Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasida bir kun

    Bo'sh vaqtda 29 Oktabr 2021 8064

    Sershovqin hayot tashvishlaridan chalgʻish maqsadida asriy kengliklarni makon qilgan tumanimiz durdonasi hisoblanmish Chotqol davlat biosfera qoʻriqxonasiga bir kunga sayohatga chiqdik. Bizga qoʻriqxonaning ilmiy ishlar va ekologik – maʼrifat boʻyicha direktor oʻrinbosari Mirodilla Mirhayotov hamroh boʻldi.

    Gʻarbiy Tyan-Shanning ulkan va noyob oʻsimliklari, hayvonot va qushlarini oʻrganish, saqlab qolish, koʻpaytirish maqsadida tashkil qilingan Chotqol Davlat biosfera qoʻriqxonasi tumanimizning sharqiy qismidan 70 kilometr uzoqlikda, Chotqol togʻ tizmalarida joylashgan. U yerga maxsus avtomobilda yoʻl yurib, qir-adirlarga yaqinlashar ekanmiz, kayfiyatimizda ajib bir hislar joʻsh ura boshladi. Borliq manzarasi taʼriflab boʻlmas darajada goʻzallik kasb etar, azim togʻlar quloch yozib, “Xush kelibsiz!”, deyayotgandek goʻyo. Sharqiroq soy chetidagi suluv majnuntol ham, yangi kelinchak kabi egilib salom solayotgandek.

    Qolgan masofani ot ulovda yurib borilar ekan. Bizga tajribali yoʻlboshchi Abduhamid Abdiyev hamrohlik qildi. Uning aytishicha, otlar bu yoʻllardan yurishga juda qulay ekan. Sababi, oyoq osti chaqir toshlar bilan qoplangan, boshqa hech qanday texnika bu yoʻllardan yura olmaydi.

    Safarimiz Kumushkon, Oqsoq otadan oʻtib, qoʻriqlanma hudud hisoblanadigan Kichik Maydontol darasidan boshlandi. Hududga yaqinlasha borar ekansiz, dengiz sathidan 1100-4000 metr balandlikda oʻzingizni biroz sarxush seza boshlaysiz. Chunki, bu joyning havosi shahar havosidan butunlay farq qiladi. Toza havo tanangizni yayratib yuboradi.

    Qoyali choʻqqilar va tik qiyaliklardan iborat togʻ tizmasidan yuqorida oʻrmon va oʻtloqlar bor, desa, ishongisi kelmaydi odamning. Oʻrmonda hayvonot olamining 1300 ga yaqin turlarini uchrashi xayolingizga kelmasa kerak?

    Qoyalar ustida keng qanot yozgan qush koʻrindi. Hayajonlanib hamrohimdan shu haqda soʻrayman:

    – Bu togʻ burguti, – deydi Mirodilla aka, qiziqayotganimni sezarkan. – Qoʻriqxonamiz hududida qushlarning 124 turi uchraydi. Bular orasida yirtqichlari, oʻlaksaxoʻrlari hamda noyob turlari bor, ularning koʻpchiligi Oʻzbekiston va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan. Sal narida oq boshli qumoy, qora tasqaralarni koʻrasiz. Omadimiz kelsa, boltayutarni ham koʻrishimiz mumkin!

    Yuragim toshib burgutga termulaman: “Salom burgut, xalqimning gʻururi, togʻ shunqori!”

    Serkalisoydan oʻtib, Maydontolga yetganimizda daraxtlar quyuqlashdi. Daraxtdan-daraxtga sakrayotgan olmaxonlarga hayrat bilan boqayotganimizda nogoh otlarimiz hurkib ketdi. Yoʻlboshchimiz yaqin atrofda ayiq izgʻib yurganini aytib qoldi. Hammamiz sergaklanib jim turib qoldik.

    – Otlarni isini olgan shekilli, – deya Abduhamid aka otlarni jilovladi. Ayiqni faqat hayvonot bogʻida koʻrganman xolos, qoʻrqib ketdim. Oʻrmonda eng dahshatli uchrashuv qoʻngʻir ayiq bilan boʻlishi tabiiy, sababi sal kam yarim tonnalik yirtqichga bas kelishning imkoni yoʻq. Biroq qoʻriqxona xodimlari ham ayiqning oʻljasiga aylanadigan anoyilardan emas ekan. Ular har bir darayu adirni, har bir soʻqmoqni yaxshi bilishadi. Yoʻlni chapga solib kichik dara tomon yurdik.

    Shu vaqt yonginamdan nimadir potirlab oʻtdi, shoshganimdan ayiqqa chalgʻib, choʻchib tushdim. Axir yoningizga boʻri yoki qobon kelib qolsa bormi, nima qilaringizni bilmay qolasiz. Qobon anchayin xavfli hayvon, yovvoyi choʻchqa ham deyishadi. U haqda bir oʻzingiz boʻlsangiz, suzib olib ketishi mumkin, deb eshitgandim. Sigirdek keladigan, ogʻzidan soʻyloq tishlari boʻrtib chiqqan choʻchqa och qolsa, oʻtxoʻrligini yodidan chiqarib qoʻyadi.

    Otlardan tushib, biroz dam olish uchun toʻxtadik. Xarsanglar atrofiga yaqinlashmagan maʼqul ekan: “Atrofda ilon, jayra yoki tulkining uyasi boʻlishi mumkin!” – dedi Abduhamid aka oʻtirishimiz uchun toʻshama solarkan.

    – Aka, togʻ echkisini ham koʻrarmikanmiz?

    – Togʻ echkilari togʻning uchida uchrab qoladi, balki omadingiz kelsa durbin orqali koʻrib qolarsiz! Toʻgʻrisi, mutaxassislarimiz ham bir necha kun togʻda qolib bazoʻr uchratishadi.

    – Mirodilla aka, unday boʻlsa Ilvirsni koʻrishni orzu qilmasam ham boʻlarkana?

    – Oʻx-xoʻ, ishtahalari karnayku! – deydi Abduhamid aka kulib.

    – Orzu qilgan yaxshi, - Mirodilla aka tushuntirdi, – Birinchi marta sayohatga chiqqan yoʻlovchiga biror hayvon uchrashining oʻziyoq, katta omad. Xodimlarimiz bilan bir martagina koʻrishni orzu qiladigan hayvonimiz bu Tyan-Shan faxri va goʻzali, qor qoploni – Ilvirs! Uni koʻrishning deyarli imkoni yoʻq, shunday mashaqqatki, asti qoʻyaverasiz! Uch-toʻrt yil oldin fotoqopqonimizga koʻrinish bergan xolos. Bu togʻlarda oʻrganilmagan joylar, oʻsimliklar va hayvonlar juda koʻp! Tabiatni his qilib, atrofga teran qarasangiz, borliq sizga oʻz sir-sinoatlarini ochadi. Mana, bizga ayiq uchradi, xayriyatki koʻngilsizlik boʻlmadi. Ayiqlarning asalxoʻrlik qilishini bilarsiz?!.

    Qoʻriqxonamiz hayvonot dunyosining yigirma turi: kapalaklardan Aleksanor, Tensiz alvonchi, Qulja arvohkapalagi, Prozerpina, Kojevnikov goʻngpashshasi, baliqlardan Turkiston laqqachasi, Chotqol shaytonbaligʻi (toshbuqasi), yirtqich hayvonlardan Ilvirs (togʻ qoploni), Turkiston silovsini, Qoʻngʻir ayiq, Koʻk sugʻur, qushlardan Boltayutar, Qumoy, Oq boshli qumoy, Mallabosh lochin (sahro lochini), Itolgʻi, Kichik burgut, Burgut, Ilonburgut, Tasqaralar Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga, shulardan yetti turi Xalqaro “Qizil kitob” ga kiritilgan.

    – Bahorda bu joylarni tanimaysiz, butun borliq gulzorga aylanadi, – deydi Abduhamid aka gapni ilib, – Qoʻriqxonamiz oʻsimlik turlariga boyligi jihatidan Oʻzbekiston qoʻriqxonalari orasida birinchi oʻrinni egallashidan faxrlanmay boʻladimi?! Oʻsimliklarni aytmaysizmi, 80 oilaga mansub 748 tur va kenja turlari bor. Bu 2 ming 844 turdan iborat Gʻarbiy Tyan-Shan oʻsimlik dunyosining deyarli oʻttiz foizi degani, uka!

    Hayajonlanib, kichik soʻqmoqlardan ohista yurib borar ekanman, quyon, boʻrsiq, tulki, jayralar yonginamdan oʻtib ketdi. Bu gal qoʻriqxona noziri aytmasa ham, ilgʻab ololdim. Durbin orqali togʻ echkisini xarsangtoshlar orasida bazoʻr ilgʻadim, topdim degunimcha toshdan-toshga sakrab koʻzdan gʻoyib boʻldi. Tabiatning sirliligi ham, jozibasi ham shunda ehtimol!

    Qadam bosganingiz sari borliq sukunatga choʻmib boradi. Oʻrmon hayvonlari mehmonlarni xush koʻrmaydi chogʻi. Faqatgina oʻrmon chetida jildirayotgan irmoqning shovullashi, goʻyoki koʻhna togʻlar mehmonlariga iltifot koʻrsatib: “Yana kel mehmon, sen koʻrmagan sinoatlar bizda bisyor”, deyayotgandek edi...

    Dostonbek SHARIPOV