Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida yangilangan va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ilk bor chop etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” taqdimoti oʻtkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish derpartamenti, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, tilshunos olim va mutaxassislar, yoshlar va jurnalistlar ishtirok etdi.
– “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan tasdiqlangan 2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturiga asosan ilk bor lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida tayyorlandi, – deydi Oʻzbekiston FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov. – Lugʻatdan hozirgi oʻzbek adabiy tilida keng isteʼmolda boʻlgan 80 mingdan ortiq soʻz va soʻz birikmalari, fan, texnika, sanʼat va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevada qoʻllaniladigan soʻzlar, baʼzi tarixiy va eskirgan atamalar oʻrin olgan.
Anjumanda ijtirok etgan tilshunos olim va mutaxassislar 2020-yilda kirill yozuvida nashr etilgan “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 5 jilddan iborat boʻlgan boʻlsa, yangi nashr 6 jild va unga 5 mingga yaqin yangi soʻz kiritilganini quvonch bilan taʼkidlashdi.
Adabiyotshunoslar, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Bilga xoqon” romanida muallif koʻhna soʻzlardan unumli foydalangani, asardan ajdodlarimiz foydalangan turkiy soʻzlarning bir nechasi izohli lugʻatga kiritilgani haqida aytib, yozuvchidan romanning oʻziga xos tilini shakllantirishda qaysi lugʻatlardan va asarlardan ilhom olgani haqida gapirib berishini soʻrashdi.
– Tarixiy asarlar yaratish jarayonida qariyb bir yarim ming yil avvalgi davrning ruhini jonlantirish uchun bugunimiz kishilariga tushunarli boʻla oladigan, sharqirab oqayotgan zilolday toza, musaffo turkiy tilga ehtiyoj tugʻiladi, albatta, – deydi yozuvchi Isajon Sulton. – Shu sababli, “Bilga hoqon” asarining yozilishida ham, tahrir jarayonida ham undagi arab va fors soʻzlari oʻrniga oʻz tilimizdagi muqobilini tanlab, qoʻyib chiqishga toʻgʻri keldi. Chunki, “va”, “ham” yoki “hamda”, “tomon”, taraf”, “janub”, “shimol”, “daryo” kabi bir qator soʻzlar oʻrniga asl turkiy soʻzni topish zarurati paydo boʻldi. Misol uchun, “men va sen” oʻrniga “men bilan sen” deyilsa, til jonlanganday boʻladi. “Tomon”ni ajdodlarimiz “boʻlung”, “taraf”ni “yon”, “daryo”ni “suv” deb atashgan, qolgan soʻzlar shular atrofida uyushgan, masalan, “oqar suv”, “turgʻun suv”, yaʼni koʻl, suvloq, suvchi, suvlamoq... Shu bilan birga, qadimgi aytim va maqollar ham yordamga keldi. Misol uchun, qor momaqaldiroq bilan yogʻsa, qish bola tashladi, deyilgan ekan. Yoki, yoz kunida yomgʻir yogʻsa, “boʻri bolaladi”, oy atrofida halqa hosil boʻlsa, “oy qoʻrgʻonladi” deyishadi. Bunday koʻhna iboralar ona tilimizda ham, turkiy lahjalarda ham kunimizga qadar yashab kelmoqda. Albatta, Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻotit-turk”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul-haqoyiq”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarlaridagi koʻhna soʻzlardan ham foydalanishga toʻgʻri keldi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar izohli lugʻat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi hamda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida tayyorlangani va bu hamkorlik yana davom etishi zarurligini aytib oʻtishdi.
– Izohli lugʻatning dastlabki jildlarini tayyorlashda akademik tilshunos olimlarimiz – Azim Hojiyev, Toʻra Mirzayev, Yernest Begmatovlar bevosita ishtirok etishgan, – deydi mazkur lugʻatning masʼul muharrirlaridan biri filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova. – Ustozlarimiz boshlagan ezgu anʼanani davom ettirib, professor Nizomiddin Mahmudov rahbarligidagi institutimizning tilshunos olimlar guruhi – filologiya fanlari doktori Yorqin Odilov, filologiya fanlari nomzodlari Abduvahob Madvaliyev, Feruza Musayevalar bilan birgalikda astoydil ish olib bordik. Mazkur lugʻat bilan tanishgan har bir kishi yangi Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlarni, roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlarni yaqqol tasavvur qilishi mumkin. Jarayonda hayvonot va nabotot olami bilan bogʻliq koʻplab xalqona soʻzlar lugʻatimizga kiritilmaganligiga guvoh boʻldik. Yana bir haqiqat ayon boʻldiki, oʻzbek adabiy tili bilan shevalarimiz oʻrtasida yaxshi munosabat oʻrnatilgan, juda koʻplab yozuvchilarimiz oʻzlari yashab ijod etgan hududlardagi shevalarni adabiy tilga olib kirgan ekan. Masalan, Oʻzbekiston xalq yozuvchilari Said Ahmad va Oʻtkir Hoshimovlar asarlaridan Toshkent shevasiga xos boʻlgan soʻzlarni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev roman va hikoyalaridan Surxondaryo vohasiga tegishli soʻzlarni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton ijodidagi koʻhna va tarixiy soʻzlarni hamda Fargʻona vodiysiga xos boʻlgan shevalarni topib lugʻatga kiritdik.
Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, yaqin yillar ichida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Oʻzbek xalq soʻzlari”, “Oʻzbek tilining katta imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologik lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tilining oʻquv imlo lugʻati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lugʻati”, “Oʻzbek xalq paremalarining sinonimik izohli lugʻati”, “Nonvoychilik termalarining izohli lugʻati” kitoblari ham tayyorlanib, chop etildi.
Ona tilimiz rivoji bobida yangi bosiqich sifatida baholanayotgan mazkur nashr taqdimoti taniqli olimlar, yozuvchi va shoirlarning katta bayramiga aylanib ketdi. Chindan ham bu “akademik nashr” vaqtlar oʻtib ayni davrimizdan, millatimiz maʼnaviyati va ruhiyatidan, kamolotidan darak berguvchi, kelajakka meros “oltin xazina” – noyob manba boʻlib xizmat qilsa, ajab emas...
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri