Dastlabki eshituv institutining joriy qilinishi nima beradi?

    Fikr 26 Yanvar 2021 1813

    Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi joylarda muhokama qilinib, mazmun-mohiyatini oʻrganish davom etmoqda.

    Shu bois, mahallalarda oʻtkazilayotgan sayyor uchrashuv va qabullar vaqtida Murojaatnomada taʼkidlangan sud-huquq sohada amalga oshirilishi lozim boʻlgan oʻzgarishlar haqida fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar beryapmiz. Ularning savollariga atroflicha javob qaytaryapmiz.

    Odamlar berayotgan savollarni jamlab, umumlashtirganimizda ularning aksariyati Murojaatnomada dastlabki eshituv institutining joriy qilinishi haqida soʻz borgani yuzasidan boʻlyapti.

    Ochigʻini tan olish kerak, dastlabki eshituv institutining joriy etilishi inson manfaatlarini, haq-huquqlarining himoyasini misli koʻrilmagan darajada mustahkamlashi turgan gap. Negaki, ayni paytda bu bosqichda taraflar ishtiroki cheklangani sababli mazkur jarayonda hal etilishi lozim boʻlgan muhim masalalarni, aytaylik, ishni tugatish yoki toʻxtatishni sudyaning oʻzi yakka holda hal etishga majbur.

    Bu esa sudyaning cheklangan maʼlumot bilan kifoyalanishiga, oqibatda esa bunday masalalar hal etilmasdan qolayotgandi Shuning uchun asosiy bosqich – umumiy sud majlisiga barcha ishtirokchilar chaqirilib, fuqarolarning sarson boʻlishiga olib kelayotgandi.

    Dastlabki eshituv institutining joriy etilishi sudga kelib tushgan jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida taraflarning dastlabki eshituvlarda ishtirok eta olishini taʼminlaydi. Natijada sudlarda ishlarni koʻrishda inson huquqlari va kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning bahslasha olish tamoyilini amalda roʻyobga chiqarishga, jinoyat ishini umumiy asoslarda koʻrishga monelik qilayotgan sabablarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkoniyatini beruvchi qarorlar qabul qilish jarayonida taraflarning tortishuvi prinsipiga soʻzsiz rioya qilinishiga, sud muhokamasi davomida maqbul dalillardan foydalanish uchun imkon yaratishga xizmat qiladi.

    Ayni jihat sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yana-da ishonchli himoya qilinishi barobarida odamlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga boʻlgan ishonchini oshirib borishi shubhasiz.

    Dilshod KAMILOV,

    Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudining raisi