Muzokaralarda asosiy eʼtibor ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va uning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash masalalariga qaratildi.
Ayn Shams universiteti rektori Mahmud al-Meteyni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talabalar uchun qisqa muddatli kurslar tashkillashtirish, ushbu soha mutahassislarining Oʻzbekistonga tajriba almashish safarlarini uyushtirishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar Ayn Shams universiteti Til va adabiyot fakulteti professori, “Boburnoma” kitobini arab tiliga tarjima qilgan Magda Mahluf hamda ushbu fakultet kafedra mudiri doktor Muhammad al-Gibali bilan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari koʻmagida oʻzbek adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilishga kelishib oldi.
Maʼlumot uchun, Ayn Shams universiteti 1950-yilda tashkil etilgan boʻlib, Misrdagi eng yirik oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. Universitet hozirgi kunda dunyodagi eng nufuzli 800 ta oliy taʼlim muassasalari qatoridan oʻrin olgan. Oliy bilim yurti tarkibida 19 ta fakultet va bitta institut mavjud. Universitetda 10 mingdan ortiq oʻqituvchilar 200 mingga yaqin mahalliy va xorijiy talabalarga taʼlim bermoqda.