“Devonu lugʻoti-t-turk” yaratilganidan toʻrt yuz oʻttiz yil oʻtib turkiy til istiqboli Hazrat Alisher Navoiyni qaygʻuga soladi. Hazrat “Muhokamatul lugʻatayn” asarida: “...turk shuarosikim, forsiy til bilarangin ashʼor va shirin guftor zohir qilurlar. Ammo sort ulusining arzolidin ashrofigʻacha va omiysidin donishmandigʻacha hech qaysi turk tili bila takallum qila olmaslar va takallum qilgʻonning maʼnisin ham bilmaslar”, deya mutaassir boʻladi. Navoiydan toʻrt yuz yigirma yil keyin Abdurauf Fitrat tilimizning boyligi ushbu tildagi soʻzning koʻpligi, soʻz yasalishi va til grammatik qoidalarining mukammaligida deb taʼkidlaydi. “Muhokamatul lugʻatayn” haqida gapirib, “Navoyining kitobi turkchaning boyligʻini ochibgʻina bildira olmasa ham, turkchada soʻz koʻbligini u yaxshi biladir”, deydi.
Yaqinda Fanlar akademiyasida lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosida ilk bora chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” kitobi taqdimoti jarayonida tilimiz tarixi bilan bogʻliq mana shu voqeliklar va savollar koʻnglimizdan oʻtdi. Yangi nashr qanday mezonlarga koʻra amalga oshirildi? Boy va goʻzal tilimizning soʻz sandigʻi qaysi manbalar asosida toʻldirildi? Ayni savollar bilan OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin MAHMUDOVga murojaat qildik.
– Ustoz, maʼlumki, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” ilk bora 1981-yilda, soʻngra 2006–2008-yillarda besh jildda chop etilgan. Suhbatimiz avvalida mazkur tarixiy izlanishlar va nashr jarayonida ter toʻkkan tilshunos olimlarimiz va ularning mezonlari haqida aytib oʻtsangiz...
– “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 1981-yilda ikki jildda 43 ming nusxada nashr etilgan. U oʻzbek tilidagi 60 ming soʻz va soʻz birikmasini oʻz ichiga olgan boʻlib, taniqli mutaxassis Zokir Maʼrufov tahriri ostida chop etilgan. Lugʻatni tuzishda S.Akobirov, S.Ibrohimov, M.Mirtojiyev, A.Rustamov, A.Xoʻjaxonov, A.Hojiyev kabi oʻnga yaqin peshqadam tilshunos ishtirok etgan. Ammo bugun taassuf bilan taʼkidlash mumkinki, oʻsha davrda hukmron boʻlgan qattol siyosat koʻplab madaniy-milliy, maʼrifiy-diniy va shu kabi millat mentalitetiga xos qabariq tushunchalarni ifodalovchi soʻzlarning lugʻatdan oʻz joyini olishiga va xolis hamda rost tavsiflanishiga izn bermagan. Shuning uchun ham mazkur lugʻatda “ruscha-baynalmilal” soʻzlarning behad koʻpligi, unda oʻzbek tili boyligining yetarli darajada aks etmaganligi keyinchalik kitobxonlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlgan. Chindan ham, bu eʼtirozlarda haqiqat bor edi. Milliy mentalitetimiz va ming yillik madaniyatimizu maʼnaviyatimizning magʻzi-mohiyatini tayin etadigan juda koʻp tushunchalarni ifodalaydigan, masalan, ajr, aziz-avliyo, vorisiylik, maʼnaviyat, millatparvar, qadriyat kabi bir qancha soʻzlarga mazkur izohli lugʻatda joy topilmagan edi. Aytish kerakki, maʼnaviyat soʻzining tom muqobili ancha-muncha rivojlangan tillarda yoʻq. Bir fransuz aktyoriga turmushga chiqib, Fransiyaga ketgan rus aktrisasi Yelena Safonova “Аргументы и факты” gazetasiga (1997-yil, iyul) bergan intervyusida fransuz tilida maʼnaviyat (“duxovnost”) soʻziga