Bugun bozorlarimizga yetkazib berilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda nafaqat dehqon va fermerlar, balki aholining ham bevosita hissasi ortib boryapti. So'nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada o'z tomorqasida ekin-tekin ekib, undan foyda olish ko'pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Jumladan, ayni kez 5,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari o'z ixtiyoridagi 502,8 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik qilmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizidan ortig'i aholi xonadonlari hissasiga to'g'ri kelyapti.
Tomorqada dehqonchilikni boshlagan inson tajriba kamligi sabab birdaniga yuqori hosil va daromad olishi qiyin. Ammo hududlarda tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi bu borada aholiga katta ko'mak bermoqda. Tomorqachilikdan xabari bo'lmagan kishi ham unga ko'rsatilayotgan yordamlar tufayli yaxshigina daromad olishga erishyapti.
2018-yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalariga yil sayin talab ortib borayotgani ham shu vajdan. 2020-yil 30-iyunda qabul qilingan “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bilan respublikamiz bo'ylab 651 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yo'lga qo'yildi.
Bunday korxonalar ish boshlagan ilk kunidanoq aholiga ko'makchi bo'lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekish, olingan hosilni xaridorga yetkazguniga qadar ularga ko'makdosh bo'lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug'lik va ko'chat yetkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, quy, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo'lga qo'yildi.
Aniq ma'lumotlarga to'xtaladigan bo'lsak, joriy yilning o'tgan davrida “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan 42,1 ming aholi xonadonning yerlari shudgorlandi, 53,5 ming xonadonga zarur urug'lik, 90,3 ming xonadonga ko'chatlar hamda 36,2 ming xonadonga piyoz va sarimsoqpiyoz urug'lari yetkazib berildi hamda ekishiga ko'maklashildi. Shuningdek, 32,5 ming xonadonga ixcham issiqxona qurib berilib, 1 161 ta xonadonga asalari uyalari, 1 297 ta xonadonga quyon, 4 330 ta xonadonga kurka, 9 300 ming xonadonga parranda, 519 ta xonadonga echki, 998 ta xonadonga qoramol hamda 2 700 xonadonga qo'y yetkazib berildi.
O'z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda. O'tgan davr mobaynida Kengash huzuridagi Jamg'arma mablag'lari, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari hisobidan ularning moddiy-texnik bazasi mustaxkamlandi.
Xususan, joriy yilning o'tgan 9 oyi davomida “Tomorqa xizmati” korxonalarida 38,5 ming tonna sig'imli 132 ta meva-sabzavotlarni sovutish omborlari, 62,9 ming tonna sig'imli 195 ta meva sabzavotni saqlash omborlari hamda 161,4 ming tonna yillik quvvatga ega bo'lgan 154 ta mevani saralash, quritish, qayta ishlash liniyalari tashkil qilindi. Mazkur yo'nalishlar uchun Kengash huzuridagi Jamg'armadan 96,6 milliard so'm imtiyozli kredit mablag'lari ajratildi.
Shu bilan birga, Jamg'armadan 265 nafar fuqarolarga 8 milliard 231 million so'm kredit mablag'lari ajratilishi hisobiga, respublikaning 162 ta tumanidagi mahallalarning aholi gavjum joylarida 1 475 ta kichik sig'imli muzlatkichga ega bo'lgan engil konstruksiyali “dala do'konlari” tashkil etilib, ularning soni 2 685 taga etkazildi. Mazkur do'konlar aholi tomorqalarida etishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini odamlarga qulay joylarda, arzon narhlarda sotishni tashkil qilishga xizmat qilmoqda.
Tadbirkorlarga berilayotgan moddiy yordamlar ularning bu yo'nalishda samarali ish boshlashiga turtki bermoqda. Birgina misol, Andijon tumanining Istiqlol va T.Mirzayev massivlaridagi foydalanishdan chiqqan 275 gektar adir xududlaridagi yer maydonlarni qayta foydalanishga tushurish maqsadida “Andijon tumani Istiqlol tomorqa xizmati” MCHJ tashkil etildi. Korxonaga ko'mak sifatida Jamg'arma tomonidan 2 milliard so'mdan ziyod mablag' ajratildi. Jamiyat rahbari Rustamjon Yo'ldoshev boshchiligida bugungi kunda ushbu maydonlarning 150 gektar qismiga mevali ko'chatlar ekilib, jami 3500 kub sig'imga ega 2 ta xovuz, tomorqa yer egalari va dehqon xo'jaliklarini malakasini oshirish uchun o'quv binosi hamda 105 gektar maydonda to'liq tomchilatib sug'orish texnologiyasini o'rnatish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu maydonlarda barpo etilayotgan bog'zorlar keyinchalik tayyor bog' holatiga keltirilib, aholining kam ta'minlangan qatlami va ishsiz fuqarolarga qulay lizing shartlari asosida taqsimlab berilishi ko'zda tutilgan.
Yangi tizim — zamonaviy yondashuv
Xalqimiz yildan-yilga tomorqa qo'shimcha daromad manbai ekanligini anglab etmoqda. Yiliga 2-3 marta hosil olishni ko'zlab ish yuritayotgan mirishkor dehqonlarimiz kichik yerdan ham mo'l daromad olyapti. Bu boradagi bilimlari ham ortib boryapti. Tajribadan ma'lumki, qishloq xo'jalik mahsulotlarini oddiy omborlarda saqlagandan ko'ra, sun'iy sovutiladigan omborxonalarda saqlash orqali mahsulot vaznini maksimal darajada saqlab qolish imkoniyati oshadi. Shunday omillarni hisobga olgan holda yetishtirilgan mahsulotni yil davomida halqimiz dasturxoniga yetkazib berish uchun yetarli sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shu jihatdan, tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do'konlarga yetkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradigan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yishni davrning o'zi talab qilmoqda. Yuqoridagi Prezident qarori asosida meva-sabzavot ko'p yetishtiriladigan 32 ta tumanda 12 ta yo'nalish bo'yicha tomorqa xizmati klasterlari faoliyati yo'lga qo'yilgani boisi ham shundan. Jumladan, 25 gektar issiqxona, 13 071 tonna yuk saqlash omborxonasi, 23 ta 10 078 tonna saralash va qadoqlash quvvatiga ega bo'lgan uskunalar, 15 770 tonna sovutgichli omborxona, 44 ta urug', ko'chat va mineral o'g'it do'koni, 27 ta ixcham issiqxonalar qurish sexi, 18 ta 23 099 tonna sutni qabul qilish va qayta ishlash punkti, 8 ta chorvachilik kompleksi kabilar tashkil etildi. Mazkur yo'nalishlar uchun Kengash xuzuridagi Jamg'armadan 91,4 milliard so'm mablag' ajratilib, buning natijasida 430 ta doimiy hamda 1 616 ta mavsumiy ish o'rni yaratildi.
O'tgan yildan boshlab mamlakatimizda o'zida 12 ta faoliyat yo'nalishini mujassamlashtirgan “Tomorqa xizmati” klasterlari faoliyatini yo'lga qo'yish tajribasi amaliyotga joriy etildi. “Klaster” atamasi so'zma-so'z tarjima qilinganda “birgalikda o'sish”, degan ma'noni anglatadi. Mazkur tizimga “yagona zanjirda aylanadigan taraqqiyot” ta'rifi ham beriladi. O'tgan asrda paydo bo'lgan klaster usulida ishlarni tashkil etish vaqt o'tishi bilan korxonalar o'rtasida raqobat muhitini yaratib, aholining turmush darajasi o'sishiga xizmat qila boshladi.
Yurtimizda klasterlar faoliyatining yo'lga qo'yilishi fuqarolarga qator qulayliklar yaratmoqda. Korxona-klasterlar har biri 12-15 ming aholi xonadonlari bilan shartnoma tuzgan holda, dehqon xo'jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtirilgan mahsulotlarning o'z iste'molidan ortgan qismini sotishga ko'maklashish, saqlash, qayta ishlab, ichki bozorlarda sotish hamda eksportga chiqarish bo'yicha fuqarolarga yaqindan ko'mak bermoqda. Bunday korxonalar aholi davromadlarini oshirish bilan birga, odamlarni ish bilan ta'minlashga hissa qo'shmoqda. Xususan, har bir klasterda o'rta hisobda 40-45 ta doimiy, 350-400 ta mavsumiy ish o'rinlari yaratiladi.
Navoiy viloyatida tashkil etilgan “Nurota tomorqa xizmati” MCHJ ayni kez hududda shu yo'nalishdagi eng ilg'or korxonalardan biriga aylangan. Bu yerda 2018—2020-yillarda aholi bilan 3 mingdan ortiq shartnoma tuzilib, ixcham issiqxonalar qurish, tik quduqlarini qazib berish, ko'chat, urug'liklarni yetkazib berish, tomorqalarni ekin ekishga tayyorlash kabi xizmatlarni ko'rsatib kelmoqda. Korxona tarkibida klaster tashkil etilgach, faoliyati yanada kengaydi. Aholiga ko'rsatiladigan xizmat turlari 12 ta yo'nalishga etdi. Sutni qabul qilish punkti, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saralash va qadoqlash sexi kabi yirik loyihalar ishga tushirilib, buning uchun Jamg'arma tomonidan kredit mablag'lari ajratildi. Hozirda “Tomorqa xizmat” MCHJ hisobida 10 ta bino, 4 ta er osti tik qudug'ini burg'ulash agregati, 6 ta kimyoviy vositalar sepish uskunasi, 1 ta minitraktor, 4 ta motokultivatordan iborat texnika parki mavjud. Muhimi, klaster hududda yangi ish o'rinlari yaratib, aholiga tomorqa ishlarida yaqindan ko'mak berib kelmoqda.
Qo'rg'ontepa tumanida tashkil etilgan “Dardoq tomorqa xizmati” MCHJ ham o'z faoliyatini klaster tarzida davom ettiryapti. Korxona 25 nafar kishini doimiy ish bilan ta'minlab, 5 mingta tomorqa yer egalariga o'z xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda. Klaster o'tgan yili 150 ming AQSH dollari, joriy yil shu davriga qadar 250 ming dollarlik qishloq xo'jaligi mahsulotlarini xorij davlatlariga eksport qildi.
Bugun ish faoliyatini olib borayotgan ko'pgina “Tomorqa xizmati” MCHJlar mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aholi tomorqalarida yetishtirilgan hamda klasterlar tomonidan qayta ishlangan qishloq xo'jaligi maxsulotlarini ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga erishyapti. Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 80 ga yaqin “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 54 million dollarlik 51,7 ming tonna mahsulot Qog'ozig'ton, Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Saudiya Arabistoni, eron, Pokiston, Malayziya va bir qator Yevropa malakatlariga eksportga yo'naltirildi. Bu borada Samarqand viloyatidagi “Chelak tomorqa xizmati” MCHJ, Qashqadaryo viloyatidagi “Ko'hna voha tomorqa xizmati” MCHJ, Navoiy viloyatidagi “Xatirchi tomorqa export” MCHJ korxonalari ayniqsa, yetakchilik qilmoqda.
Elmurod MAMARAHIMOV,
O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi