Doim vatan e’tiborida

    Xorijdagi yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga mas’ul tashkilot faoliyatiga bir nazar

    Davlatimiz rahbari 2017-yilning 22-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida bunday degandi: “Yoshlar haqida gap ketganda, men doim bir narsani o‘ylayman. Mana, bugungi kunda qancha-qancha yoshlarimiz chet ellarda ta’lim olmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, ularning orasida o‘z yo‘lini topib, begona yurtda hech kimdan kam bo‘lmay yashayotganlari ham ko‘p. Lekin Vatan sog‘inchi har qanday odamni ham qiynaydi. Shuning uchun ular bilan doimiy aloqa o‘rnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimizga qaytish istagida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishimiz zarur.

    Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlari xalqaro assosiasiyasini tuzish va uning samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli sharoit yaratib berishimiz kerak. Yoshlarimiz xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishlari maqsadga muvofiq. Bu ularning o‘z salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishlari uchun katta imkoniyat yaratadi”.

    Shundan so‘ng 2019-yil 5-avgustda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mamlakatimiz yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yurtimizda faoliyat boshlashiga ko‘maklashish, chet elda mehnat qilayotgan yigit-qizlarni o‘sha davlatning ichki qonun-qoidalari va tartiblari bilan tanishtirish, muammo va intilishlarini tegishli tashkilotlar bilan birgalikda umumlashtirish va tahlil qilish assosiasiya faoliyatining eng asosiy yo‘nalishi etib belgilandi. Shu tariqa o‘tgan vaqtda assosiasiya xorijiy mamlakatlarga ta’lim olish va mehnat qilish uchun chiqib ketgan hamda chiqishni rejalashtirgan o‘zbekistonlik yoshlarning yaqin ko‘makchisi va tayanchiga aylandi.

    Yoshlarning haq-huquqini ta’minlashga qaratilgan loyihalar

    Hozir Germaniya, Yaponiya, Turkiya, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining 15 nafar vakili va 40 dan ortiq koordinatori faoliyat yuritmoqda. Ko‘ngillilar safi kundan-kunga kengayib, ayni paytda besh yuz nafardan oshdi.

    Assosiasiya vakillari xorijda ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan yoshlar hamda o‘zbek diasporalari bilan hamkorlikda ish olib boradi. O‘zbekiston fuqarolarini mehnat qilish va ta’lim olish uchun xorijga ketish jarayoni bilan tanishtirish, chet eldagi muhitga integrasiyalashuviga ko‘maklashish, huquqiy savodxonligini oshirish, yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar (firibgarlik, tovlamachilik va hokazo) dan ogoh etishga qaratilgan bir necha loyihalarni amalga oshiradi.

    O‘tgan yildan boshlab “Xavfsiz migrasiya” loyihasi doirasida yoshlarga to‘g‘ri va qonuniy yo‘l bilan chet elga chiqish o‘rgatib kelinmoqda. Xorijga tahsil olish yoki ishlash istagida ketayotgan yigit-qizlarni o‘qitishga qaratilgan ushbu loyiha doirasida 37 ta tuman va 10 ta shahardagi 3 mingdan ortiq mahalla yoshlari yetakchisi va faol yoshlar tashkilotning “4 modul” dasturiga muvofiq xavfsiz, tartibli va qonuniy migrasiya tartib-taomillari bo‘yicha malaka oshirdi. Shu tariqa har bir viloyatdagi yoshlar yetakchilari, mahalla faollari bilan birgalikda chet elga chiqish istagidagi yigit-qizlarga qonuniy va xavfsiz migrasiya xususidagi ma’lumotlar yetkazilyapti. Bu bilan yoshlarning bilib-bilmay turli noqonuniy konsalting firmalar ko‘magidan foydalanishi, o‘zlari yaxshi tanimaganbilmagan kishilar taklifiga asosan ishga ketishi va noxush vaziyatlarga uchrashi kabi ko‘ngilsizliklarning oldi olinmoqda.

    Loyiha doirasida chet elga qonuniy chiqish, hujjatlarni rasmiylashtirish, chet elga borgandan keyin haq-huquqlarini himoya qilish tartibi o‘rgatildi.

