xorijiy va mahalliy oliy taʼlim muassasalari talabaligiga musharraf boʻlmoqda. Biroq taʼlim sifatiga kelganda “xorijiy til mutaxassisi dars oʻtish mahoratiga ega emas: auditoriyani boshqarolmayapti, qiziqarli dars tashkil eta olmayapti yoki zamonaviy metodikalardan xabardor emas” kabi eʼtirozlarni eshitmoqdamiz. Bu xorijiy til taʼlimiga doir qarashlarni hamda chet til boʻyicha pedagoglarga qoʻyiladigan talablarni qayta koʻrib chiqish lozim.
Mamlakatimiz va dunyo standartlariga mos ravishda joriy etilgan testlar talabgorlarning til bilish darajalarini, yaʼni oʻqish, yozish, tinglab tushunish va gapirishga doir bilimlarini aniqlashda yordam beradi. Bunday bilimlar muayyan doiradagi muloqot va kommunikatsiya uchun nufuzli oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish yoki til bilish darajasi qanday ekanini aniqlashga moʻljallangan. Biroq til taʼlimi, pedagogika nuqtayi nazaridan bunday kompetensiyalar mahoratli pedagog uchun yetarli emas.
Shuningdek, auditoriyaga xorijiy tilni oʻrgatish uchun jalb qilingan pedagogdan yuqori darajada malaka, koʻnikma talab etilishi va tilni mukammal bilish bilan bir qatorda yetarlicha pedagogik, psixologik bilim va mahorat zarurligi toʻgʻrisida tajribali mahalliy va xorijiy mutaxassislarning xulosalari mavjud.
Shunday ekan, boʻlgʻusi xorijiy til oʻqituvchisidan faqat tilni bilish darajasiga doir bilimlarni talab qilishimiz va ularni shu yoʻnalishda tayyorlashimiz nechogʻliq toʻgʻri?
Tadqiqotlar koʻrsatdiki, jahon miqyosida chet tili pedagoglari dunyoning eng kuchli universitetlari yuztaligida aynan pedagogik mahorat va til bilish darajasiga doir xalqaro testlar boʻyicha baholanadi. Ulardan eng yirigi Trinity ESOL: TESOL/ TEFL, Cambridge ESOL: TKT TESOL testlari boʻlib, ulardan muvaffaqiyatli oʻtganlar dunyoning deyarli barcha taʼlim muassasasida dars berish huquqini qoʻlga kiritadi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga tayanadigan boʻlsak, ingliz tili oʻqituvchilarining ingliz tili va oʻqitish metodikasi boʻyicha bilimlarini mutaxassislar orasida TKT nomi bilan mashhur “The Teaching Knowledge Test” (Oʻqitishdagi bilimlarni baholash testi) orqali baholash va ularning metodik bilimlarini oshirib borishimiz maqsadga muvofiq.
Bu test tizimi pedagogik tajribaga ega boʻlganlar, shuningdek, ingliz tili oʻqituvchisi boʻlish umidida yurgan talabalar uchun moʻljallangan boʻlib, uch asosiy moduldan tarkib topgan.
Uning qoʻshimcha modullari — CLIL (Content and Language Integrated Learning) hamda YL (Young Learners) nafaqat chet tili oʻqituvchilari, balki boshqa fanlarni xorijiy tilda oʻtadigan mutaxassislar va 6-12 yoshli bolalarga dars beruvchi pedagoglarga ham moʻljallangan.
Afzalliklariga toʻxtaladigan boʻlsak, asosiy va qoʻshimcha modullarning har biri alohida topshirilishi mumkin. Har bir modul 80 ta savoldan iborat boʻlib, bir modulni topshirish davomiyligi 1 soat 20 daqiqani tashkil etadi. Talabgorlarga qoʻyiladigan shartlarning eng asosiysi — pedagog CEFR boʻyicha kamida V1 darajaga ega boʻlishi kerak. Bunday test tizimi yangi avlod pedagoglari uchun ham zarur.
Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz shuki, biz yangi davr xorijiy til oʻqituvchilarini tayyorlashda ularning faqat til bilish darajasini emas, balki oʻz darslariga auditoriyani qiziqtira olish mahorati, zamonaviy metod va taʼlim texnologiyalarni qoʻllash hamda oʻquvchilarning til oʻrganishga ehtiyojini sifatli taʼminlab bera olish kompetensiyasiga ham eʼtibor qaratishimiz lozim.
Zotan, bitta mahoratli pedagog yuzlab shijoatli, bilimli yoshlarni tarbiyalaydi.