Chin hamkorlik — Yevropadan Xitoygacha

    Oliy ta’lim muassasalarini raqamlashtirish ta’lim sifati, shaffoflik va inson resurslariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab afzalliklarga egadir.

    Jahonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari va soha yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadigan, katta ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish salohiyatiga ega korxonalar bilan hamkorlik bugungi kunning asosiy talablaridan biri. Bu kabi munosabatlarning afzalligi shundaki, u ta’lim muassasalariga ta’lim sifatini yangi darajaga ko‘tarish, mehnat bozorida raqobatbardoshlikni oshirish va xorijlik talabalarni ko‘proq jalb etish imkonini beradi. Qolaversa, xalqaro akademik tajriba eng yangi ilmiy izlanish va texnologiyalardan foydalanishga zamin yaratadi.

    Bu kabi istiqbolli natijalarga erishish yo‘lida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti ham o‘z oldiga qator maqsadlarni qo‘yib kelmoqda.

    Xususan, o‘tgan bir yil mobaynida institut xorijdagi qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Institutda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda mazkur ta’lim muassasalari vakillari faol ishtirok etib kelmoqda.

    Institutda xalqaro talabalar kontingentini jalb qilishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bugun bu yerda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va rossiyalik talabalar tahsil olayotgani sababi shunda.

    Keyingi yillarda 300 dan ortiq professor-o‘qituvchi hamda 305 talaba Italiya, Fransiya, Latviya, Janubiy Koreya, Xitoy, Gresiya, Gruziya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi ko‘plab davlatlarga akademik almashinuv, malaka oshirish, stajirovka, amaliyot va tajriba almashish maqsadida yuborildi. Mazkur davlatlar OTMlaridan 193 professor-o‘qituvchi va mutaxassis o‘quv jarayonimizga jalb etildi.

    Prezidentimizning 2023 yil 10 yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, institutda Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda to‘qimachilik sanoatida talab yuqori mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish belgilangan edi. Shu rejaga asosan, joriy yilning ilk haftalarida institut delegatsiyasi Izmir shahridagi Ege universitetida bo‘lib, Toshkentda uning filialini ochish masalasini muhokama qildi.

    Bundan oldin esa Xitoyning Changshu texnologiyalar universiteti bilan “2+2” talabalar almashinuv dasturi imzolanib, joriy o‘quv yili boshida 11 talaba Xitoyga yuborildi. Ular to‘qimachilik muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni puxta egallamoqda.

    To‘qimachilik muhandisligi yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, eksport salohiyatini oshiradi. Masalan, Italiya, Turkiya va Xitoy to‘qimachilik mahsulotlarini eng ko‘p eksport qiluvchi davlatlar bo‘lib, bu ularga katta daromad olish va iqtisodiy rivojlanishga sarmoya kiritish imkonini bermoqda. Birgina Xitoy bu sohadan har yili qariyb 200 milliard dollardan ortiq daromad ko‘radi.

    Bugun Xitoyda o‘qiyotgan talabarimiz mamlakatimiz iqtisodiyotida bu sohada keskin o‘sishni ta’minlaydigan mutaxassislar bo‘lib yetishishiga umid qilyapmiz. Zero, yurtimiz to‘qimachilik sanoatining salohiyati o‘ta yuqori. Yetuk kadr va texnologiyalar bu salohiyatni ro‘yobga chiqarishga mustahkam zamin yaratadi.

    Institut oldiga qo‘yilgan maqsadlardan yana biri korxonalarda talab yuqori kadrlarni tayyorlashdir. Buning uchun nazariy va amaliy bilimlarni birdek berib borish joiz.

    Hozir 1672 talabamiz poytaxtimiz bo‘ylab yetmishdan ortiq korxonaga dual ta’lim asosidagi amaliy darslarga jalb etilgan.

    Joriy yilning yanvar oyida institutimiz delegatsiyasi Turkiyada bo‘lib, qator korxonalar bilan hamkorlik o‘rnatdi. Jumladan, nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda noyob dizayni va sifati bilan tanilgan “PUNTO leather and fur” korxonasi bilan to‘qimachilik instituti talabalarining yozgi ta’tilda kasbiy amaliyot o‘tashi masalasi ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, “De tasarim” korxonasi hamda “LAESTE” tashkilotlari ham o‘zbek talabalari uchun eshiklari hamisha ochiqligini ta’kidladi. Ushbu korxonalarda yoshlarimiz charm buyumlarni konstruksiyalash, tikuv buyumlari muhandisligi va yigiruv texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha eng yetakchi mutaxassislardan ko‘nikma orttirishi mumkin.

    Institut amalda sinayotgan dual ta’lim tizimining asosiy o‘ziga xosligi shundaki, auditoriyada yuqori malaka va ilmiy salohiyatga ega professor-o‘qituvchi tomonidan berilgan bilim amaliyotda sinaladi. Ta’lim yakunigacha talaba nafaqat korxonada o‘z ish o‘rni va vazifalariga, balki karyerasidagi ilk yuqori lavozimiga ham ega bo‘lishi mumkin.

    Masalan, o‘tgan yil so‘nggida institutda taniqli tadbirkorlar va 500 talaba ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Yosh tadbirkorlar forumi doirasida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuvda bo‘lajak biznes egalariga qimmatli maslahatlar berildi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar sanab o‘tildi. Institutda yo‘lga qo‘yilgan “Bir tadbirkor+uch hamkor” loyihasi asosida esa yirik korxona vakillari kelgusida ishonchli xodim, yetuk mutaxassis, zamonaviy tendensiyalaridan xabardor, yetuk bilim va tajribaga ega, istiqbolli fikrlay oladigan hamkorlar sifatida tanlab olish mumkin bo‘lgan talabalar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSHning USAID jamg‘armasiga tegishli MST – Bozor tizimlarini o‘zgartirish loyihasi vakillari hamkorlik memorandumini imzolashni rejalashtirmoqda.

    Dual ta’lim sohasida Germaniyaning ellik yillik boy tajribasini o‘rganish asnosida har qanday talaba korxonalarga amaliyot o‘tashga qo‘yilmasligi ayon bo‘ldi. Sababi, nazariy bilimni yaxshi o‘zlashtirolmagan yoki sohaga yetarlicha qiziqish bildirmagan talaba korxona jihozlariga shikast yetkazishi yoki tengdoshlariga xalaqit berishi mumkin. Shu bois, nazariy bilimlar mustahkamligi, talabalar sohaning eng so‘nggi ilmiy yangiliklari va innovatsiyalaridan xabardor bo‘lishi uchun jahonning eng ulkan ilmiy bazasi – Scopus bilan ham hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

    Institutimiz delegatsiyasining Birlashgan Arab Amirliklariga safari chog‘ida Amirlikdagi Amerika universiteti (AUE) professori Muhammad al-Husayn bilan hamkorlikda joriy yilning oktyabr oyida Scopus xalqaro ilmiy anjumanini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, anjuman doirasida akademik soha yetakchi mutaxassislari uch oy davomida institutimiz talabalariga jahon standartlariga to‘liq javob beradigan ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar yozish, axborot va uning manbalari bilan ishlash hamda fakt-cheking yo‘nalishlari bo‘yicha treninglar tashkil qiladi. Seminarlardan so‘ng esa institutimizda chop etiladigan “To‘qimachilik muammolari” jurnali Scopus bazasidan joy oladi. Bu esa institutimiz tadqiqotchilari, tajribali olimlari hamda yaqinda tashkil etilgan, atrofida ilm-fanga qiziqadigan yoshlarni jamlay olgan “Yoshlar akademiyasi”da innovatsiyalar ustida bosh qotirayotgan yoshlarimizning fan sohasidagi mehnatlarini dunyoga tanitishga imkoniyat yaratib beradi.

    Ta’lim, kadrlar hamda metodika sohasini isloh qilish bilan birga, institutimizda yaqin kunlarda raqamlashtirish jarayoni ham boshlanadi. Oliy ta’lim muassasalarini raqamlashtirish ta’lim sifati, shaffoflik va inson resurslariga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab afzalliklarga egadir.

    Raqamli texnologiyalar yangi o‘qitish usullari, onlayn kurslar, vebinarlar va elektron ta’limning boshqa shakllaridan foydalanishni ta’minlash orqali ta’lim sifatini oshiradi. Bu talabalarga kengroq bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, shuningdek, kasbiy malakasini oshirishga yordam beradi. Ayni jarayon institut boshqaruvi shaffofligini oshirish va barcha manfaatdor tomonlar uchun axborot ta’minotini yaxshilashga yo‘l ochadi.

    Institutni raqamlashtirish uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA institutimizga 6 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishi rejalashtirilmoqda.

    Dunyoning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik institutni raqamlashtirish va ta’lim sifatini oshirishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar va tajribalardan foydalanish imkonini beradi. Xalqaro aloqalar milliy iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlariga moslasha oladigan qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratishga ham zamin yaratadi.

    Davron VAHOBOV,

    Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori