Dala chetidagi xazina

    Yozyovon tumanidagi “Hamkor Namuna” fermer xoʻjaligi saʼy-harakati bilan zovur boʻyidagi boʻsh maydonda bunyod etilgan issiqxonadagi pomidor hosilga kirdi.

    Bu yerga 3,5 ming tupdan ziyod pomidor koʻchati ekildi. Ekinlar baravj rivojlanishi uchun plyonka bilan oʻraldi, sugʻorish uchun ariqlar qazildi. Zovur boʻyida qurilgan moʻjaz issiqxonadagi hosil choʻgʻi bugun koʻzni quvontiradi. Pishib yetilgan sarxil mevalar peshma-pesh xoʻjalik ehtiyoji uchun terib olinmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, birinchi hosilning oʻzidan 100 million soʻmdan ziyod qoʻshimcha daromad olish mumkin.

    — Shu kunga qadar xoʻjaligimiz ehtiyoji uchun kerakli boʻlgan sabzavot va poliz ekinlarini bozordan sotib olishga majbur boʻlganmiz, — deydi fermer Avazbek Nurmatov. — Bu ortiqcha ovoragarchilik, sarf-xarajatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan dala chetidagi qarovsiz yerlarni oʻzlashtirish borasida boshlangan tashabbus sohada yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Xoʻjaligimizning 80 gektar paxta, 45 gektar gʻalla maydoni bor. Shu kunga qadar mavjud dala chetlaridan samarasiz foydalanib kelganmiz. Yerlar qarovsiz, oʻz holiga tashlab qoʻyilgani bois oʻt-oʻlandan boshqa narsa oʻsmagan. Bugun esa manzara, holat boshqacha. Shu kunga qadar oʻzlashtirilgan dala chetidagi bir gektarga yaqin maydonga ehtiyojimiz uchun kerakli boʻlgan sabzavot va poliz ekinlari ekib, parvarishlash imkoniyatiga ega boʻldik. Hozir yana bir gektar yerni oʻzlashtirish orqali limon yetishtirishni kengaytirish yoʻlida ish olib boryapmiz. Limonlar oraligʻiga sabzavot ekinlari ekamiz. Bu nihollarni baravj rivojlanishini taʼminlash bilan birga, qoʻshimcha hosil olish imkoniyatini beradi.

    Prezidentimizning joriy yil 12-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Yozyovon tumanida oʻziga xos tajribalar ommalashmoqda. Endilikda nafaqat fermer xoʻjaligi hududidagi dala chetlari, shu bilan birga mahalla fuqarolar yigʻinidagi mavjud imkoniyatlardan ham maqsadli foydalanishga boʻlgan eʼtibor oshdi.

    “Porloq” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi asosan dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan. Endi ularning yoniga baliqchilik tarmogʻi ham qoʻshildi. Bu yerda tuman hokimligi tashabbusi bilan hududdan oqib oʻtuvchi zovurning 2,5 kilometri tozalanib, baliqchilikka moʻljallangan va har birining hajmi 110 kvadrat metrdan boʻlgan 33 ta maxsus hovuzcha tayyoralanib kam taʼminlangan oilalarga boʻlib berildi.

    — Mazkur loyiha samarasiz oqib turgan sizot suvlardan maqsadli foydalanish orqali qoʻshimcha darmod olish imkoniyatini yaratmoqda, — deydi mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi Azizbek Gʻaniyev. — Bunday baliq xavzalarini tayyorlash uchun ortiqcha sarf-xarajat talab etilmaydi. 110 kvadrat metr hovuzda baliq boqqan xonadon umumiy hisobda 26 million soʻm daromad oladi. Mahsulotni parvarishlash bilan bogʻliq xarajatlar chiqarib tashlanganda sof foyda miqdori 12 million soʻmdan ortadi. Bundan tashqari, suv yoʻllari tozalanib, soya-salqin joylarga aylantirilayotgani, qoʻshimcha xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani aholi bandligi va daromad miqdorini koʻpaytirishga yordam bermoqda.

    Har bir qarich yerdan samarali foydalanish, dehqonchilik madaniyatini oshirish borasida amaliy ishlar natijasida tumandagi 232 ta fermer xoʻjaligi dalalari chetidagi 158 gektar yer oʻzlashtirilib, 384 ming tup tut, uzum, terak koʻchatlari ekildi. Maxsus ustunlar oʻrnatilib, oshqovoq, mochalka ekinlari parvarishlanmoqda.

    Yer – eng katta boylik, uning har bir qarichidan foydalanish muhim. Fargʻona viloyatida qarovsiz qolgan dala chetidagi yerlarni oʻzlashtirish, sabzavot va mevali ekinlar ekish orqali qoʻshimcha daromad olish borasidagi yangi imkoniyatlar tufayli aholi dasturxoni uchun kerakli boʻlgan sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish hajmi oshdi, sifati yaxshilandi.

    Shu kunga qadar viloyat fermer xoʻjaliklari dalalari chetidagi 2644 gektar yerni foydalanishga kiritish orqali 2 million 460 ming tup tut, 432 ming tup uzum, 4 million 469 ming tup terak koʻchati hamda 651 gektar maydonga oshqovoq, tarvuz, qovun, 95 gektar maydonga sabzavot ekinlari va 65 gektar maydonga boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekilib, parvarishlanmoqda.

    — Foydalanishga kiritilgan ekin maydonlari hisobidan 7 ming 815 tonna poliz, 1 ming 283 tonna sabzavot ekinlari va 157 tonna boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yigʻib olish rejalashtirilgan, — deydi Fargʻona viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Bahodirjon Abdurahmonov. — Bu juda katta imkoniyat. Chunki bugungi mehnat, ertangi daromad manbai. Pishib yetilgan hosil, avvalo, aholi dasturxoniga, qolgan qismini bozorga olib chiqib sotish imkoniyatini beradi. Ezgu maqsad yoʻlida boshlangan tashabbus tufayli yangi tutzorlar, bogʻu rogʻlarga asos solinmoqda, asalarichilik, chorvachilik tarmoqlari rivojlanib, hududlar obod va fayzli boʻlib bormoqda.

    Sirasini aytganda, dehqonchilik madaniyatini oshirish, har bir qarich yerdan unumli foydalanish yoʻlida amalga oshirilayotgan tashabbuslar aholi forovonligi va dasturxonlar toʻkinligiga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatli.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri