Davlat tili — millat timsoli

    Fikr 27 Oktabr 2021 3507

    Har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada, avvalo, oʻz madaniyati, azaliy qadriyatlari, shuningdek, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratishi tabiiy.

    Rivojlangan davlatlarning xalqi oʻz tillariga chuqur hurmatda boʻlgani bois, hech bir istisnosiz dunyo hamjamiyatida nufuzini mustahkamlab oldi. Bu xalqning Vataniga boʻlgan sadoqati, millatning dil birdamligi nishonasidir. Shu yurtda tugʻilib yashayotgan inson millatidan qatʼiy nazar qalbida iymonu eʼtiqod, sadoqat tuygʻusi mustahkam boʻlsa, oʻsha xalqning maʼnaviy qadriyatlariga, madaniy merosiga hurmat bilan munosabatda boʻladi.

    Goʻzal va jozibador ona tilimizning bebaho qadriyat ekanligini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish katta avlod uchun ham farz, ham qarzdir. Milliy tilimizning mavqeyi va sofligini saqlash, eʼzozlash, oʻzbek tilining davlat tili sifatida, eng avvalo, mamlakatimizda, qolaversa, dunyo miqyosida nufuzi, obroʻyini oshirish xalq vakillarining xolis niyatiga bogʻliq. Bugungi haqiqatga bir nazar tashlang. Endigina savodi chiqqan bolalarimiz koʻchada yurganda turli savdo doʻkonlari, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari peshlavhalari, reklamalarini oʻqib-oʻqiyolmay, maʼnosiga tushunolmay oʻzimizni bir necha marta savolga tutgani aniq.

    Mamlakatimizda nom berish (neyming) faoliyati bilan ayrim xususiy marketing va reklama agentliklari xorijiy tilda yoki davlat tili qoida- meʼyorlariga, milliy qadriyatlarga zid boʻlgan nom va logotip yaratish bilan shugʻullanib kelyapti. Natijada savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga maʼnosiga eʼtibor qaratmasdan xorijiy tillarda nom berish urfga kirib bormoqda.

    Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 20-moddasida “Lavhalar, eʼlonlar, narxnomalar va boshqa koʻrgazmali hamda ogʻzaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va eʼlon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”; 22-moddasida “Respublikaning maʼmuriy-hududiy birliklari, maydonlari, koʻchalar va geografik obyektlarning nomlari davlat tilida aks ettiriladi”, — deb qayd etilgan.

    Lekin Qonunga qay darajada amal qilinyapti? Bu savolga yurtimiz shahar va tumanlarida qad rostlab turgan binolar peshlavhalari va reklamalardagi nom hamda yozuvlarni koʻrgan kishi oʻz xulosasi va javobini beradi. Endilikda ikkita alifbodan bitta alifboga oʻtish fursati yetgan boʻlsada, hanuzgacha hokimliklar, ayrim tashkilotlar rahbarlarida ikkilanish, ijro intizomiga befarqlik mavjud. Ana shu befarqlik jiddiy xatolarni kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

    Shu oʻrinda oʻtgan asrning buyuk tilshunosi va adibi Abdurauf Fitratning “Tilimiz” nomli maqolasida oʻzbek ziyolilarining fors va arab soʻzlarini ishlatishga oʻchligidan nolib, yozgan quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildim: “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha (oʻzbekcha)!.. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin oʻzini arab, fors tillaridan qutqara olurmi, yoʻqmi? Soʻzni bu yerga yetirgach, barmogʻimni yaraning oʻzagiga bosmish boʻldim.” [Fitrat A.1996: 237-240].

    Darhaqiqat, mamlakatimizdagi jadal iqtisodiy islohotlar tufayli marketing, menejment, menejer, bloger, broker, innovatsiya, versal, kasting singari koʻplab xorijiy soʻzlar oʻzbek adabiy tilining lugʻatidan; pitsa, hotdog, lavash, shaurma, millinium, dostavka, mы otkrыlis kabi soʻlzar xalqimiz nutqidan joy olib ulgurdi. Ona tilimiz jonkuyari A.Fitratning kuyunchaklik bilan aytgan yuqoridagi fikrlari asrlar oʻtib, tilimizning bugungi haqiqatiga ham mos keladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, “Tilimizning lugʻat xazinasini boyitish va tozaligini taʼminlash, leksik meʼyorlarning muntazamligiga erishishda eng maʼqul yoʻl oʻzbek tilining oʻz ichki imkoniyatlariga tayanishdir. Oʻzbek tilining oʻz qonuniyatlari asosida yangi soʻzlar yasash, u yoki bu sababga koʻra isteʼmoldan chiqqan qadimgi va eski turkiy soʻzlarni tiklash, tilimizning teran tomirlari boʻlmish shevalardan soʻz olish maqsadga muvofiq. Masalan, “raport” soʻzining oʻzbekcha muqobili sifatida “bildirgi” soʻzi yasaldi va adabiy tildan joy oldi. Yoki “rayon” soʻzi avval “nohiya” soʻzi bilan almashtirildi, ammo leksik meʼyor maqomini olmadi. Keyinroq eski oʻzbek tilidagi “tuman” soʻzi isteʼmolga kiritildi, u faol lugʻatimizda oʻz oʻrnini topdi”. [Mahmudov N.,2007:52].

    Taniqli rus tarixchisi A.P.Grigorev tadqiqotlarida XIII-XIV asrlarda Oltin Oʻrdada soʻzlashuv va yozuv tili sifatida qipchoq lahjasi qoʻllanilgan boʻlsada, rasmiy yozishmalar va adabiy matnlar Chigʻatoy lahjasi, yaʼni eski oʻzbek tilida yuritilganligini qayd etadi. Koʻrinadiki, qadimdan oʻzbek tilida buyuk allomalarimiz nafaqat zavqu shavq bilan ijod qilgan, balki rasmiy til sifatida ham millat tilining nufuzini saqlab qolishga harakat qilganlar. Oʻz vataniga, millatiga boʻlgan sadoqatini ona tili orqali koʻrsatishga intilganlar. Nima uchun? Chuqur mushohada qilsak, oʻz tili va yozuvi mustaqilligi, mustahkamligiga ega boʻlgan davlat dunyo xalqlari nigohida turgan.

    Aytish joizki, oʻzbek tili dunyodagi rivojlangan tillardan biri sifatida nihoyatda boy leksik xazinaga ega. Shu bois, soʻz qoʻllash, nom tanlash masalalarida oʻzbek tilining izohli lugʻatlar majmuasiga tayanib, konseptual yondashish maqsadga muvofiq. Til va yozuvning sivilizatsiyasida millat ruhi, Vatan tuygʻusini his etgan, avlodlar kelajagini oʻylagan har bir inson jonbozlik koʻrsatadi, avvalo, oʻz xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi. Endilikda ikkita alifbodan bitta alifboga oʻtish fursati yetgan boʻlsada, hanuzgacha hokimliklar, ayrim tashkilotlar rahbarlarida ikkilanish, ijro intizomiga befarqlik mavjud. Ana shu befarqlik jiddiy xatolarni kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi ( 2020-yil 20-oktyabr) PF-6084-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (2021-yil 16-mart) 144-sonli Qarori qabul qilindi. Bu oʻz vaqtida va oqilona qabul qilingan qaror boʻlib, oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini mustahkamlash yoʻlida yana bir muhim qadam boʻladi. Ushbu qarorda Oʻzbekistonda savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berish (neyming) xizmatini tizimli yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

    Davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qoʻyish tavsiya etiladigan nomlarni, tashqi yozuv, peshlavha, reklama va eʼlonlar matnini lingvistik ekspertizadan oʻtkazish nazoratini kuchaytirish va ekspertizadan oʻtgan matnlar, nomlarni havola etishga ruxsat berish lozim.

    Buning uchun hokimliklar, davlat xizmatlari agentligi va tasviriy oyina Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 144-sonli Qarori talabini kuchaytirishi va amal qilishi maqsadga muvofiq. Xususan;

    -hududdagi barcha peshlavha, reklama va eʼlonlarning yozuvi;

    -tadbirkorlik obyektlarining nomlari;

    -tashkilotlarning nomlarini ekspertiza xulosasiga asosan tayyorlash ishlarini qatʼiy yoʻlga qoʻyish;

    -tekshirish, tavsiya etish, xulosa berish ishlarini yagona hududiy markazga topshirish lozim. Qarorda qayd etilganidek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish” Markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda barcha viloyatlardagi hududiy boʻlinmalarning xulosasi va tavsiyasi boʻlmagan taqdirda nomlash, reklama, peshlavha yozuvlariga ruxsat bermaslik lozim. Aks holda, qonunchilik qoidalariga koʻra jarima belgilash maqsadga muvofiq. Ana shunda Qaror ijrosi taʼminlanadi, joylarda bir xil oʻlchamdagi, sifatli va toʻgʻri yozuvdan iborat tashkilot nomlari, reklamalar, panolar yurtimizga koʻrk bagʻishlab turadi.

    Ushbu masala xususida xorijiy davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, davlat tilining qadri inson omili bilan bogʻliq ekanligiga guvoh boʻlamiz. Rossiya Federatsiyasining “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasida nafaqat davlat tashkilotlari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, tashkilotni nomlashi ham rus tilida boʻlishi belgilangan. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab boʻlishi alohida qayd etilgan. Yevropaning koʻp tillik mamlakatlaridan biri Fransiya davlatining konstitutsiyasida faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Rasmiy ish yuritish faqat fransuz tilida. Fransiyaning Tubon qonunida reklama matnlari, joy nomlari, peshlavhalar, jamoat transportidagi yozuvlar, yoʻl koʻrsatkichlari va boshqa turli mulklarga yozilgan yozuvlar fransuz tilida boʻlishi talab qilinadi. Tubon qonunini buzish shaxsidan qatʼiy nazar katta miqdorda jarimaga tortilishiga sabab boʻladi. Bu kabi misollarni rivojlangan mustaqil davlatlar misolida koʻplab keltirish mumkin.

    Demak, til millatning maʼnaviy-ruhiy boyligi, mulki, timsoli ekan, uni eʼzozlash, yuksalishi, sofligi, boyligi yoʻlida kurashish, milliy qadriyat darajasiga koʻtarish barchamizning oliy burchimizdir. Shunday ekan, til oriyati uchun kurashaylik! Uni poymol boʻlishiga aslo yoʻl qoʻymaylik. Oʻzbek yozuvining qadrini koʻtaraylik!

    Dilbar Xalilova,

    filologiya fanlari nomzodi, dotsent,

    Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi

    Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi

    Qashqadaryo hududiy boʻlinmasi rahbari.