Xalqaro ona tili kunini belgilash tarixi
Dunyo xalqlari tarixi, ayniqsa, XX asr tarixini kuzatar ekanmiz, ularning koʻpchiligi oʻz milliy mustaqilligi uchun kurashni oʻz ona tiliga davlat tili maqomini berish uchun kurashishdan boshlaganiga guvoh boʻlamiz. Xususan, Hindiston, Pokiston, Bangladesh kabi Angliyaning, Afrikadagi Fransiyaning, Amerikadagi Ispaniyaning mustamlakalari boʻlgan davlatlarda mustaqillik yoʻlidagi dastlabki kurashlar aynan oʻz ona tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashlardan boshlangan.
Ammo afsuski, ularning barchasi ham hali hanuz oʻz niyatiga erishgani yoʻq. Hozirgacha ham ayrim davlatlarda ingliz, ispan, fransuz, portugal tillari davlat tili hisoblanadi. 21-fevralni Xalqaro ona tili kuni sifatida belgilanishining tarixi ham aynan shu omil bilan bogʻlanadi.
Chunki 1952-yil 21-fevral kuni Dakka (Bangladesh)da roʻy bergan qonli veqealar — oʻz ona tilini himoya qilish maqsadida namoyishga chiqqan talabalarning politsiya oʻqlari ostida qolib halok boʻlgan kundir. Ular oʻz ona tillarini mamlakatning davlat tillaridan biri sifatida tan olinishini talab qilishgan edi... Mazkur talabalarning xotirasi hurmati uchun 21-fevral Xalqaro ona tili kuni sifatida 1999-yil noyabr oyida YUNESKOning Bosh konferensiyasi tomonidan eʼlon qilingan va 2000-yil fevralidan beri har yili tillar va madaniy xilma-xillik va koʻp tillilikni targʻib qilish maqsadida nishonlanib kelinadi.
Zero, bugungi dunyoda oʻz ona tilini saqlab qolish, uning sohalarda qoʻllanishini taʼminlash, taʼlim, ilmiy jarayonlarda yetakchilik qilishini taʼminlash katta muammolardan hisoblanadi. “SIL INTERNASIONAL” xalqaro tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda dunyoda 7 mingdan ortiq til va lahja mavjud. Ularning atigi 560 tasi davlat va oʻquv-tarbiya sohalarida faol qoʻllaniladi, 43 foizi xavf ostida.
Taʼlim tizimlarida va umumxalq xoʻjaligida faqat bir necha yuz til alohida oʻrin tutadi, raqamli dunyoda esa yuzdan kam til ishlatiladi. Til mavjud boʻlishi uchun unda 100 mingdan ortiq kishi tomonidan soʻzlashilishi kerak. Eng keng tarqalgan va faol ishlatiladigan tillar ingliz, xitoy, rus, fransuz, ispan, hind, portugal va arab tillari boʻlib, ularda 300 mln.dan ortiq odamlar soʻzlashadi. Shuning uchun ularda yoʻqolib ketish xavfi yoʻq. Shu jumladan, ona tilimiz boʻlgan oʻzbek tilida ham bugungi kunda 50 mln.dan ortiq inson soʻzlashadi.
Tillarning umuinsoniy taraqqiyot uchun zarurligi, ularning nafaqat madaniy xilma-xillik va madaniyatlararo muloqotni taʼminlash, balki barcha uchun samarali boʻladigan hamkorlik, taʼlimni yoʻlga qoʻyish, kommunikativ jamiyatlarni qurish va madaniy merosni saqlab qolish, barqaror rivojlanish uchun ilmiy-texnikaviy taraqqiyot samaralarini qoʻllash uchun siyosiy irodani safarbar etish borasida ham oʻta muhimligi Xalqaro ona tili bayramini nishonlashda muhim omil boʻlmoqda.
Ona tili — milliy oʻzlik timsoli, maʼnaviyat asosi
Xususan, bu bayram Oʻzbekistonda ham keng nishonlanadi. Zero, ona tilining millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni juda muhim, oʻta zaruriy va dolzarb boʻlib, zero, bu tushunchalar oʻzaro dialektik bogʻliq va oʻzaro aloqador tushunchalardir. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning tili va tilshunosligi taraqqiy topib boradi. Davlat, jamiyatdagi oʻzgarishlar birinchi navbatda tilda, xususan, uning leksikasida — lugʻat boyligida oʻz aksini topadi. Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi. Va, oʻz navbatida, til va tilshunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topish mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda tinchlik, farovonlik hukm surayotgan boʻlsa, shu yerda til va tilshunoslik taraqqiy qilyapti, buning aksi boʻlgan mamlakatlarda esa, til va tilshunoslik rivoji haqida fikr yuritish amrimahol.
Oʻzbek tilining davlat tili sifatida nufuzi, obroʻsi, qoʻllanishini kengaytirishda bir nechta muhim, bir-birini toʻldiruvchi, mantiqiy davom ettiruvchi hujjatlarning qabul qilinishi tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Bular:
- 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrsida” gi Qonun.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
- 2016-yil 13-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
- 2020-yil 10-aprelda “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1-moddasi bilan 21-oktyabr sanasi Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-sonli qarori.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada dolzarb xarakter kasb etdi, desak, yanglishmagan boʻlamiz. Farmonga koʻra: a) 2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi; b) 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020-2022-yillarda amalga oshirish dasturi: v) 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlangan.
Asosiy yoʻnalishlarda oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini tubdan oshirish borasida bir qancha ustuvor vazifalarning bajarilishi nazarda tutilgan.
Mazkur muhim hujjatlarda aks ettirilgan ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq qilishda Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasidagi “Milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tilini bilish-zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak”, degan soʻzlari, aytish mumkinki, ona tilimizni chet tillari taʼsiridan asrab-avaylash, farzandlarimizga oan tili boʻyicha taʼlim berish, ona tilimizni tadqiq va targʻib qilishda metodologik asos, obrazli qilib aytganda “Yoʻlchi yulduz” vazifasini bajaradi. Zero, mazkur fikrlarda ona tilimizga boʻlgan yuksak hurmat va eʼtibor aks etganligi bilan birga bu borada birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar mazmun-mohiyati ham mujassamdir. Bu xayrli ishlarni bajarishda oʻzbek xalqi birdam va yelkadosh boʻlishi zarur. Muhtaram Prezidentimiz aytganidek: “Oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Haqiqatan, ona tilimizni asrab-avaylash, rivojlantirishga har birimiz masʼulmiz.
Ona Vatanimiz Oʻzbekistonda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilishadi, 21-fevralni ular ham bayram qilishadi. Zero, koʻp tilli va koʻp madaniyatli jamiyatlar tillari tufayli mavjud boʻlib, ular anʼanaviy bilim va madaniyatlarni barqaror tarzda uzatadi va saqlaydi. Shunga koʻra til kishilarning va guruhlarining shaxsini, ularning tinch-totuv birga yashashini taʼminlashda juda muhim rol oʻynaydi. Ular barqaror rivojlanish yoʻlidagi islohotlarning strategik omili, global va mahalliy sharoitlar oʻrtasidagi uygʻun munosabatlar boʻlib xizmat qiladi. Faqat koʻp tillilikning toʻliq qabul qilinishi barcha tillarning globallashgan dunyoda oʻz oʻrnini topishiga imkon beradi.
Oʻzbekistonda bu uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Taʼlimning 7 ta — oʻzbek, rus, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, tojik va turkman tillarida olib borilishining oʻziyoq oʻzga millat vakillariga oʻz ona tilida savod chiqarish imkoniyatini beradi. Oliy taʼlim esa uch tilda – oʻzbek, rus, qozoq tillarida olib boriladi.
Turli millat vakillari boʻlgan oʻzbekistonliklar bir necha xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishlari bilan birga davlat tili boʻlgan oʻzbek tilini oʻrganishni istashadi. Ularga oʻzbek tilini oʻrgatish maqsadida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda universitet aynan shu sohada kadrlar tayyorlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Universitetda “Oʻzga tilli guruhlarda oʻzbek tili” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlananayotgan boʻlib, uning bitiruvchilari xorijda ochilgan va ochilayotgan turkologiya, oʻzbek tili va adabiyoti markazlarida, xorijiy OTMda, umumtaʼlim maktablarining oʻzga tilli guruhlarida (oʻzbek tili va adabiy oʻqish fanlaridan), taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan akademik litsey, professional taʼlim beruvchi muassasalarda oʻzbek tili (davlat tili) fanidan dars beradilar. Bugungi kunda mazkur yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalarga “Oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi” fani aynan 2 modul asosida oʻqitiladi:
— oʻzga tilli guruhlarda (taʼlim rus, tojik, qozoq va b.) oʻzbek tili (davlat tili)ni oʻqitish metodikasi;
— xorijliklarga oʻzbek tilini oʻqitish metodikasi.
Hozirgi kunda oʻzbek tili kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan taʼlim yoʻnalishi uchun yangi avlod oʻquv adabiyotlari yaratildi va izlanishlar davom etmoqda. Nafaqat oʻzbekistonliklar, balki dunyo xalqlari oʻzbek tilini oʻrganayotganliklari, bizning tilimizda erkin suhbat qurayotganliklarini koʻrib, faxr va iftixor hissini tuyasan kishi. Xususan, Yaponiya, Xitoy, Koreya yoshlarining oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishlari juda kuchli. Ular sof oʻzbek tilida bemalol soʻzlasha oladi. Garchi AQSH, Germaniya va boshqa mamlakatlar yoshlari, slavyan xalqlari vakillari oʻzbek tiliga xos boʻlgan tovushlarni toʻliq va toʻgʻri talaffuz qila olmasalar-da, ularda ham oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish kuchli. Ularning koʻpchiligi Oʻzbekistonga kelib taʼlim olishmoqda. Shuningdek, AQSH, Koreya, Xitoy, Yaponiya, Ukraina, Rossiya kabi davlatlarning ayrim universitetlarida oʻzbek tili fan sifatida oʻqitiladi.
Shunga koʻra faoliyatning ikkinchi qirrasi xorijliklarga oʻzbek tilini oʻqitish va oʻrgatish ishlaridir. Shu maqsadda, universitetda, avvalo, dunyo miqyosida oʻzbek tilining oʻqitilishi va oʻrganilishiga doir maʼlumotlar bazasi shakllantirildi, muayyan xorijiy OTM bilan akademik almashinuv yoʻlga qoʻyildi.
2023-yilda Xalqaro ona tili kuni qanday nishonlanadi?
2023-yilda ham har doimgidek Xalqaro ona tili kuni YUNESKO shafeligida butun dunyo boʻylab nutqiy oʻziga xoslikni himoya qilishga yoʻnaltirilgan bir nechta aksiyalarni oʻtkazadi. YUNESKOning bosh direktori Odre Azule xonimning Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan murojaati eʼlon qilinadi. Har xili YUNESKO muayyan tilga bagʻishlangan taqdimotlar, tadbirlar tashkil qiladi. Masalan, 2019-yil mahalliy tillar yili deb eʼlon qilingan boʻlsa, 2020-yilda esa sauxili tili diqqat markazida boʻlgan.
Ona Oʻzbekistonimizda, xususan, bizning universitetda ham Xalqaro ona tili keng nishonlanadi. Ona tiliga bagʻishlangan turli aksiya va tadbirlar: ommaviy diktant yozish, oʻz ona tilida sheʼriyat kechasini oʻtkazish, mashhur tilshunos olimlar, suxandonlar, poliglotlar bilan uchrashuvlar, ona tilini rivojlantirish, uning qoʻllanish sohamini kengaytirish, uni dunyo miqyosida targʻib qilish yoʻlidagi muammolar va ularning yechimiga qaratilgan videorliklarni tayyorlash, talabalarni qiziqtirish uchun bilan turli oʻyinlar, viktorinalar, “davra suhbatlari”, master-klass, lingvistik kvest kabilar oʻtkaziladi. Bular, oʻz navbatida, talabalarda ona tilini hurmatlashga, uni eʼzozlash va boyitishga ragʻbat uygʻotadi.
Xulosa oʻrnida
Til — insonni butun borliqdan ustun qilib turgan bemisl qudrat, millatning qalbi, ruhi, oʻtmishi, buguni, kelajagi, orzu va armonlari, millatning oʻzi, oʻzligidir. Insoniyat rivojlanib borar ekan, til taraqqiyoti ham abadiydir.
Soʻngsoʻz oʻrnida aytar soʻzimiz shuki, har bil millat oʻz ona tilini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashi, eʼzozlashi, yanada boyitishi zarur. Toki kelgusi avlodga ona tilimiz sof, boyigan holda meros boʻlib qolsin.
Saodat Muhamedova,
Filoligiya fanlari doktori, professor,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
oʻzbek tili va adabiyoti universiteti
“Oʻzbek tili taʼlimi” fakulteti dekani