Chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasidan uzib qoʻyish masalasi muhokama qilinmoqda

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qattiq chiqindi xizmatidan qarzi borlarning elektr energiyasi uchun toʻlovlarini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qilishni boshladi.

    Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Hujjatda chiqindi toʻlovlaridan qarzi boʻlganlarni SMS orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelgani toʻgʻrisida ogohlantirilgandan keyin toʻlov amalga oshirilmasa, ularning elektr energiyasi uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.

    Maʼlumotlarga qaraganda, maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun debitor qarzdorlik hozirda 596 mlrd. soʻmni tashkil etib, yil boshiga qaraganda 115 mlrd. soʻm koʻpaygan. Qarzdorliklarni undirish toʻgʻrisidagi arizalarni sudlarga kiritish boʻyicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarish vazirligining hududiy organlariga yuklatilgan vazifa ham amaliyotda oʻz samarasini bermayapti.

    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, fuqarolar alohida ogohlantirishdan keyin ham chiqindi boʻyicha qarzdorlikni bartaraf etmasa, chiqindi boʻyicha qarzini toʻlanmaguniga qadar elektr energiya boʻyicha toʻlovni amalga oshirmaslik taklif qilinayotgani taʼkidlandi.

    Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari qonun loyihasining mohiyatiga alohida toʻxtalib, unga kiritilayotgan ayrim normalar boʻyicha qonun tashabbuskorlaridan izoh soʻrashdi. Xususan, elektr tarmoqlari va isteʼmolchilar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar qonun loyihasi qabul qilinganidan soʻng, yana qaytadan tuziladimi, degan savol koʻtarildi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov koʻtarilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib oʻtdi.

    Yigʻilishida berilgan takliflar qonun loyihasini maromiga yetkazish chogʻida eʼtiborga olinadigan boʻldi.