aynan muqobil boʻlgan soʻz va tushuncha yoʻqligidan hayratga tushganini aytadi. U eri bilan birga shunday tushunchani qidiradi. Fransuzcha “spirityuel” soʻzi aynan bu maʼnoni berolmaydi. Yelena eriga bu tushunchani taʼriflaydi: “Ichki dunyosi boy, pokiza, hayosiz emas”. Er aytadi: “Bu yaxshi odam”. Yelena davom etadi: “Bu odam yana ijodiy qobiliyatga ham ega boʻlsa-chi?” “Unda u juda ham yaxshi odam boʻladi”, – deydi er... Oʻzbek tilidagi bu kabi xos soʻzlar mazkur lugʻatdan tashqarida qolgan edi. Shubhasizki, bu hol lugʻat tuzuvchilar ilmiy salohiyatining yetarsizligi emas, balki milliy oʻzlik idrokining oʻzagini oʻstirmaslik payidan boʻlgan, milliy maʼnaviyat muvozanatini buzishga yoʻnaltirilgan, butun hududlarda yagona bir imtiyozli tilni joriy etishni xayol qilgan soxta siyosatning natijasi ekanligi bugun sir emas...
Tabiiyki, xalqimizning asriy orzulari ushalib, mamlakatimizning mustaqillik degan muborak neʼmatga erishuvi, oʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, “Davlat tili haqida”gi Qonunning qabul qilinishi oʻzbek tili taraqqiyotidagi va til siyosatidagi mutlaqo yangi davrni boshlab berdi. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 10-sentyabrdagi qaroriga ilova qilingan Davlat dasturiga muvofiq oʻzbek tilining davr talabiga javob beradigan koʻp jildli izohli lugʻatini tuzish va chop etish vazifasi belgilandi. Institutimiz tilshunoslari tomonidan tayyorlangan 5 jildli, 80 mingga yaqin soʻz va soʻz birikmasini oʻz ichiga olgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 2006–2008-yillarda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida bosmadan chiqdi. Aytish joizki, bu lugʻatda 1981-yilda nashr etilgan ikki jildli izohli lugʻat materiallaridan maʼlum darajada foydalanilgan boʻlsa-da, bu lugʻat ikki jildli lugʻatning toʻldirilgan yoki qandaylir oʻzgartishlar bilan qayta ishlangan shakli emas, balki lugʻatchilikning yangi yutuqlarini hisobga olgan holda davr tili manzarasini xolis koʻrsatish maqsadi bilan yaratilgan mutlaqo yangi lugʻatdir. Bu lugʻatning tuzatilgan ikkinchi nashri 2020-yilda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida yana bosmadan chiqqan.
Alohida mamnuniyat bilan taʼkidlash lozimki, bugun mamlakatimizda davlat tilini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar salmogʻi va koʻlami yangi bosqichga koʻtarildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida bayon qilingan koʻrsatmalar bu borada yangi davr boshlanganligining shahodatidir. Davlat rahbarining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan dastur ijrosi doirasida institutimiz olimlari tomonidan tayyorlangan 6 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida nashrdan chiqdi. 80 mingdan ortiq soʻz va soʻz birikmasi izohini oʻz ichiga olgan mazkur lugʻat lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosidagi dastlabki nashrdir. Lugʻatga lugʻatchiligimiz rivojiga jiddiy hissalarini qoʻshgan taniqli tilshunoslar Abduvahob Madvaliyev va Durdona Xudoyberganova masʼul muharrirlik qilishgan. Uni takomillashtirish, toʻldirish, kengaytirishda institutning til yoʻnalishidagi deyarli barcha xodimlari ishtirok etgan.