    — Loyiha doirasida o‘tgan yil 3 mingdan ortiq yoshlar yetakchisi bilan ish olib borilgan bo‘lsa, ular orqali 3 millionga yaqin yigit-qiz bilan suhbat o‘tkazildi, — deydi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi raisi Nilufar Qiyomova. — Yigit-qizlar assosiasiya faoliyati va muammo yuzaga kelganda murojaat qilish tartibqoidalaridan xabardor qilindi. Bu sa’y-harakatlar natija berdi. Yaqinda Navoiy viloyati Karmana tumanidan yoshlar yetakchisi qo‘ng‘iroq qilib, Rossiyada mehnat qilayotgan Sevara Yo‘ldosheva shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygani sababli yurtimizga qayta olmayotganini ma’lum qildi. Muayyan sa’y-harakatlardan keyin vatandoshimiz Sankt-Peterburgdagi vakilimiz Temur Yusupov ko‘magida uyiga qaytdi.

    Samarali muloqotlar

    Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda xorijdagi o‘zbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Shu vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida “Sayyor qabul” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.

    Har bir davlatga migrasiyaning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Masalan, Germaniyada, asosan, ta’lim olish uchun ketganlar salmog‘i mehnat migrantlarinikidan ko‘p. Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘istonga yoshlarimiz ham o‘qish, ham ishlash uchun boradi. Qaysi davlatga migrantlar oqimi ko‘p bo‘lsa, o‘sha yo‘nalish bo‘yicha muayyan loyihalar tashkil etilmoqda.

    O‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab “Xavfsiz migrasiya”ning ikkinchi bosqichi sifatida yoshlarni o‘zlari bo‘lib turgan davlatda o‘qitish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda Koreya Respublikasida o‘zbek yoshlari koreys tili bo‘yicha o‘qitilyapti. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda rus tilini o‘rgatish to‘garaklari yo‘lga qo‘yilgan. Turkiyada turk tili va ingliz tilini o‘rgatish markazlari tashkil etilib, o‘sha davlatning qonun-qoidalari, tartiblari o‘rgatilyapti.

    “Musofir” loyihasi

    Xorijdagi o‘zbekistonliklarni birlashtirish, netvorking uchun qulay sharoit yaratib berish hamda chet elda muammoli vaziyatga tushgan vatandoshlarga moddiy ko‘mak berish uchun “Musofir” mobil ilovasi ishga tushirildi. Unda diaspora va etnik o‘zbeklarning manzili, ularning faoliyati yoritilgan alohida bo‘lim mavjud. Bu nima uchun kerak? Deylik, xorijga yo‘l olgan yigit-qiz o‘zi bormoqchi bo‘lgan mamlakatning tartib-qoidalari haqida hech narsa bilmaydi. Bunday paytda “Musofir” mobil ilovasi unga yaqin ko‘makchi bo‘lishi mumkin. Ilovaga o‘sha davlatdagi o‘zbek diasporasi haqidagi barcha ma’lumotlar kiritilgan bo‘ladi. Shu orqali ular bilan bog‘lanish mumkin. Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan yoshlarga maxsus QR-kod beriladi. Bu ularga o‘zbek oshxonasi, kutubxonasidan foydalanish, o‘zbek korxonasida stajirovka o‘tash yoki faoliyat boshlash imtiyozini beradi.

    Bundan tashqari, xorijdagi yoshlar ushbu mobil ilova orqali turli masalalarda assosiasiyaga murojaat qilishi mumkin. Agar moliyaviy masala bo‘lsa, bir martalik yordam puli beriladi. Qiynalib qolgan yoki dori-darmonga muhtoj, vatanga qaytish istagidagi yigit-qizlarga tegishlicha ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu jarayonni nafaqat chet elda yurgan, balki O‘zbekiston hududidagi vatandoshlarimiz ham kuzatib borishi mumkin.

    — O‘tgan yili “Musofir” xayriya loyihasi doirasida xorijda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan, ijtimoiy og‘ir vaziyatga tushib qolgan 8 nafar yoshning Vatanimizga qaytishi uchun moddiy ko‘mak ko‘rsatildi, — deydi Nilufar Qiyomova. — Masalan, o‘tgan yili Xorvatiyaning Varazdin shahrida mehnat qilib, ish beruvchisi tomonidan aldangani sababli og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan vatandoshimizdan tashkilotga murojaat kelib tushdi. Unga zarurhuquqiy va moddiy yordam ko‘rsatildi hamda yurtimizga qaytarildi.

    “Iste’dodli vatandosh”

    Bugun dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, nufuzli xalqaro tashkilot va kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan, fan, tibbiyot, san’at va biznesda katta yutuqlarga erishayotgan yoshlarimiz ko‘p. “Iste’dodli vatandosh” ana shunday yoshlarni moddiy qo‘llabquvvatlash, faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan stipendiya loyihasidir. O‘tgan yili pilot tarzida ishga tushirilgan bu loyiha orqali 35 nafar yigit-qiz stipendiya bilan ta’minlandi.

    — Bu loyiha yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi, — deydi Nilufar Qiyomova. — Shu orqali juda ko‘p iqtidorli yigit-qizlarimizni topdik. Vaholanki, ilgari ularning o‘qishi va faoliyatidan bexabar edik. Loyihamizning asosiy mezonlaridan biri jamoatchilik faoliyatidir. Bu borada ko‘ngilli yoshlarning ko‘pligi bizni quvontirdi. 2023-yilda bu loyihani yanada kengroq tashkil etmoqchimiz. O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi 20 ta elchixonasi bilan hamkorlikda 100 nafar yigit-qizga stipendiya berish ko‘zda tutilmoqda. Maqsadimiz “Iste’dodli vatandosh”ni yoshlarning eng sevimli loyihasiga aylantirishdir. Yoshlarimiz qayerda bo‘lmasin, Vatanning doim qo‘llab-quvvatlovini his etishi lozim. Ularni ruhlantirish, rag‘batlantirish — asosiy vazifamiz.

    Assosiasiya vakillari qanday tanlanadi?

    Magistrlar yoki ilmiy izlanish qilayotgan fan doktorlari, professorlar, talabalardan tashkil topgan vakil va koordinatorlarning hammasi jamoatchilik asosida ishlaydi. Misol uchun, Germaniyadagi vakil Kamoliddin Bediyev ham o‘qituvchi, ham O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining shu mamlakatdagi vakili.

    Ilm-fan sohasida o‘tkaziladigan yirik tadbirlarda uning alohida hissasi bor. Yaqinda Berlin shahrida O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun Germaniyadagi vatandoshlarimiz, soha vakillari va mutaxassislar ishtirokida “O‘zbekistonda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish: xalqaro tajriba va milliy yashil iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda “yashil” iqtisodiyotning mohiyati, roli, afzalliklari, tabiiy resurslardan samarali foydalanishda Germaniya va Yevropa davlatlarida erishilgan natijalar, ekologik barqarorlik va inson hayoti farovonligini ta’minlash, shuningdek, rivojlanishda “yashil” iqtisodiyotdan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar muhokama qilindi. Anjumanda yoshlarimiz faol ishtirok etdi.

    Assosiasiyaning Turkiyadagi vakili Ergash Jumayev fan doktori, Janubiy Koreyadagi vakili Yelena Cho‘yanova esa doktoranturada tahsil olmoqda. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ular xorijdagi yurtdoshlarimizga har jihatdan e’tibor va ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Shu mamlakatlardagi o‘zbek yoshlarining muammosi ba’zida assosiasiyaga yetib kelmasidan o‘sha yerning o‘zida hal etilayotgani vakillarning Vatanimizga muhabbati, vatandoshlariga ko‘mak berish kabi go‘zal insoniy fazilatlaridan darak beradi.

    O‘zbekistonda turib boshqa m amlakatdagi vaziyatni o‘rganish qiyin. O‘sha jarayonning ichida yurgan odamgina asl holat qanday ekanini tushuntirib berishi mumkin. Agar muammo ko‘lami mutasaddi vakolati doirasidan kengroq bo‘lsa, yig‘ilgan hujjatlar, asoslarni jamlagan holda yuqori turuvchi vazirlik va idoralarga murojaatnoma yuboriladi. Shuni mamnuniyat bilan aytish mumkinki, har bir murojaat ijobiy yechim topgan.

    O‘zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining qo‘ng‘iroq markaziga 2022 yilda 2868 ta murojaat qabul qilingan. Aksariyati xorijdan O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirish, qonunchilik bilan bog‘liq muammolar, firibgarlik va konsalting firmalari aldagan yoshlar tomonidan kelib tushgan. Bu muammolar assosiasiyaning yaqin hamkorlari — Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi kabi bir necha tashkilotlar ko‘magida hal etib kelinmoqda.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri