Davlat xizmatlari markazlarida “Prava” almashtirishdan kelib tushgan toʻlovlardan Adliya foyda koʻradimi?

    Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi bu savolga oydinlik kiritdi.

    Haydovchilik guvohnomasini almashtirish boʻyicha davlat xizmati 2018-yilning iyun oyidan buyon Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilmoqda. Ushbu xizmat Prezident maslahatchisi tomonidan tasdiqlangan vaqtinchalik reglament asosida koʻrsatilmoqda.

    Taʼkidlash joiz, ushbu xizmatlar uchun undirilgan toʻlovlar Adliya vazirligi jamgʻarmasiga yoʻnaltirilmaydi.

    Xoʻsh, nima uchun bu xizmat DXMlar orqali tekinga koʻrsatilmoqda?

    2018-yilning 4-aprelida Prezident huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda ichki ishlar organlari tomonidan prava almashtirish xizmati sust ravishda koʻrsatilayotganligi tanqid qilinib, ushbu jarayonga yordam sifatida DXMlarni qoʻshish masalasi taklif qilingan.

    Jumladan, amaliyot tahlili shuni koʻrsatganki, 2018-yilda respublikadagi mavjud jami 49 ta avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmalarida eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari almashtirilgan.

    Mazkur boʻlinmalarda yangi shakldagi plastik haydovchilik guvohnomalarini tayyorlash uchun jami 100 ta maxsus apparat oʻrnatilgan edi.

    Ichki ishlar vazirligining maʼlumotiga koʻra, birgina 2007 – 2017-yillar davomida tegishli guvohnomalarni qoʻlga kiritgan haydovchilar soni qariyb 3,5 million nafarni tashkil etmoqda (sobiq sovet tuzumi davri hamda mustaqillik yillaridan boshlab 2007-yilga qadar taqdim etilgan eski shakldagi haydovchilik guvohnomalari soni haqida esa, aniq maʼlumot mavjud emas).

    Taʼkidlash joizki, yuqoridagi 49 ta boʻlinma (har bir viloyatda oʻrtacha 3-4 tadan boʻlinma mavjud) 2019–2021-yillarda oʻrtacha 6 mln. nafar haydovchilarning guvohnomalarini almashtirisha olish quvvatiga ega emas.

    Jumladan, taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda, har bir boʻlinma tomonidan 2019–2021-yillar davomida yiliga 100 ming nafar, kuniga esa, 120-130 nafardan haydovchining haydovchilik guvohnomasini almashtirish talab etilmoqda.

    Vaholanki, mazkur boʻlinmalar aholiga bu turdagi davlat xizmatini koʻrsata olish quvvati 25-30 nafar haydovchigagina toʻgʻri keladi, xolos.

    Tabiiyki, mazkur holatda guvohnomalarni almashtirish boʻlinmalarida fuqarolarning uzoq vaqt navbatda turishlari, ularga noqulayliklar vujudga kelishi, oqibatda korrupsiya va boshqa shu kabi qonunbuzilishi holatlari yuzaga kelishi mumkin.

    Xorijiy tajriba tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Moskva shahrida Aholiga koʻp funksiyali davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi “Mening hujjatlarim” markazlarida 2016-yildan eʼtiboran yuqoridagi davlat xizmati aprobatsiya tarzida 2016-yildan, 2018-yilning 1-fevralidan esa, toʻliq joriy qilingan.

    Ushbu loyihaning aprobatsiyasi doirasida birgina Moskva shahrida 70 mingdan ortiq aholiga bunday xizmatlar koʻrsatilgan.Bu kabi amaliyot shuningdek, qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi hamda MDH ning qator mamlakatlarida allaqachon joriy etib boʻlingan.

    Shunga koʻra, aholi uchun davlat xizmatlari koʻrsatilishida yanada qulayliklar yaratish, bunda korrupsion omillar shakllanishini va byurokratiya holatlarining oldini olish maqsadida haydovchilik guvohnomalarini almashtirishga doir davlat xizmatini Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatish amaliyotini joriy qilish taklif etilgan.