Tabiiy ravishda asosiy eʼtibor lugʻatning avvalgi nashriga kirmagan lugʻaviy biliklarni, muayyan soʻzlar doirasida paydo boʻlgan yangi maʼnolarni aniqlash, ularni lugʻat tarkibiga kiritish, maʼnolar tavsifini yanada rasolash, lugʻat materiali koʻlamini kengaytirishga qaratilgan. Shubhasizki, bunday ulkan va sharafli ishni meʼyoriga yetkazib uddalashda jamoamiz aʼzolarining lugʻatchilik tarixidan, uning murakkab siru sinoatlaridan yetarli darajada boxabarligi, ilmiy tajribasi, hamjihatligi, yaqin hamkorligi, muhimi, katta niyat ijobati uchun muntazam masʼuliyati hal qiluvchi omil boʻldi.
– “Chortoq tumanining Peshqoʻrgʻon qishlogʻida pishgan mevasi qizil-qora rangda boʻladigan daraxtni olvali deb atashadi. Olvalining yonida pishgan mevasi sariq-qizgʻish tusli olcha daraxti ham oʻsadi. Koʻplab hamqishloqlarimiz hovlisida olvali va olcha bilan birga pishgan mevasi qizil rangli va kattaligi yongʻoqdek-yongʻoqdek keladigan olxoʻri daraxti ham bor. Boshqacha aytganda olvali – olcha va olxoʻridan mutlaqo farqlanuvchi daraxt. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da esa “olvali”ning maʼnosi “olcha yoki olxoʻri” deb koʻrsatilgan. Oʻzi “olvali”. U qanday qilib yana “olcha” yoki “olxoʻri” boʻlib qoladi? Izohli lugʻatda bunday chalkashliklar anchagina...”, deydi taniqli jurnalist va adabiyotshunos Muhammad Vali “Oʻzbek tilining izohli lugʻati toʻldirilishi zarur” deb nomlangan maqolasida. Darhaqiqat, oʻzbek tili shevalarida izohli lugʻatdan oʻrin olishi lozim boʻlgan soʻzlarimiz serob...
– Menimcha, olvoli (yoki olvali) soʻzining shevaga oidligi haqiqat va shevalarda “olcha”, “olxoʻri” maʼnosida qoʻllanishi ham bor gap. Bu soʻz faqat Namangan shevasida emas, boshqa, xususan, Samarqand tomonlarda ham qoʻllanadi. Yaqinda shevalar lingvokulturologiyasi borasida jiddiy tadqiqot olib borayotgan iqtidorli tilshunos, bizning institutimizning katta ilmiy xodimi Feruza Musayevaning “Oʻzbek xalq soʻzlari” nomli anchayin salmoqli kitobi nashrdan chiqdi, unda mazkur soʻz ham “olcha” maʼnosida qayd etilgan. Har holda izohli lugʻatda bu soʻzning mazkur maʼnolarda tavsiflanishida maʼlum darajada asos mavjud...
