Loyihaga koʻra, Oʻzbekistonda 2026-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar tashkil etiladi. Respublika komissiyasiga bosh vazir Abdulla Aripov raislik qiladi.
Oʻzbekistonda 2026-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
- aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlar jarayonlarining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshirish;
- aholini roʻyxatga olish natijalarining tahlilini oʻtkazish;
- aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni moliyalashtirish, aholini roʻyxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini eʼlon qilish masalalariga doir takliflarni koʻrib chiqish;
- aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq toʻlash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish;
- xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi aholini roʻyxatga olishni oʻtkazishga koʻmaklashish boʻyicha hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib esa quyidagilar belgiladi:
- hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va masʼul ijrochilarni koʻrsatgan holda tashkil etish;
- hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, shuningdek, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hududiy boʻlinmalarini va bu jarayonlarga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik taʼminlanganligini mustahkamlash masalalari boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
- hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilish;
- hududlarda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni ragʻbatlantirish.
Statistika agentligi:
- aholini roʻyxatga olishni planshet qurilmalari yordamida oʻtkazish uchun 2024−2026-yillarda zarur texnik va dasturiy vositalarni Jahon bankining imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda xarid qilish ishlarini tashkil etadi;
- aholini roʻyxatga olishda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni hamda shu sohaga oid boshqa qonunchilik hujjatlariga qatʼiy rioya etilishini va respondentlardan olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimliklari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi 2025-yil 1-iyulga qadar aholi punktlari va koʻchalar nom belgilarini oʻrnatish, xonadon va uylarni toʻliq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazilishini taʼminlashi kerak.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yil 1-sentyabrga qadar hududlarning maʼmuriy-hududiy birliklari chegaralarining oʻzgarishi, toponimik obyektlarga nom berilishi va ularning nomlari oʻzgarishi boʻyicha tegishli maʼlumotlarni hududiy statistika organlariga oʻz vaqtida taqdim etib borilishini taʼminlaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar aholini roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining yangilangan sxematik rejalari va xaritalari) bilan toʻliq taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga 2025-yil 1-sentyabrdan 2026-yil 1-sentyabrga qadar respublika boʻylab maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralarini oʻzgartirish, toponimik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish ishlarini vaqtincha toʻxtatib turish tavsiya etiladi.
Qonun loyihasi muhokamasi 6-noyabrga qadar davom etadi.