Toʻgʻri taʼkidlaganingizdek, “oʻzbek tili shevalarida izohli lugʻatdan oʻrin olishi lozim boʻlgan soʻzlarimiz serob”. Shubhasizki, xalq tili – shevalar tilimizning boyib borishi uchun jiddiy manbalardan biri. Xalq tilida adabiy tilda boʻlmagan koʻplab soʻz va iboralar mavjud. Ularning adabiy tilga oʻtishida soʻz sanʼatkorlarining ham xizmatlari beqiyos. Oʻzbekistonda turkiy tilning uch buyuk tarmogʻi, yaʼni qorluk, qipchoq va oʻgʻuz shevalari vakillari yashaydi. Yurtimizning bir hududida dehqonchilik, hunarmandchilik, boshqasida chorvachilik, yana boshqasida baliqchilik kabi sohalar yaxshi rivojlangan. Bu sohalarga oid adabiy tilda hozircha yoʻq boʻlgan soʻzlarni ana shu hududlardan izlagan maʼqul. Taomshunos olim, marhum Karim Mahmudov xotiralaridan birida shunday voqeani hikoya qilgan edi: Olim bir taomning tayyorlanish tartibini yozib, zukko soʻz sinchisi Abdulla Qahhorga koʻrsatadi. Undagi ikra soʻzini koʻrgan yozuvchi: “Buning oʻzbekchasi yoʻqmi?” – deb soʻraydi. Olim: “Baliqning urugʻi desa boʻladi”, – deydi. Soʻzning ichu tashini baravar koʻra oladigan adib: “Nima, sizga baliq oʻsimlikmi?” – deydi achchiqlanib. “Boʻlmasa, baliqning tuxumi boʻlsin”, – deb javob beradi olim izlangan boʻlib. Yozuvchi: “Baliq tovuq emas”, – deydi va xalqda alohida soʻz borligini aytadi... Olim safarlaridan birida Xorazmda bu soʻzni eshitadi, u yerda uvuldiriq deyilarkan. Bu soʻz izohli lugʻatlarimizdan oʻz joyini olgan. Xalq shevalaridan, ayni paytda oʻzbek tilining oʻz xolis yasalish imkonlaridan foydalanib ish koʻrilsa, tilimizning tabiiy takomilini taʼminlamoq mumkin boʻladi.
– Qadimgi xitoy va yapon adabiyoti boʻyicha jiddiy tadqiqotlar olib borgan akademik Nikolay Konrad oʻtgan asrning 60-yillarida yozgan maqolalaridan birida xitoy va yapon adabiy tili xalqning jonli soʻzlashuvi asosida shakllanganini aytib oʻtgan ekan. Lekin biz koʻpincha adabiy til meʼyorlari haqida gapirganimizda shevalarga oʻgay munosabatda boʻlishga intilamiz. Axir, xalqimiz necha asarlardan beri asrab kelgan bu soʻzlarda oʻzligimiz, milliy ildizlarimiz ayon boʻladi-ku! Bu safar shunday “jonli soʻzlar” adabiy asarlar va xalq tilidan olinib izohli lugʻatlarga joylashga harakat qilingani bizni quvontirdi...
– Albatta, bu saʼy-harakatlar behad kerakli va oʻrinli ish, shevalar adabiy tilni boyitib borishning zabardast zamini va tuganmas zaxiralaridir. Xalq tilining tirik va teran tomirlari boʻlmish shevalarga oʻgay munosabat mutlaqo yanglish yoʻsinlardir. Taniqli rus yaponshunosi Vadim Alpatovning qayd etishicha, Yaponiyada taʼlim tizimida yapon tilini oʻqitish barobarida, ayniqsa, Tokio, Ogayo kabi katta shaharlardagi maktablarning boshlangʻich sinflarida yapon tili shevalarining oʻziga xosliklari ham oʻrgatilar ekan. Chunki shevalarning katta shaharlarda yoʻqolish xavfi koʻproq ekan. Adabiy tilning zimnu zaminini tashkil etadigan shevalarga boʻlgan munosabat ana shunday favqulodda eʼtiborga muhtoj behad muhtasham bir milliy boylikdir.
– Ilm-fanning barcha sohalari boʻyicha davr talablariga javob beradigan terminologik tizimlarni yaratish hamma davrlarda ham dolzarb boʻlib kelgan. Shu bilan birga, ularni amalga oshirish nihoyatda murakkab, katta kuch talab qiladigan ish ekanligi ham shubhasiz. Ayni paytda har bir sohaga oid terminlarni toʻla qamrab olgan izohli maxsus lugʻatlarni tuzish va nashr etish ishlari biroz oqsayotgandek...
– Har qanday fan terminologiyasining mukammal rivojlanganligi shu fanning taraqqiyot va yuksaklik darajasini belgilaydi, ayni paytda terminologiya fannning alifbosi va muntazam qurolidir. Ayni paytda izohli terminologik lugʻatlarni tuzish va nashr etish ishlari oqsayotgangani ham bor gap. Shuning uchun ham bu boradagi ishlarning tubdan yaxshilanishi uchun mamlakatimizda tegishli dasturlar qabul qilinmoqda. Davlat tilini rivojlantirish bilan bogʻliq aksariyat rasmiy hujjatlarda turli fan va sohalarga oid terminologik izohli va tarjima lugʻatlarini tuzish va nashr qilish ishlariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Albatta, bu benihoya dolzarb vazifalarni jadal hal etishda turli fan-soha mutaxassislari bilan tilshunoslarning yaqin hamkorligi har qachongidan ham muhim.
Shu oʻrinda mustaqillik davri leksikografiyasida lingvistik xarakterdagi bir necha lugʻatlar tuzilganligini aytib oʻtmoqchiman. Bunday lugʻatlar sirasida Azim Hojiyevning “Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati” (Toshkent, 2002) juda muhim. Unda oʻzbek tilshunosligida qoʻllanadigan 1700 yaqin terminning maʼnosi tushuntirilgan. Keyinroq bu lugʻat N.Mahkamov va I.Ermatovlarning “Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati” (Toshkent, 2013)ning yuzaga kelishiga zamin hozirladi va shu tarzda mutaxasislar uchun ham, maktab oʻquvchilari uchun ham muhim manba paydo boʻldi.
Vaqt toʻxtab turmaganidek, fan ham bir joyda qotib qolmaydi. Fanning rivoji yangi-yangi lugʻatlarni tuzishni taqozo qiladi. Shu jihatdan D.Xudoyberganovaning “Lingvokulturologik terminlarning qisqacha izohli lugʻati” (Toshkent, 2015), A.Madvaliyev va hammualliflarning “Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lugʻati” (Toshkent, 2020), R.Shukurovning soʻz variantlariga bagʻishlangan “Oʻquv lugʻati” (Toshkent, 2020), Nafisa Sadinovaning “Ish yuritish terminlarining qisqacha izohli lugʻati” (Toshkent, 2020), N.Mahmudov, Sh.Koʻchimov va N.Sharipovalarning “Yuridik terminlarning ruscha-oʻzbekcha lugʻati” (Toshkent, 2021)ni sohaviy leksikografiyaning jiddiy yutugʻi sifatida baholasa boʻladi.
Ayni paytda oʻzbek-lotin yozuvida toʻldirilgan, kengaytirilgan “Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lugʻati”, “Ish yuritish atamalarining izohli lugʻati”, “Sotsiolingvistika terminlarining izohli lugʻati”, “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati” ustida ish olib borilmoqda.
– Yangi nashr taqdimotida lugʻatga Oʻzbekistonning nabotot va hayvonot olamiga daxldor koʻplab nom-soʻzlar kiritilgani alohida taʼkidlab oʻtildi...
– Koʻp jildli yangi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga oʻsimlik va hayvonlarning xalqona nomlaridan 500 ga yaqin yangi soʻz kiritildi. Masalan, togʻpiyoz, togʻqiyoq, togʻtol, togʻturbid, togʻzira, toshbaqaoʻt, qargʻakoʻz, qargʻaoyoq, qatrangʻi, qorakoʻrpa, qoraqiltiriq, koʻksaqich, koʻkterak kabi oʻsimliklar olamiga tegishli soʻzlar olindi va ular badiiy asarlardan illyustrativ misollar bilan dalillandi.
Naʼmatak soʻzining esa bir nechta shevada qoʻllanadigan variantlari: gulbuta, ajinabuta, bogʻgul, huloʻl (hululi) bosh soʻz sifatida kiritildi. Masalan, Halima Ahmedovaning “Mashrabning xurjuni” nomli badiasida shunday keltiriladi: “Men esa hovlimiz ichidagi gulbutadan har kuni tillaqoʻngʻiz ushlayman va koʻzimni chirt yumib ularning boʻynini uzib, undan marjon yasayman...”
Ahmad Aʼzamning “Roʻyo yoxud Gʻulistonga safar” nomli hikoyasida naʼmatak soʻzi mana bunday qoʻllanganligi eʼtiborga molik: “Qayerda ajinabuta boʻlsa, chet-chakalak, ovloq joylarda, paxtazorlardagi egasiz shiyponlarda, hatto qishloqlarning ichidagi odam turmaydigan choldevorlarda ham bu kasofat bisyor uchrab turgan.”
Shuningdek, hayvonot olamiga tegishli ruschadan oʻzlashgan soʻzlarning ham xalqona variantlari olindi.
Masalan, qalqonbaliq deb nomlangan ikki koʻzi boshining bir tomonida boʻlgan yalpoq dengiz baligʻi shu paytgacha lugʻatlarda qayd etilmagan ekan. Markaziy gazetalarning birida bu haqida mana bunday maʼlumot topildi: “Orol dengizining har bir litrida 1960-yillarda 10–12 gramm tuz boʻlgan. Suv tarkibi oʻzgargach, mahalliy baliqlar qirilib ketganligi sababli unga qalqonbaliq singari har xil okean baliqlari olib kelindi.”
Xoldor Vulqonning “Ayriliq” nomli sheʼrida mana bunday misralar bor ekan: “Shamolda chayqalgan qamishga qoʻnib, Juftini axtarib koʻktargʻoq sayrar...” Chumchuqdan yirikroq, boshi katta, boʻyni va oyoqlari kalta, uzun toʻgʻri tumshuqli bu qush ham bu safar lugʻatdan oʻrin oldi.
Yozuvchi Togʻay Murod esa “Ot kishnagan oqshom” asarida “Gʻoʻbalakda (ot pashsha) bingak nishiday zahar nish boʻladi”, deydi. Bingak, yaʼni koʻk tusli ari ham yozuvchining ushbu asarida qayd etilgani bois uni lugʻatga kiritdik.
Yozuvchi Muhammad Sharifning “Tolkoʻprik” asarini oʻqigan boʻlsangiz, qozonyuvgʻich nomli hasharotga mana bunday taʼrif berib oʻtgan: “Suv yuzasida suzadigan, uzun oyoqli hasharot. Qozonyuvgʻich oʻzidan ikki barobar uzun oyoqlarini suv yuziga tiragan holda pirillab uchayotganga oʻxshaydi, shu sabab baʼzilar uni uchadi, boshqalar esa suzadi deydi...”
Bu jarayonda soha mutaxassislari bilan tilshunos-lugʻatchilarning jiddiy va yaqin hamkorligi hamisha zarurligini taʼkidlab oʻtmoqchiman.
– Ayni davrimiz bilan bogʻliq bir qiziq holatga eʼtiboringizni qaratmoqchi edim. Bugungi kunda chop etilayotgan baʼzi gazeta va jurnallar tahririyatlarida bir gʻalati qoida yuzaga kelgan: “Biz maʼlum bir soʻzlarning qanday yozilishini oʻzimiz kelishib olganmiz. Boshqalarning fikri bilan hisoblashmaymiz”. Axir, yozuvchi Abdulla Qahhor taʼkidlaganidek, yoʻl harakatini buzgan yoʻlovchini militsioner hushtagini chalib tartibga chaqirgani kabi til qonun-qoidalarini buzgan odamga ham kimdir yoki qaysidir tashkilot dakki berishi, ogohlantirishi kerak emasmi?!
– Menimcha, dakkilar, dashnomlar bilan ish bitmaydi. Umumiy madaniy-imloviy saviya darajasining tirgaklari yana shu lugʻatlardir. Yaqinda yangi anchayin toʻla “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” nashrdan chiqadi, uning oʻquv varianti ham nashrga tayyorlangan. Aslida izohli lugʻatning oʻzi ham ayni paytda imloviy savodxonlik uchun ham xizmat qiladi. Zotan, izohli lugʻat – soʻzlarni surati, siyrati va butun sinoati bilan salomat saqlaydigan oltin sandiq, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi